RAMAZON OYINING MA’NAVIY, IJTIMOIY VA TIBBIY HIKMATLARI

by Matbuot xizmati
9 👁️

Muborak Ramazon oyi Islom dinining besh ustunidan biri bo‘lib, u yeb-ichishdan tiyilish bilangina cheklanmaydi. Bu oy insonni ruhan poklaydigan, jamiyatda mehr-shafqatni mustahkamlaydigan va jismoniy sog‘liqni mustahkamlovchi yaxlit tarbiya maktabidir. Quyida ushbu muqaddas oyning uch asosiy hikmatini — ma’naviy, ijtimoiy va tibbiy jihatlarini — batafsil ko‘rib chiqamiz.

 Taqvo va nafs tarbiyasiQur’oni karimda ro‘zaning farzligi va uning bosh maqsadi ravshan bayon qilingan. Alloh taolo marhamat qiladi: «Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo‘lsalaringiz» (Baqara surasi, 183-oyat). Oyati karimadan aniq ko‘rinib turibdiki, ro‘zadan ko‘zlangan asosiy maqsad — taqvoga erishishdir. Taqvo esa faqat taom va ichimlikdan tiyilish bilan emas, balki yolg‘on, g‘iybat, sudxo‘rlik va boshqalarning obro‘sini toptashdan ham o‘zini tiymoqni taqozo etadi.

Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: «Kim yolg‘on gapirishni va unga amal qilishni tark etmasa, Allohning uning taomi va ichimligini tark qilishiga hojati yo‘q» (Imom Buxoriy rivoyati). Shuningdek, Ibn Moja, Ahmad va Hokim rivoyat qilgan hadisda: «Ba’zi ro‘zadorlar borki, ularga ro‘zasidan ochlik va chanqoqlikdan boshqa narsa qolmaydi. Ba’zi kechasi bedor bo‘lganlar borki, ularga bedorligidan uyqusizlikdan boshqa narsa qolmaydi.»

Bu hadis shuni anglatadiki, tilini g‘iybatdan tiymagan yoki tungi ibodatini riyo va maqtanchoqlik bilan buzgan kishi savobdan mahrum bo‘ladi.Ro‘za shu bilan birga sabr-bardosh va g‘azabni boshqarish maktabidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: «Ro‘za qalqondir. Ro‘zador fahsh so‘z aytmasin, johillarcha ish qilmasin. Agar kimdir u bilan janjallashmoqchi bo‘lsa, ‘Men ro‘zadorman’, desin.( Imom Buxoriy rivoyati.)

«Ana shunday nafs tarbiyasini o‘tagan bandalarga Alloh taolo go‘zal va’da bergan: «Albatta, taqvodorlar jannatu anhorlardadirlar. Sidq o‘rindiqda, qudratli Podshoh huzuridadirlar» (Qamar surasi, 54–55-oyatlar).

 Mehr-shafqat va hamjihatlikRo‘zaning muhim ijtimoiy hikmatlaridan biri — to‘q odamlarga ochlik va kambag‘allikning nimaligini bevosita tuydirishi. Xalqimizda «Qorni to‘qning qorni och bilan nima ishi bor» degan naql bor. Ro‘zador kishi ixtiyoriy ravishda ochlikni boshidan kechirar ekan, jamiyatdagi muhtojlarning ahvolini chinakam his etadi va unda rahm-shafqat shakllanadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda Ramazon oyining ushbu ijtimoiy mohiyati davlat va jamoat tashkilotlari miqyosida keng tarzda amalga oshirilmoqda. Xususan:Mahallalardagi «ettilik» tavsiyasi va Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamkorligida 100 ming nafar nogiron, yakka-yolg‘iz, boquvchisini yo‘qotgan va ehtiyojmand fuqaroning ro‘yxati tuzildi. Ularga 10 turdagi oziq-ovqat mahsuloti jamlangan 100 ming dona Ramazon sovg‘asi manzilli tarzda yetkazib berilmoqda.Barcha mahallalarda ehtiyojmand oilalar xonadonlarida iftorliklar tashkil etilib, 629 ming nafardan ortiq nuroniy va ijtimoiy daftarlardagi fuqaro taklif etilmoqda. Har bir mahalladan 5 nafar (jami 45 mingdan ortiq) kambag‘al oilaning uy-joyi hashar yo‘li bilan ta’mirlanib, 100 mingga yaqin oilaning tomorqasiga ekin ekib berilmoqda.

Shuningdek, 20 ming nafar ehtiyojmand oila a’zosi uchun muqaddas qadamjolarga ziyorat safarlari va sumalak sayllari tashkil etilmoqda.»Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda: Andijon viloyati filiali 260 ta oilaga, Toshkent viloyati filiali 230 nafar ehtiyojmandga, Buxoro va Samarqand viloyatlarining chekka hududlaridagi muhtojlarga esa oziq-ovqat, kiyim-kechak va iftorlik dasturxonlari ulashildi.

Zamonaviy tibbiyot ro‘zaning inson organizmiga foydasi borligini tadqiqotlar orqali ko‘rsatib kelmoqda. Ayrim mutaxassislarning ta’kidlashicha, ro‘za badandagi ortiqcha yog‘larni kamaytiradi, qon tarkibini yaxshilaydi va me’da-ichak tizimi faoliyatini tartibga soladi.

Bu borada doktor Yu. Nikolaevning tadqiqotida, dozalangan davolovchi ochlik  usulini ishlab chiqqan. Ushbu usul quyidagi kasalliklarda samarali ekanligini ta’kidlagan: Kam progredientli shizofreniya, Siklotimiya, Rekurrent depressiya, Nevrotik va nevrozsimon buzilishlar, Somatoform holatlar, Arterial gipertoni, Bronxial astma, Artroz, Neyrodermit.

Islom dini insonni toqatidan tashqari narsaga majburlamaydi. Sog‘lig‘iga zarar yetadigan yoki safarda bo‘lgan kishilarga Qur’oni karimda shunday yengillik berilgan: «Bas, sizlardan kim bu oyda hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, tuta olmagan kunlarini boshqa kunlarda tutsin. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi» (Baqara surasi, 185-oyat.)

Ramazon ro‘zasi ma’nan poklaydi, jismonan sog‘lomlashtiradi va butun dunyo musulmonlarini bir maqsad — taqvo — yo‘lida birlashtiradi. Ro‘za tutgan inson yeb-ichish va nafsoniy istaklardan tiyilishi orqali o‘zini ruhan yuksaltiradi va jamiyatga foydali insonga aylanadi.

Xudoynazarov Faxriddin  Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика