
Abu Hurayra roziyalloh anhu rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Banda har kuni ertalab uyg‘onganida, ikki farishta (osmondan) tushib, ulardan biri: “Allohim, xayr-ehson qiluvchi bandangning mol-dunyosini yanada ziyoda qilgin!” – deb duo qiladi. Ikkinchisi esa, “Allohim, xasis bandangning mol-dunyosiga qiron keltirgin!” deb duo qiladi”, – deganlar” (Buxoriy rivoyati).
Bu hadis inson o‘zining halol yo‘l bilan topgan boyligidan Alloh taoloning roziligi uchun muhtoj kishilarga ehson qilishi lozimligini ta’kidlaydi. Infoq qilish Qur’oni karimda mo‘minlarning muhim fazilatlaridan biri sifatida tilga olinadi:
Alloh taolo marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Na savdo-sotiq, na oshna-og‘aynichilik va na shafoat (qilib o‘rtaga tushish) bo‘lmaydigan kun (qiyomat) kelishidan oldin sizlarga rizq qilib bergan narsalarimizdan (shu dunyoda) ehson qilingiz! Kofirlar esa, ular zolimlardir” (Baqara surasi, 254-oyat mazmuni).
Yana Qur’oni karimda bu solih amal har biri yuz donali yetti boshoqli donga o‘xshatiladi. “Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar(savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimli zotdir” (Baqara surasi, 261-oyat mazmuni).
Hadisda infoq qilgan kishi foyda topishi, xasislik qilgan kishi esa zararga uchrashi ta’kidlanadi. Shuningdek, xasis inson Alloh bergan ne’matlardan muhtojlarga ulush ajratmagani sababli tanqid qilinadi. Shuningdek, hadisda ikkinchi bir farishtaning “Yo Parvardigor, mumsik (xasis) bandangning mol-dunyosiga qiron keltirgin!” degan duosi bilan, boyligi ustida dir-dir titrab, Alloh taoloning unga bergan ne’matlaridan muhtoj kishilargalarga bermagani uchun uni qo‘lini bo‘yniga bog‘lab xasislik kishini ogohlantiriladi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam saxiylik va xasislikni yana bir misol bilan tushuntirganlar. U zot saxiy va baxil insonni temir zirh kiygan ikki kishiga o‘xshatganlar. Saxiy inson sadaqa bergan sari uning zirhi kengayib, unga yengillik beradi. Ammo baxil kishi sadaqa bermoqchi bo‘lganda zirhi tobora tortilib, uni qiynaydi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deydi: “Baxil va sadaqa qiluvchi bo‘g‘zidan ko‘kragigacha temir jubba kiyib olgan ikki kishiga o‘xshaydi. Saxovatli kishi sadaqa berish bilanoq jubbasi kengayib, hatto yuz-qo‘lidagi temir izlari yo‘qoladi. Ammo, baxil odam sadaqa qilmoqchi bo‘lishi bilanoq jubbasining har bir xalqasi badanini tobora siqa boshlaydi, baxil har qancha chiranmasin, jubba kengaymaydi” (Buxoriy rivoyati).
Ehson qilish faqat boy odamlargagina xos amal emas. Zakot, sadaqa, oila uchun sarf-xarajat yoki boshqalarga qilingan har qanday yaxshilik Alloh taoloning roziligi uchun bo‘lsa, savobga sabab bo‘ladi.
Ehson qilish faqat muhtojlarga moddiy yordam berish emas, balki har qanday yaxshi ishni, Alloh roziligi uchun qilish ham eng katta savob manbai hisoblanadi. Misol uchun, oila a’zolariga e’tibor va mehr-muhabbat ko‘rsatish, uyda har bir a’zoga yaxshilik qilish, yoki atrofdagilarga qo‘ldan keladigan yordamni berish ham ehson hisoblanadi. Shu bilan mo‘min kishi o‘z hayotida ham ma’naviy quvonch, ham ruhiy tinchlik va rozilik his qiladi.
Ehson qilishning ushbu ma’nosi shundan iboratki, har bir inson imkoniyati darajasida ham yaxshi ish qilsa, bu amal uning hayotida ham ibodatga aylanadi, ham muhtojlar uchun foydali bo‘ladi, ham Allohning roziligiga sabab bo‘ladi. Shu tariqa, ehson qilish — faqat mol-mulk bilan bog‘liq emas, balki hayotdagi har bir ezgu harakatni ham qamrab oladi.
U ehson qilish bo‘ladimi, farz bo‘lgan zakot bo‘ladimi, nafila sadaqasi bo‘ladimi yoki oila tirikchiligi uchun qilingan bo‘lsin — Alloh taoloning roziligi uchun qilingan har qanday ehson va ezgu ishning savobi bo‘ladi. Mo‘min kishi imkoniyati darajasida infoq qilsa, bu ishi bilan u ham ibodat qiladi, ham muxtojlarni xursand qiladi va ma’naviy rohat hamda savobga erishadi. Bunday savob va rohatga erishish uchun juda boy-badavlat bo‘lishi shart emas. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam har bir musulmonga sadaqa berish zarurligini ta’kidlab, kuchi yetmaganlar ham mehnat qilib o‘zlari va boshqalar uchun foydali bo‘lishlari, muxtojlarga yordam berishlari, yaxshilikka buyurilishlari va yomonlikdan saqlanishlari kerakligini aytdilar. Ular bu ishlarning hech birini amalga oshirolmagan taqdirda ham, bir shirin so‘z aytishning o‘zi sadaqa ekanligini ta’kidladilar. Shu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deydilar: “Shirin so‘z – sadaqadir!” (Buxoriy rivoyati).
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Olim Jo‘rayev