
Bugungi kunda fan va tibbiyot ilmi taraqqiy etgan dunyoda ayrim joylarda “ochlik bilan davolash” muassasalari faoliyat yuritmoqda. Tib mutaxassislarining fikricha, inson bir yilda 28–32 kun ixtiyoriy ravishda ovqatdan tiyilishi va och qolishi kerakligini ta’kidlaydilar. Aholi ma’lum paytlar va mavsumlarda yeyish-ichishdan parhez qiladi. Bu turli kasalliklarning, hatto tuzalmas dardlarning oldini olish yoki shifo topishda samaralidir.
Inson tug‘ilganidan to vafotiga qadar uzluksiz ishlagan hazm a’zolari yilning muayyan oylarida yarim kundan (12 soatdan) ortiq ishlashdan to‘xtab tursa, bu tibbiy jihatdan foydali hisoblanadi. Shu ma’noda ro‘za tutish ham vujudga foydali bo‘lib, turli xastaliklardan saqlaydi. Buni tibbiyot fani ham tasdiqlaydi.
Bir oy davomida vujud tubdan o‘zgargan ta’minot tartibiga moslashadi va xastalikka qarshi kurash qobiliyati ortib, oziq-ovqat mahsulotlaridan to‘la foydalanish uchun zarur vaqtga ega bo‘ladi. Odam kun davomida yengil harakat qiladi, kechasi esa to‘la dam olib, kuch to‘playdi. Bu jarayonda ko‘rsatilgan sabr va toqat shaxsiyat kamolida katta ahamiyatga ega bo‘ladi.
Qonning ichakda emas, miyada ishlashi natijasida inson sog‘lom fikrlaydi, narsa va hodisalarni to‘g‘ri baholaydi va dunyoqarashi aniqlashadi. Shu orqali yil davomida oshqozon va ichaklarda to‘planib qolgan chiqindilar hazm qilinadi. Bu ixtiyoriy och qolish usuli hozirda odamlar orasida keng tarqalgan o‘ttizga yaqin kasalliklarga davo hisoblanadi.
Ro‘za tutayotgan kishi haddan tashqari to‘yib ovqatlanmasligi kerak. Keragidan ortiq ovqatlanish sog‘liqqa zarar keltiradi. Arab tabiblaridan biri Horis ibn Kolda: “Oshqozon kasalliklarning uyidir, parhezkorlik esa barcha davoning boshidir” degan.
Tibbiyot mutaxassislari ortiqcha to‘yib ovqatlanishning ko‘plab zararlarini sanab o‘tganlar: og‘irlik, charchoq, ko‘ngil ko‘rligi, g‘am, ruhiy zaiflik, gunohdan qo‘rqmaslik, hayosizlik, aqlning zaifligi, noshukrlik, axloqsizlik, notinchlik, shahvatparastlik, xotirasizlik, o‘limni esdan chiqarish, dunyoni ko‘p sevish, baxillik, xasislik, zulm, shaytonga ergashish, sabrsizlik, hikmatdan uzoq bo‘lish, qo‘rqoqlik va dangasalik. Shu bois islom ta’limotida ham me’yor va qanoatga alohida e’tibor qaratiladi. Mo‘min kishi hatto halol narsalarda ham isrofga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Ovqatlanishda muvozanatni saqlash — sog‘liq va ma’naviyat uchun foydali odatdir.
Xalqimizda yaqin-yangigacha kamtarona va tartibli ovqatlanish odati mavjud edi. Zamonaviy hayot tarzi bilan birga ovqatlanish madaniyati ham o‘zgardi. Biroq tibbiyot va diniy ta’limot ham ortiqcha iste’moldan saqlanishni tavsiya qiladi. Doimiy ravishda to‘q yurish emas, balki me’yoriy ovqatlanish eng maqbul yo‘ldir.
Buyuk hakimlar shunday deyishadi: “Sog‘liq, xotiraning barkamol va go‘zalligi – o‘rtacha ochlikda yurishdir”. Bu yerda “ochlik” deganda haddan tashqari ovqatlanish emas, balki nafsni tarbiya qiluvchi qanoat nazarda tutiladi. Chunki oz yegan inson yengil harakat qiladi, fikri ravshan bo‘ladi va ibodatga faolroq bo‘ladi.
Zakovatning rivojlanishi – mashaqqatning ozligi, qanoat, Alloh taoloning balo va azoblarini unutmaslik, o‘limga tayyor turish, doim tahoratli va ibodatli bo‘lish kabi amallarga bog‘liq. Oz yegan kishining tashvishi ham kam bo‘ladi. Bunday kam yeb, kam xarjlaydigan inson orttirganlarini muhtojlarga ulashishi mumkin.
Luqmoni Hakim ham farzandiga shunday nasihat qilgani rivoyat qilinadi: “Ey farzand qorningni bosib-tiqib to‘ydirsang, fikr xazinalaring quriydi, tafakkur qilolmaydigan ahvolga tushasan, sendan hikmat degan ne’mat ketadi, a’zolaring ibodat qilishdan qoladi”.
Me’yoriy hayot tarzi insonni qanoatli qiladi. Qanoat esa saxovatga olib boradi: kam yeb, kam isrof qilgan inson ortiqchasini muhtojlarga ulashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu jihatdan ro‘za nafaqat shaxsiy sog‘liq, balki ijtimoiy adolat va mehr-shafqatni ham mustahkamlaydi.
Ro‘zaning sog‘liq uchun foydali jihatlari zamonaviy tadqiqotlarda ham qayd etilmoqda. Ayniqsa, davriy parhez va ochlik modda almashinuviga, vazn nazoratiga va ayrim kasalliklarning oldini olishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. E’tiborli jihati shundaki, bu ilmiy izlanishlarning ko‘pchiligi musulmon bo‘lmagan olimlar tomonidan ham amalga oshirilmoqda. Bu esa islomdagi ro‘za ibodatining nafaqat ma’naviy, balki hayotiy va amaliy hikmatlarga ega ekanini ko‘rsatadi.
Mazkur ilmiy tajribalarning natijalari Islom dinida bundan o‘n besh asr ilgari ro‘za tutishni farz qilinishi ilmiy mo‘jiza bo‘lganiga dalolat sifatida qabul qilinmoqda. Yoki boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, Alloh taoloning: “Ro‘za tutmog‘ingiz siz uchun yaxshidir”, degan oyati va Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallamning: “Ro‘za tutinglar, salomat bo‘lasizlar”, degan hadislari shu hikmatni isbotlaydi.
Tibbiy ilmiy izlanishlar oqibatida ro‘zaning turli jismoniy va ruhiy kasalliklardan himoya qilishi va ularning oldini olishda foydasi borligi isbolanmoqda. Ba’zi misollarni keltiramiz:
1. Immunitetni mustahkamlaydi. Ro‘za tutayotgan odamda kasalliklarga qarshi kurashuvchi hujayralar ko‘payadi va bu organizmning muhofaza qobiliyatini yaxshilaydi.
2. Semizlikka qarshi ta’sir qiladi. To‘yib ovqatlanish va noto‘g‘ri ovqatlanish semizlikka olib kelsa, ro‘za tutish organizmning modda almashinuvini yaxshilaydi va ortiqcha vaznni oldini oladi. Shuningdek, ruhiy holat ham semizlikka ta’sir ko‘rsatishi mumkin; ro‘zador ko‘proq ibodat va zikr bilan mashg‘ul bo‘lib, ruhiy va aqliy barqarorlikka erishadi.
3. Buyrak va siydik yo‘llarini muhofaza qiladi. Ro‘za tutayotgan insonning qonidagi soda va kaliy tuzlari nazorat qilinadi, siydik yo‘llaridagi tuzlarning to‘planishini kamaytiradi.
4. Tanadagi zararli moddalarni chiqarishda yordam beradi. Oziq-ovqat, dori-darmon va atrof muhit orqali tanaga tushgan zararli moddalar ro‘za tutish orqali tozalanadi.
5. Jinsiy nafs va moyillikni nazorat qiladi. Bu ayniqsa yoshlar uchun foydali bo‘lib, organizmni nafsiy va jismoniy iztiroblardan himoya qiladi.
Shu bilan birga ro‘za insonni nafs va ruhiy tarbiyada ham quvvatlaydi. Sabrni mustahkamlaydi, uzluksiz mashaqqatlar va to‘siqlarga chidamli qiladi, yaxshi axloq va muomala ko‘nikmalarini rivojlantiradi.
Alloh taolodan Ramazon oyining fazilatidan qolgan oylarni ham barokatli qilishini, yurtimiz va butun dunyoda tinchlik, xotirjamlik va yaxshiliklar bardavom bo‘lishini, keyingi Ramazon oylariga ham eson-omon yetkazishini so‘rab qolamiz.
Imom Termiziy xalqaro markazi
ilmiy xodimi Olim Jo‘raev