INSON QALBIGA RAHMAT NURI YOG’ILADIGAN MUQADDAS OY

by Matbuot xizmati
21 👁️

Ramazon oyi rahmat, xayr-ehson oyidir. Bu muborak oyda mo‘min-musulmonlar ro‘za tutib, ibodat va duolarini yanada ko‘paytiradilar, ehtiyojmandlarga yordam qo‘lini cho‘zish orqali saxovat va muruvvatni namoyon etadilar. Ramazon faqat ochlik va chanqoqlikni boshdan kechirish bilangina cheklanmay, balki inson qalbini poklash, gunohlardan tiyilish hamda ezgu amallarga yanada ko‘proq e’tibor qaratish uchun berilgan noyob imkoniyatdir.

Ramazon rahmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik oyidir. Bu oyda bajarilgan savob amallar alohida ajr bilan mukofotlanadi, xayr-ehson va yaxshiliklarning savobi esa yanada ziyoda bo‘ladi. Shu jihatdan Ramazon oyi savob umidida ezgu ishlarni amalga oshirishga intiladigan saxovatpesha insonlar uchun eng qulay va barakali fursat sanaladi.

Ushbu oyning fazilatlari haqida Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday marhamat qilganlar:
“Ramazon oyi boshlanganda jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari yopiladi va shaytonlar kishanlanadi”.

Mazkur hadis Ramazon oyining mo‘min-musulmonlar uchun naqadar ulug‘ va fazilatli ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Prezidentimiz tomonidan har yili mamlakatimizda Ramazon oyini munosib kutib olish maqsadida maxsus qaror qabul qilinib, ushbu qaror asosida Ramazon oyida dinimizga xos bo‘lgan odamiylik, do‘stlik, mehr-oqibat, bag’rikenglik, saxovat va muruvvat g‘oyalari namoyon bo‘ladi. O‘tganlar yod etilib, ularning ortlarida qolgan oila-a’zolariga moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish masalasiga alohida ahamiyat qaratiladi.

Joriy yil 16-fevralda yurtboshimizning “Muborak ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi ham ona zaminimizda ushbu muborak oyni har tomonlama ko‘tarinki ruhda o‘tkazish borasida huquqiy asos vazifasini bajarmoqda. Har yili mamlakatimizda ushbu muborak oyda Ramazonning mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan odamiylik, inson qadrini ulug‘lash, yaxshilik va mehru saxovat kabi fazilatlarni namoyon etadigan, bugungi tinch va osoyishta hayotimizni qadrlash, oila va mahallalarda, butun yurtimizda mehr-oqibat, o‘zaro hurmat muhitini mustahkamlash, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida ahamiyat qaratiladi. Moddiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan yurtdoshlarimizning xonadonlarida, mahallalarda iftorlik dasturxonlari tashkil etilib, bemorlarning holidan xabar olinadi, masjidlarimizda Qur’oni karim xatmlari amalga oshiriladi, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi uchun duolar qilinadi.

Har yili an’anaviy tarzda yurtboshimiz ishtirokida butun mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etiladigan iftorlik dasturxoni ham Ramazon oyining mohiyatida aks etgan bahamjihatlik, birodarlik, bag‘rikenglik g‘oyalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladigan tadbirlardan hisoblanadi. Mazkur tadbirlarda har bir vatandoshimiz yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetishi, uni mustahkamlash uchun sidqidildan harakat qilishi lozimligi, ehtiyojmand insonlarga nisbatan mehr-muruvvatli, saxovatli bo‘lishi lozimligi ta’kidlab o‘tiladi. Alloh taolo mukarram qilgan insonni moddiy-ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bu kabi tadbirlar xalqimiz ongu shuurida dinimiz belgilab bergan go‘zal fazilatlarning mustahkamlanishiga, bahamjihatlik g‘oyalarining rivojiga, Yangi O‘zbekistonning mustahkam ma’naviy-ma’rifiy poydevorga ega bo‘lishiga imkon yaratadi.

Sarvar Saidov

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqot bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD)

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика