QADRIYATLARI QADRLANGAN YURT

by Matbuot xizmati
15 👁️

Inson hayotida hurriyat uning eng muhim birlamchi ehtiyojlaridan biridir. Ushbu ehtiyoj uning inson sifatida yashashi va faoliyat yuritishining asosiy mezonidir. Ushbu hurriyat bo‘lgandagina u o‘zining ezgu xohish-istaklarini ro‘yobga chiqarishi, o‘zi unda yashashni istaydigan hayotiy qadriyatlarini asrab-avaylashi mumkin.

Inson bu tarzdagi ijtimoiy hurriyatga davlat kafolatisiz erishishi dushvor, davlat esa o‘z navbatida mustaqil bo‘lmasdan turib o‘z xalqiga u istagan hayotni taqdim etishi ham mumkin bo‘lmaydi. Shu ma’noda yurtimiz O‘zbekistonning mustaqilligi o‘zbek xalqiga uning qadriyatlariga mos, o‘zligiga xos hayot tarzini taqdim etishi bilan alohida ahamiyatga ega. Bu esa bizga doimo hurriyat tushunchasining haqiqiy mazmun-mohiyatini eslatib turadi.

Agar ikki daryo oralig‘i bo‘lgan yurtimizning insoniyat tarixidagi va bugunidagi eng yuksak intellektual markazlardan biri ekanligini inobatga olsak, bu mustaqillikning qadri yanada oshadi. Chunki bu shunday yurtning o‘z yo‘lini davom ettirishiga imkon berishi bilan birga, xalqimiz genofondida mavjud noyob xususiyatlarni rivojlantirishning ham ulkan kafolatidir.

Tarixdan olimlar yurti sifatida tanilgan Movarounnahr diyori o‘z dunyoqarashi va g‘oyasiga, demakki, o‘z yo‘li va o‘z o‘rniga ega yurtdir. Shundan kelib chiqqan holda ta’kidlash lozimki, mustaqillikning muhim bir asosi qadriyatlarga asoslangan milliy g‘oyaga, u esa barcha sohalarda fundamental ilm-fanni rivojlantirishga bog‘liq bo‘ladi. Zero, bu bilan millatning ham g‘oyaviy-ma’naviy, ham moddiy ahvoli yaxshilanib, komillikka intilishi mumkin bo‘ladi.

Oxirgi yillarda yurtimizda ochilgan Imom Termiziy, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi va boshqa shu kabi amaliy ishlar ajdodlarimiz merosini fundamental tadqiq etishni yangi bosqichga ko‘targanini voqelik ko‘rsatib turibdi. Bu esa global ma’naviy tahdidlar kuchaygan va yot g‘oyalarning tarqalishi misli ko‘rilmagan darajaga yetgan bugungi davrda o‘zligimizni saqlab qolish yo‘lida mustahkam poydevor vazifasini o‘taydi. O‘zlikni saqlab qolish esa xalq sifatida mavjud bo‘lish va yashab qolishning asosiy mezonidir. Shu tarzda mustaqillikning ahamiyati biz uchun eng muhim masala sifatida doimiy dolzarblik kasb etadi.

2024 yil 15 avgustda e’lon qilingan  “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori ham ezgu qadriyatlarimizni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish yo‘lida zarurligi bilan birga, bu boradagi fundamental tadqiqotlarni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida tariximizga muhrlanadi. Bunga ushbu muhim sanani munosib nishonlash doirasida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ishlar bilan tanishish jarayonida amin bo‘lish mumkin.

Qaror doirasida Imom Termiziy asarlarining akademik izohli nashrlari, ilmiy-ommabop hujjatli film va turkum ko‘rsatuvlar tayyorlash, “Imom Termiziy ilmiy merosining islom sivilizatsiyasida tutgan o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazish, Imom Termiziy va Termiziy allomalarning nodir qo‘lyozmalari va nashr nusxalarining kitob ko‘rgazmasini tashkil etish, alloma ijodiga tegishli qo‘lyozmalarni olib kelish va saqlashga oid chora-tadbirlarni ishlab chiqish, Respublika bo‘yicha “Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi: o‘tmish va bugun” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini va sohaga tegishli ilmiy maqolalar tanlovi va “Imom Termiziy asarlari bo‘yicha hadislar bilimdoni” mavzusidagi tanlovlarning o‘tkazilishi, bu sohada tadqiqot olib borayotgan tadqiqotchi olimlarga zarur shart-sharoitlar yaratib berish kabi ko‘plab chora-tadbirlar zamirida ajdodlarimizning tabarruk merosini qadrlash va bugungi kun talablari asosida ularni yanada rivojlantirib, yangi bosqichga ko‘tarishga undash yotadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, mustaqilligimizning yangi sanasiga qadam qo‘yar ekanmiz, uning har bir kuni biz uchun azizligini yodda tutamiz. Shu bilan birga uning har bir yangi kunida ulkan ishlarni amalga oshirishga mas’ulligimizga amin bo‘lamiz. Qadriyatlari qadrlanadigan yurtda yashash esa haqiqiy mustaqillik nishonasi ekanligiga ishonch hosil qilamiz.

Jo‘rabek Cho‘tmatov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика