IMOM TERMIZIY HADISLARI ALIShER NAVOIY BADIIY TALQINIDA

by Matbuot xizmati
16 👁️

Barcha davrlarda insoniyat uchun ma’naviy yuksaklik ramzlaridan biri bo‘lib kelayotgan Alisher Navoiy merosining qiymati zamonlar osha ortib, sayqallanib bormoqda. Chunki tafakkur darajasining yuksalishi va uning samarasining amaliy hayotda namoyon bo‘lishini biz u zot kabi insonlar orqali kuzatishimiz mumkin bo‘ladi. Natijada hayot va ijod, fikr, so‘z va amal uyg‘unligi ko‘z oldimizda jonli gavdalanadi.

Albatta, Navoiy merosi qirralari va ufqlari g‘oyatda keng. Ammo asosiy jihat, bu zot musulmon mutafakkiri bo‘lib, o‘z borlig‘i va haqiqatini mana shunda ko‘rganligidir. Islom haqiqatlari uning butun merosi mazmuniga singdirib yuborilganidan tashqari, bevosita din ilmlariga bag‘ishlangan asarlari ham yetarlicha. Jumladan, qirq hadis sharhiga bag‘ishlangan “Arba’in” risolasi ham shular jumlasidandir. O‘tmishda ko‘plab olimlar qirq hadis bitish va uni sharhlashga katta e’tibor qaratishgan va bu ish an’anaga aylangan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan ayrim hadislarning birida shunday deyiladi:

“Kim ummatim uchun ularning dini borasidagi qirq hadisni saqlab yetkazsa, Alloh uni qiyomat kunida faqih va olim qilib tiriltiradi” (Imom Doraqutniy va boshqalar Mu’oz va Ibn Abbos roziyallohu anhumlardan rivoyat qilgan) (Suyutiy. Jome’ al-kabir. 21368-raqam).

Ma’lumki, Abdurahmon Jomiyning “Chihil hadis” (Qirq hadis) ini Alisher Navoiy turkiyga tarjima qilgan. Shoirning niyati, asar muqaddimasida ta’kidlanganidek, “forsiydonlar idrok aylagan” qirq hadis mohiyatidan turkiyzabonlarni ham bahramand qilish edi. Bu hadislarni she’rga solishda esa barcha shoirlar ularning oson tushunilishini, yodda saqlanishini ham nazarda tutganlar:

Forsiydonlar aylabon idrok,

Oriy (xoli) erdi bu naf’din atrok (turklar).

Istadimki, bu xalq ham bori

Bo‘lmag‘aylar bu naf’din oriy.

Navoiy o‘z asarini hadisi sharifning barcha uchun ulkan ahamiyati haqidagi quyidagi go‘zal bayt va ma’nolar bilan boshlaydi:

Hamd angakim, Kalomi xayrmaol (yaxshilikka yetaklovchi)

Qildi elga Rasulidin irsol.

Ul rasuleki, ham kalomi fasih

Elga yetkurdi ham hadisi sahih.

To ulus jahldin xalos bo‘lub,

Ilm xilvatgahiga xos bo‘lub,

Chun tamug‘din (do‘zaxdan) najot topqaylar,

Uchmaq (jannat) ichra hayot topqaylar.

Jalla zikruh zihi Ilohi rafi’,

Azza qadruh zihi Rasuli shafi’.

(Qadri yuksak Allohning zikri naqadar oliy bo‘ldi

Shafoatchi Rasulning qadri naqadar aziz bo‘ldi).

Ana shu hadislar orasida Imom Termiziyning “Sunan” asarida keltirilgan bir qator hadislar ham o‘rin olganligi diqqatga sazovor. O‘tgan maqolamizda ushbu hadislarning ayrimlarini keltirib o‘tgan edik. Quyida Navoiy asarida kelgan Imom Termiziy hadislaridan namunalar keltirishda davom etamiz.

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

Xoslatani laa yajtami’ani fi mu’min: al-buxlu va suu’ul xuluq.

“Ikki xislat mo‘minda jam bo‘lmaydi: baxillik va badxulqlik”.

Imom Termiziy “Sunan” asarida keltirgan ushbu hadis (1962-raqam) Navoiy hazratlarida 4-hadis bo‘lib, quyidagicha baytga soladi:

Mo‘min ersang, qilib durungni nisor,

El bila ravshan o‘l nechukkim sham’.

Negakim, Tangri hech mo‘minda

Buxlu badxo‘ylig‘ni qilmadi jam’.

Ta’kidlash lozimki, Navoiy hazratlari ushbu hadislarni faqat baytga solish bilan cheklanmaydi, balki uni o‘ziga xos sharhlab ham ketadi. Ushbu hadis misolida ham baxil va badxulqlikdan chetlangan mo‘minning hayot yo‘li qanday bo‘lishi lozimligi borasida izoh berilmoqda: u o‘zidagi eng qiymatli xulq va qobiliyatlarni ishga solgan holda o‘z xalqiga va insoniyatga foyda keltiradi. Zero, chiroyli xulq orqali odamlar bilan munosabat izga tushsa, baxillikni ketkazish orqali uning ziddi bo‘lgan odamlarga yaxshilik sog‘inish xislatiga yetishiladi. Demak, bu o‘rinda Navoiy ushbu hadisga amal qilish foydasini ham bayon etmoqda.

Imom Termiziy “Sunan”ida mavjud keyingi hadis (1955-raqam) Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

Man lam yashkurin-nasa lam yashkurillaha azza va jall.

“Kim odamlarga shukr qilmasa, Alloh azza va jallaga ham shukr qilmabdi”.

Navoiy hazratlari qirq hadislarining 6-raqamida kelgan ushbu hadis badiiy talqinda quyidagicha aks etgan:

Ulki Xoliqg‘a shukr der, avval

Shokir o‘lmoq kerak xaloyiqdin.

Kimki maxluq shukrin demagay,

Demagay shukr dog‘i Xoliqdin.

Albatta, insonlarga shukr qilish – ularning o‘zidagi haqqini e’tirof etishdir. Zero, bir inson dunyoga kelar ekan, uning kamolga yetishi uchun juda ko‘plab insonlarning hissasi bo‘ladi. Uni dunyoga keltirib, parvarishlagan ota-onasi, qo‘liga qalam tutib, harf o‘rgatgan ustozi, hayot yo‘lida uni turli-tuman yo‘llar bilan qo‘llab quvvatlagan shaxslarning haqqi zimmasida turgan kishi hech qachon kibrga ketmasligi, balki ularga tashakkurlar bildirishi lozim bo‘ladi. Bu shukrlar esa yaxshiliklarga ushbu shaxslarni sababchi qilgan Allohga bog‘lanadi va Allohga shukr qilishning haqiqiy mohiyatini yuzaga chiqaradi.

Natijada inson nafaqat haqiqiy shukr darajasiga yetadi, balki kibrdan chetlanib, tavoze va kamtarlik bilan ham bezanadi. Chunki kibr – o‘zidagi narsalar bilan havolanish va ularni o‘zi qo‘lga kiritganini da’vo qilish hamdir. Insonlarga shukr qilishda esa hayotda erishilgan narsalarda ko‘plab kishilarning ham xizmati borligini, bu esa ilohiy tadbir ekanligini e’tirof etish mavjud.

Shuning uchun, Navoiy aytganidek, maxluqotga shukr qilinmas ekan, ularning Xoliqiga shukr keltirish ham dushvor bo‘lib qoladi. Ta’bir joyiz bo‘lsa, Allohning boshqalar orqali ko‘rsatgan iltifotlarini inkor qilish – kufroni ne’mat (Alloh ne’matlarini inkor etish) bo‘lib, bunday kishi Allohga shukr keltira olmaydi yoxud keltirgan shukri ham maqbul bo‘lmaydi. Shuning uchun hadisi sharifda unday kishi Allohga shukr keltirmaganligi qat’iy ravishda aytilmoqda.

Xulosa qilish mumkinki, hadisi shariflarni o‘rganishda qirq hadis yo‘nalishining o‘ziga xos o‘rni bo‘lishi bilan birga ularni she’riy usulda bayon qilishning ham ahamiyati ulkan. Chunki qirq hadis ma’lum turkum yoki adaddagi hadislarga diqqatni jamlash orqali hadisi shariflarni o‘qib-o‘rganishga qulaylik tug‘dirsa, ularni she’riy tarzda berish hadislarni yanada chuqurroq anglashga va eslab qolishga qo‘shimcha tarzda xizmat qiladi. 

Manbalar:

  1. Abulfazl Jaloliddin Abdurahmon ibn Abu Bakr Suyutiy Qohiriy. Jam’ al-javomi’ al-ma’ruf bi-jami’ al-kabir. XXIV. – Azhar: Dor as-sa’oda lit-tiba’a, 2005. Yangi nashr.
  2. Alisher Navoiy. Navoiydan chu topqaylar navoe. Arba’in. Nashrga tayyorlovchilar, tarjima va izohlar muallifi Hasanxon Yahyo Abdulmajid, Husaynxon Yahyo Abdulmajid. – Toshkent: Hilol-Nashr, 2023.

Jo‘rabek Cho‘tmatov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика