BUXORONING MASHHUR FIQH OLIMI

by Matbuot xizmati
7 👁️

Ahmad al-Uqayliyning to‘liq ismi Ahmad ibn Muhammad ibn Ahmad al-Uqayliy al-Ansoriy Shamsiddin al-Buxoriy (? – 657/1259, Buxoro) bo‘lib, ul zot hanafiy mazhabi faqihlaridandir. Alloma hozirgi Buxoro viloyati hududida tug‘ilgan va shu yerda faoliyat olib borgan. U Buxoroning mashhur faqihlaridan hisoblanib, ona tarafdan bobosi Sharafiddin Umar ibn Muhammad ibn Umar Uqayliydan ilmiy saboq olgan. Ona tarafidan uning shajarasi Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning akasi Uqayl ibn Abu Tolibga tutashganligi sababli u “Uqayliy” nisbasini olgan, ota tarafidan esa ansoriylarga tutashgani uchun “Ansoriy” nisbasini oladi.

Ahmad al-Uqayliy hanafiy fiqhiga oid bilimlarni quyidagi ilmiy silsila orqali o‘rgangan: bobosi Sharafiddin Umar ibn Muhammad ibn Umar Uqayliydan, u Sadru-sh-Shahid Hisomuddin Umardan, u Abdulaziz ibn Umar ibn Mozadan, u Shamsu-l-aimma Saraxsiydan, u Hulvoniydan, u Qozi Nasafiydan, u Abu Bakr Muhammad ibn Fazldan, u Sabzamuniydan, u Abu Hafs Sag‘irdan, u otasi Abu Hafs Kabirdan va oxirida Imom Muhammad Shayboniydan hanafiy fiqhi asoslarini o‘rgangan.

Uzoq yillar mobaynida Ahmad al-Uqayliy o‘z davrining mashhur ulamolaridan ilm olgan va hanafiy fiqhi bo‘yicha yetuk olim darajasiga erishgan. Hayotining asosiy qismini ilmiy faoliyat bilan o‘tkazgan. Hijriy 657 yil, milodiy 1259 yil ramazon oyining beshinchi kunida Buxoroda vafot etgan.

Uning ilmiy merosiga asosan, “Jome as-sag‘ir” asari kiradi, bu asarda Imom Muhammad Shayboniyning fiqhga oid qarashlari qamrab olingan va Ahmad al-Uqayliy uni sevib mutolaa qilgan hamda nazmiy shaklda qayta yozgan. Umuman aytganda, Ahmad al-Uqayliy nafaqat o‘z zamonasining bilimli faqihlaridan biri, balki fiqhiy merosni kelajak avlodga yetkazishda jonbozlik ko‘rsatgan fidokor olim sifatida ham mashhurdir.

Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqot bo‘limi boshlig‘i

Ad.: (manba va adabiyotlar ro‘yxati )

  1. Ahmad ibn Mustafo Toshko‘prizoda. Tabaqotu-l-fuqaho. – Mosul: 1941. 139 b.
  2. Muhammad Abdulhay Laknaviy Hindiy Abul Hasanot. Favoidu-l-bahiyya fiy tarojim hanafiyya. – Qohira: Doru-l-kitob islomiy, 1907. 263 b.
  3. Umar Rizo Kahhola. Mu’jam al-muallifin. J.5. – Bayrut: Muassasatu-r-risola, 1993. J.2. 680 b.

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика