AR-RAHMAT

by Matbuot xizmati
11 👁️

ﭽ ﮎ  ﮏ   ﭼ يونس: ٥٧

Mo‘minlarga rahmat. Yunus, 57.

 Oyati karimaning to‘liq shakli shunday keladi: “Ey odamlar! Sizga o‘z Robbingizdan mav’iza, ko‘ksingizdagi narsaga shifo, mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi”.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinishicha, Qur’on – ko‘ksdagi ma’naviy ko‘rlikka shifo bo‘luvchi bayon, zalolat yo‘lidan olib chiquvchi hidoyat va azobdan qutqaruvchi rahmatdir.

Albatta, mufassirlar Qur’onning rahmatligi borasida deyishadiki, u Allohning mo‘minlarga ulkan ne’mati, Allohning rahmatiga yetishtiruvchi asosiy vosita ekanligi, u bilan bandalaridan xohlaganiga rahm etib, uni azobdan qutqarishi, unga ergashgan va uni mahkam tutgan kishiga rahmat bo‘lishi, g‘amlarni aritishi, ayblardan poklashi va gunohlarga kafforat bo‘lib, ularni o‘chirishi kabilardir.

Yuqoridagi oyat ma’nosi keyingi oyatda ham davom etadi:

“Sen: “Allohning fazli ila va Uning rahmati ila. Bas, ana shu bilan xursand bo‘lsinlar. U ular jamlaydigan narsalardan yaxshidir”, deb ayt” (Yunus, 58). “Tafsiri Hilol”da deyiladi: “Bir ummatga ikki dunyo baxtiga erishtiruvchi ilohiy kitob berilishi o‘sha millatga Allohning fazli va marhamatidir. Bu millat ushbu oyatga amal qilib, qancha xursand bo‘lsa, arziydi. Alloh taoloning fazli va marhamati bo‘lmish Qur’oni Karimga iymon keltirib, uni o‘ziga dastur qilib olgan zotlar o‘sha eng ulug‘ fazl va rahmatga erishgan kishilar sifatida qanchalik xursand bo‘lsalar, shunchalik oz. Qur’onga erishish dunyodagi boshqa hamma narsalarni jamlab, o‘shalarga ega bo‘lishdan ko‘ra yaxshiroqdir”. Ismoil Haqqiy Bursaviy hazratlari ushbu va keyingi oyat tafsirida quyidagi go‘zal baytlarni keltiradi:

Zihe kalomi tu mahzi hidoyat va hikmat

Zihe payomi tu ayni inoyat va rahmat

Kashad kamandi kalomi tu ahli irfon ro

Zi shurazori xasosat bagulshani himmat.

Ma’nosi:

Sening Kaloming ayni hidoyat va hikmatdir

Sening payom (xabar)ing ayni inoyat va rahmatdir.

Sening Kaloming arqoni irfon ahlini o‘ziga tortib

Tubanlik sho‘razoridan himmat gulshaniga chiqaradi.

Har kase ro sarmoya ast va sarmoyai mo‘minon fazli man

Har kase ro xizona ast va xizonai mo‘minon rahmati man.

Ma’nosi:

Har kimning sarmoyasi bor va mo‘minlarning sarmoyasi mening fazlimdir

Har kimning xazinasi bor va mo‘minlarning xazinasi mening rahmatimdir.

Gar shoh ro xizona nihodand buvad havas

Darveshro xizona hamin lutfi do‘st bas.

Ma’nosi:

Shohga xazina to‘plamoq bo‘lsa havas

Darveshga esa xazina shudirki, do‘st lutfi bo‘lsa bas.

Shuningdek, Bursaviy Qur’on rahmatligining muhim bir xususiyatiga urg‘u beradi: Qur’on – barcha uchun rahmatdir, chunki u har bir kishini o‘z darajasiga yetkazadi!

Bu ta’rifning ma’nosi shuki, undan har kim o‘z martabasi va darajasiga ko‘ra foyda oladi va shunga ko‘ra yuksaladi. U har bir kishini uning o‘zi yetishi mumkin bo‘lgan yuksaklikka olib chiqadi.

Hakim Termiziy o‘z “Tafsir”ida Qur’oni Karimning bu ismiga to‘xtalib o‘tar ekan, deydi: “Qur’onning “rahmat” deb nomlanishiga kelsak, Alloh Qur’onni siz uchun go‘yo idishdek qildi, bu esa xuddiki onangiz qornidagi “rahm” (bachadon)da bo‘lganingiz kabidir. Shuning uchun rahm “rahm” deb atalgan. O‘sha rahm sizning (unda salomat) saqlanuvchi idishingiz, saqlovchingiz bo‘lib, siz unda bo‘lgan ona qornida sizni o‘sha orqali oziqlantirib turadi, shuningdek, o‘sha idishda sizni barcha yomon narsalardan saqlab, rivojlantirib boradi. Qur’onni ham Alloh o‘shanday “rahm” qildi va uni sizga ozuqa bo‘luvchi narsalar bilan to‘ldirdi. Rahmat – narsalarga namlik (hayot) bag‘ishlaydi va ularni yumshatadi”.

Demak, Hakim Termiziy so‘zidan ma’lum bo‘ladiki, kishi Qur’on ichra bola ona qornidagi rahmda bo‘lganidek yashasa, unga havo va ozuqaning barchasi yetib boradi va u ma’nan hazrati inson bo‘lib shakllanadi.

Jo‘rabek Cho‘tmatov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика