
وَهَٰذَا كِتَابٌ أَنزَلْنَاهُ مُبَارَكٌ
Biz tushirgan bu kitob muborakdir. An’om, 92.
Oyatning to‘liq matni quyidagicha: “Bu, Biz tushirgan kitob, muborakdir, o‘zidan oldingini tasdiqlovchidir. Ummul Quro (shaharlar onasi) va uning atrofini ogohlantirishing uchundir. Oxiratga iymon keltirganlar unga iymon keltirarlar. Va ular namozlarini muhofaza qilarlar”.
Qur’onning muborak deb nomlanish bir qancha oyatlarda keladi:
“Biz tushirgan bu Kitob muborakdir. Bas, unga ergashinglar. Va taqvo qilinglar. Shoyadki, rahm qilinsangizlar” (An’om, 155).
“Bu Biz nozil qilgan muborak eslatmadir. Sizlar uni inkor qilguvchi bo‘lasizlarmi?!” (Anbiyo, 50)
“Biz sizga nozil qilgan Kitob muborakdir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslashlari uchundir” (Sod, 29).
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan qilingan rivoyatga ko‘ra, Qur’onga iymon keltirganlar uchun unda rahmat va mag‘firat bor.
Abulays Samarqandiy ilk mufassir olimlardan bo‘lgan Zahhokdan Qur’onning muborak ismi haqida naql etishicha, ushbu Kitob qay bir kasalga tilovat qilinmasin, u tuzalib ketadi, biron-bir uyda o‘qilmasin, shayton undan chiqib ketadi.
Imom Zamaxshariy va Nasafiy kabi olimlarga ko‘ra, muborak – nafi va foydasi ko‘pligini, yaxshiligi mo‘l-ko‘lligini bildiradi.
Imom Tabariy muborak – baraka so‘zidan olinganiga urg‘u beradi. Imom Moturidiyga deydiki, Alloh taolo Qur’onni muborak deb nomlashi u bilan barcha barakalarga yetilishi sababidandir. Baraka – ikki narsaga ism bo‘ladi. Birinchisi – u har bir xayr va yaxshilikka ismdir. Ikkinchisi – u samara berib, o‘suvchi har bir hodisaga ism bo‘ladi. Kim unga ergashsa, barcha xayr va yaxshiliklarga hamda barcha samarali va o‘suvchi narsalarga yetishadi.
Abu Bakr Kaysoniy deydiki, baraka shunday narsaki, uni mahkam tutgan kishini yaxshilikning hamma turiga yetkazadi va yomonlikning hamma turidan saqlaydi, ana o‘sha muboraklikdir.
Hasan Basriy deydiki, Qur’on uni tutgan, ergashgan va amal qilgan kishiga barakadir, u o‘sha kishiga muborak bo‘ladi. Bu Qur’onning muborak deb nomlanishiga sabab shuki, u unga ergashgan va amal qilgan kishisiga muborak bo‘ladi. Unga ergashmagan kishiga esa u muborak bo‘lmaydi, balki unga bu shiddat va azob bo‘ladi. Bu Alloh taoloning ushbu so‘zidagi kabidir:
“Biron sura nozil qilingan vaqtda ulardan: “Bu sizdan kimning iymonini ziyoda qildi?” deydigan kimsalar bor. Bas, iymon keltirganlarning iymonini ziyoda qildi va ular shodu xurram bo‘ldilar. Ammo qalblarida kasali borlarning dinsizliklariga yana dinsizlik qo‘shur va ular kofir hollarida o‘larlar” (Tavba, 124-125).
Barakaning asli – biron narsadan javobgarliksiz foyda olmoqdir. Shuning uchun odamlarning bir-biriga: “Bunda Alloh senga baraka qilsin” degani keyin uning javobgarligiga qolmaydigan tarzda foyda berishi ekanligi kelib chiqadi. Ya’ni barakali narsa shunday bo‘ladiki, boshi ham yaxshilik bilan boshlanib, oxiri ham yaxshilik bilan tugaydi va u barcha tomondan yaxshilik bilan o‘ralgan bo‘ladi. Shu tarzda baraka ikki xil ma’noni oladi:
- Doimo o‘sib, ziyoda bo‘luvchi yaxshilik
- Oqibatida javobgarlik va mashaqqat bo‘lmaydigan manfaat.
Ismoil Haqqiy Bursaviy muborak ismi ta’rifiga to‘xtalar ekan, uni atroflicha tahlil etadi. Muborak – naf va foydasi mo‘l-ko‘llikdir. Qanday qilib shunday bo‘lmasin, axir bu Kitob nazariy va amaliy ilmlarni qamrab olgan. Nazariy ilmlarning eng sharaflisi Allohning zotu sifatlari, ish va ahkomlari ma’rifatidir. Endi bu narsalar borasida ma’rifatga ega bo‘lishda Qur’on beradigan foydani beradigan boshqa bir kitob mavjud emas. Amaliy ilmlarga kelsak, bunda yo a’zolar bilan bajariladigan amallar yoki axloq ilmi va nafsni poklash deb nomlanadigan qalb amallariga doir ishlar kiradi. Endi sen bu ikki jihat haqida ulug‘ Qur’onda topadigan narsangni boshqa biron kitobdan topa olmaysan.
Qur’onning muborakligi yana shundaki, u oddiy insonlarni Parvardigorlariga chorlaydi. Xos insonlarni esa Parvardigorlariga hidoyat qilib, yo‘llaydi. Xoslarning xosi bo‘lgan kishilarni esa Parvardigorlariga yetkazib olib boradi va Uning xulqlari bilan xulqlantiradi. Bu mahbub Kitobda qalblar uchun shifo bo‘lib, bu haqda deyiladi:
Va kutubuka havliy la tufariqu mazja’iy
Va fiyha shifaun lillaziy ana katimuhu…
Ma’nosi:
Kitoblaring atrofimda, uni yotog‘imdan ham ajratmasman
Unda o‘zim bekitadigan narsalarimga shifo bordir.
Yana shunday keladi:
In chi manshuri karim ast, ki az har shikanash
Bo‘yi jonparvari ehsonu ato meoyad.
In chi anfosi ravonbaxshi abir afshon ast?
Ki az o‘ roihai mushki xato meoyad[1].
Ma’nosi:
Bu nechuk karim bir maktubdirki, har bir qatidan
Jon parvarishi bo‘lgan ehsonu atolar kelur.
Bu nechuk xushbo‘yligi tarqalgan jon baxsh nafaslarki,
Undan Xo‘tan mushkining[2] bo‘yi kelur…
Shuning uchun uning muborakligi din va dunyo uchun bo‘lgan ko‘plab foydalarni qamrab oladi. Unga iymon keltirgan, ahkomlari, haqiqatlari va ishoralariga amal qilgan kishilarning dinu dunyosi uchun foydalar konidir. Albatta, baraka – narsalarda ilohiy yaxshilikning sobitligi, muboraklik esa undagi o‘sha yaxshilikdir. Bu muboraklik bilan Payg‘ambar alayhissalomga go‘yoki shunday ilohiy xitob bo‘ladi: “Bu barakani lozim tut, Qur’onni xulqing qilish bilan uni sening qalbingga nozil qildi. U ummating uchun ular va Parvardigorlari orasidagi mahkam tutishsa ularni Allohga yetkazadigan arqondir”.
Baraka – lug‘atda keng ma’nolarga ega bo‘lib,“baraka, marhamat, tinchlik-omonlik”, “Xudoning marhamati, in’omi”, “o‘sish-ulg‘ayish, ko‘payish, ziyoda bo‘lish, ortish”, “har bir yaxshilikda ko‘plik” kabi ma’nolarni bildiradi. “Tabrik” ham insonning o‘zi va boshqalar uchun baraka so‘rab qilgan duosidir. Shu ma’nolarda Qur’onda kelgan ushbu so‘z o‘rniga qarab samoga nisbatan ishlatilsa, “yomg‘ir” (7/96), shaxs va oilaga ishlatilsa, “saodat”, “chiroyli va go‘zal maqtov hamda pok zurriyotlar” (11/73, 37/113), makonga nisbatan ishlatilsa “suv, dov-daraxt va mevali” (7/137, 17/1, 21/71, 81, 34/18), Ka’baga nisbatan esa “unda rahmat va mag‘firat bo‘lishi” ma’nosida tafsir qilinadi. Qur’onda “Salom” va “zaytun daraxti” ham “muborak” deyiladi (24/61, 35).
Allohga “taborak”ni qo‘shib aytish Allohning baraka va rahmatga molikligi, yana oliy, ulug‘, pok va farzand tutish va sheriklardan behojat va yuqoriligi, Allohning ismi bilan har bir ishni barakotli qilish kabi ma’nolar bilan izohlanadi. Qur’onda ushbu Kitob “Muborak kecha”da nozil qilingani aytiladi (44/3). Bu esa, tafsirga ko‘ra, unda rahmat, mag‘firat va baraka bo‘lgan qadr kechasidir. Bu Qur’onning dunyo osmoniga birato‘la nozil qilinishi bo‘lib, so‘ng u birin-ketin Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil bo‘lgan. Qur’onda barakaning manbasi Alloh bo‘lib, yondosh tushunchalari sifatida “rahmat” va “salom” ishlatilishi ham aytiladi.
Baraka diniy ibodatlar jarayonida ham keng ishlatiladi. Jumladan, namozdagi tashahhudda ishlatilgani “saodat”, salavotda ishlatilgani “sharaf va karomat – hurmat-ehtiromning sobit va bardavom bo‘lishi” kabi ma’nolarda sharh qilinadi. Bu o‘zi tuyaning “baraka” qilishi, ya’ni, bir joyga cho‘kishi va uni lozim tutishidan bo‘lib, baraka ham so‘raluvchi yoki so‘rovchiga shu tarzda joylashishi ma’nosidadir. Chunki deyiladiki, har bir narsa sobit va qoyim bo‘lsa, darhaqiqat, o‘sha barakali bo‘ldi. Biron narsaning barakali bo‘lishi unda bardavomlikdir. “Birka(tun)”, “birk” ham deyiladi, hovuzdek narsa bo‘lib, uning bunday deb nomlanishiga sabab unda suvning turishi sababidandir. “Burok” haj oyi bo‘lmish zulhijja oyining nomlaridan biri hamdir. Insondagi ko‘ksning o‘rtasi va qishning o‘rtasi ham “bark” deyiladi. Hadisda ham taomning barakasi o‘rtasida bo‘lishi, shuning uchun chetidan yeyilishi lozimligi ma’nosiga ko‘ra baraka narsalarning o‘rtasi ma’nosida hamdir. Dushmanga qarshi “baraka” (ibtaroka) qilish unga nisbatan tez harakat qilish va uni mashaqqatga solishdir.
Barakaning harakat bilan aloqasi ham “Harakatdan barakat” naqli bilan mashhur. Bu lug‘atlarda keladigan barakaning yana bir ma’nosi “doimiy hafsala va g‘ayrat bilan ishlash”ga to‘g‘ri keladi. Masalan, “Tijorat (yoki biron ish)ga “baraka” qildim (ba`roktu ‘ala-t-tijaroti)” desa, unga doimiy hafsala va g‘ayrat bilan kirishganlikni bildiradi.
Bulardan kelib chiqadiki, Qur’onning barakasi va uning muborakligi uni o‘qib-o‘rganishda bardavom bo‘lish va bu yo‘lda g‘ayrat ko‘rsatish bilan ham bo‘ladi. Ana o‘shanda Qur’on bandaga muborak bo‘lib, o‘z barakalarini keng ochadi.
Ana o‘shanda Hakim Termiziy keltirgan ushbu ma’nolar yuzaga chiqadi: “Qur’onning “muborak” deb nomlanishiga kelsak, bu “muqaddas” (nuqsonlardan pok) ma’nosidan bo‘lib, “quds”dan olingandir. Alloh Qur’onni O‘z qurbatiga yetkazadigan tarzda nozil qilgan bo‘lib, uni O‘z Pokligi bilan poklagandir. Ushbu poklik va kalom U Zotdan boshlanur. Uning jumlalari kishini Alloh sari yetaklaydi, natijada kishilar Uning uchun isloh bo‘ladilar, ya’ni, Unga banda bo‘lishga yaroqli holga keladilar”.
Jo‘rabek Cho‘tmatov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
[1] Ушбу байт Хожа Кирмонийга тегишли. Унинг тўлиқ исми Абул-Ато Камолиддин Маҳмуд ибн Али бўлиб, XIV асрда яшаб ижод этган машҳур форс-тожик шоири ва тасаввуф намояндаси. У 1290 йилда Эроннинг Кирмон шаҳрида туғилган ва ўз даврининг энг билимдон сиймоларидан бири бўлган.
[2] “Хўтан мушки” (ёки “мушки хўтан”) ибораси классик адабиётда ва шарқ шеъриятида тез-тез учрайдиган рамзий ибора бўлиб, икки хил маънони англатади:
Аслий маъноси: қадимги Хўтан шаҳридан (ҳозирги Хитойнинг Шинжон вилоятида) келтирилган энг аъло навли, хушбўй мушк. Бу модда оҳунинг (мушк кийигининг) киндигидан олинадиган жуда қимматбаҳо атир ҳисобланган.
Кўчма (бадиий) маъноси: гўзалнинг қоп-қора сочларини ёки унинг ёқимли бўйини таърифлаш учун ишлатилади. Мушк ҳам қора рангли, ҳам ўткир хушбўй бўлгани учун шоирлар ёрнинг зулфини “хўтан мушки”га ўхшатишган.