IKKINCHI MUALLIM: ABU NASR FOROBIYNING MA’NAVIY MEROSI

by Matbuot xizmati
20 👁️

Islom tamadduni tarixida o‘zining falsafiy-axloqiy mavzulardagi asarlari, siyosatnoma turkumidagi “Fozil odamlar shahri” kabi o‘xshashi yo‘q kitoblari bilan o‘chmas iz qoldirgan allomalardan biri “Islom falsafasining otasi”, “Ikkinchi muallim” kabi unvonlar sohibi Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Tarhon ibn O‘zlug‘ al-Forobiy (873-950)dir. U o‘rta asrlarda Mavarounnahrning muhim markazlaridan biri bo‘lgan Forob viloyatida, harbiy oilada tug‘ilgan va umrining oxirini Shom o‘lkasida o‘tkazgan. Abu Nasr Forobiy dastlab fiqh, hadis va tafsir kabi islomiy ilmlarni o‘rgangan va tug‘ilgan hududida bir muddat lavozimida ishlagan.

Forobiyning ilmiy sayohati uni Toshkent, Buxoro, Samarqand, Marv, Balx va Ray kabi savdo va madaniyat markazlariga olib borgan. Ilmga bo‘lgan chanqog‘ini qondirish maqsadida u o‘sha davrning eng yirik ilm-markazi bo‘lgan Bag‘dodga yo‘l olgan. Bag‘dodda u din, madaniyat, tafakkur va falsafiy bilimlar sohasida yetuk olim bo‘lib yetishgan.

Bag‘dodda Forobiy Abu Bakr ibn Sarrojdan nahv va mantiq ilmini o‘rgangan. Ona tilidan tashqari arab, fors, yunon tillarini ham egallagan. Aristotel falsafasining markazi bo‘lgan Bag‘dodda u falsafiy muhit bilan yaqindan tanishib, davrning mashhur olimlari – Abu Bishr Matto ibn Yunus va Yuhanno ibn Haylondan falsafa va mantiq bo‘yicha tahsil olgan. Ilm-fan sohasida erishgan yuksak darajasi uchun alloma “Muallimi soniy” (Ikkinchi muallim) nomi bilan mashhur bo‘lgan. Abu Nars Forobiy yaratgan falsafiy ta’limot tez orada Movarounnahrdan Andalusgacha butun Islom olamiga tarqalgan.

Forobiy ilmni til, mantiq, matematika, fizika va metafizika kabi besh asosiy bo‘limga ajratgan. U falsafa va mantiqdan tashqari tibbiyot va musiqaga ham qiziqqan. Tibbiyotda u nazariy tadqiqotlar olib borib, tanani sog‘lom saqlash uchun nima qilish kerakligini o‘rganib, tibbiyot bo‘yicha yetti asosiy tamoyilni belgilagan.

U musiqa nazariyasi bo‘yicha birinchi sistematik kitoblarni yozgan olimlardan biri bo‘lib, ud musiqa asbobini mohirlik bilan chalgan. Shuningdek, u qonun nomli musiqa asbobining ixtirochisi sifatida ham tilga olinadi. Abu Nasr Forobiy musiqa sohasida jami besh asar yozgan, ushbu asarlari orqali musiqa ilmini mukammal darajada tizimlashtirgan.

Forobiyning fikriga ko‘ra, inson muvaffaqiyati uchun ikkita asosiy yo‘l bor: biri – insonning ruhini, tana va shaxsini boshqarish san’ati, ikkinchisi – o‘zidan tashqari insoniyatni boshqarish san’ati. Shu bilan birga, u ilohiy qonunlar va ijtimoiy bilimlarning uyg‘unligi orqali fozil jamiyat barpo etilishi mumkinligini ta’kidlaydi. Forobiyning asarlari nafaqat Islom olimlariga, balki g‘arb olimlariga ham ta’sir qilgan va ularning ko‘plari dunyo bo‘ylab darslik sifatida o‘qitilgan.

Abu Nasr Forobiy ilm, axloq va jamiyat o‘rtasidagi uyg‘unlikni asosiy qadriyat deb bilgan. Uning qarashlarida ilm insonni komillikka yetaklaydi, axloq esa jamiyatni barqaror qiladi. Shuning uchun ham u ilmli va axloqli shaxsni barkamol jamiyatning poydevori deb hisoblagan.

Bugungi kunda ham Forobiy merosi o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Uning fikrlari zamonaviy ta’lim, ma’naviyat va tafakkur rivoji uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Ikkinchi muallimning ilm va hikmatga asoslangan yo‘li bugungi avlodni ham fikrlashga, izlanishga va komillikka chorlaydi.

Sarvar Saidov Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика