
Imom Termiziy XITM Matbuot xizmati • 30 сентября 2025 в 17:32
Har bir insonning hayotida uni to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi, qalbini nurga to‘ldiruvchi va ilm-ma’rifat sari yetaklovchi zot bo‘ladi. Bu zot – ustozdir. Inson dunyoga ko‘z ochgan paytdan boshlab ota-ona mehridan tarbiya olsa, ong va tafakkuri shakllanayotgan davrida ustozning hikmatli so‘zlari, samimiy g‘amxo‘rligi va sabr bilan bergan ilmi uning hayot yo‘lini yoritadi.
Islom dini ilmni eng ulug‘ fazilat sifatida ko‘rsatadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Alloh sizlardan iymon kеltirganlarni va ilmga bеrilganlarning darajalarini ko‘tarur”. (Mujodala surasi, 11-oyat)
Bu oyat ustozlarning jamiyatdagi maqomi naqadar ulug‘ ekanini ko‘rsatadi. Zero, ilmni yoyuvchi, uni qalblarga singdiruvchi kimsalar – ustozlardir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam limning fazli haqida shunday deganlar:
“Ilm talab qilish har bir musulmon va muslimaga farzdir”. Ya’ni, ilm olish xoh erkak bo‘lsin, xoh ayol bo‘lsin, xoh yosh bo‘lsin, xoh keksa bo‘lsin barchaga birdek farz (ya’ni shart) qilingan. Ilm egallashda esa ustoz-murabbiylarning hissa beqiyos hisoblanadi. Shubhasiz, ustoz – inson uchun eng katta ma’naviy foyda keltiruvchi zotdir.
Xalqimizning asrlar davomida shakllangan an’analari ham ustozni ulug‘lashga asoslangan. “Ustoz otangdek ulug‘”, “Ustozni ko‘rmagan shogirddan baraka ketar” kabi maqollar xalqimizda ustoz-shogird munosabatining naqadar muhim ekanidan dalolat beradi. Sharq mutafakkirlari ham ustozga bo‘lgan hurmatni doim targ‘ib qilganlar. Bu borada Alisher Navoiy hazratlarining quyidagi misralari barcha zamonlar uchun dolzarbdir:
Haq yo‘linda kim sanga bir harf o‘qutmish ranj ila,
Aylamak bo‘lmas ado oning haqin yuz ganj ila.
Ustozning vazifasi faqat bilim berish bilangina chegaralanmaydi. U – qalbni tarbiyalaydi, nafsni jilovlaydi, yoshlarni ma’naviy kamolotga yetaklaydi. Ustoz – mehribon murabbiy, ham do‘st, ham yo‘l ko‘rsatuvchi maslahatchi hisoblanadi. U shogirdining ko‘zidagi nur, qalbidagi orzu va ongidagi umidni ko‘ra biladi. Shuning uchun ham ustozni ko‘pincha “qalb tabibi” deb atashadi.
Globallashuv, axborot oqimlari kuchaygan hozirgi davrda ustozlarning zimmasiga yanada yuksak mas’uliyat yuklangan. Yoshlar faqat bilimli emas, balki ma’naviyatli, vatanparvar, bag‘rikeng bo‘lib tarbiyalanishi uchun ustozlar o‘zlarini doimiy ravishda rivojlantirib borishlari zarur. Zero, ustozning birgina nasihati, birgina samimiy so‘zi shogird hayotini butunlay o‘zgartirishi mumkin.
Umuman aytganda, ustoz – qalblarga ilm nurini yoyuvchi, jamiyatga ezgulik urug‘ini sochuvchi, millat kelajagini shakllantiruvchi ulug‘ zotdir. Har bir inson ustozlarini qadrlashi, ularga hurmat ko‘rsatishi, duolarini olishga intilishi lozim. Zero, ustozning duosi – hayotga baraka, ilmga fayz, kelajakka nur olib kiradi.Bugungi kunda ustozni qadrlash – nafaqat ma’naviy qarz, balki jamiyat ravnaqini ta’minlovchi muqaddas burchdir.
Sarvar Saidov
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqot bo’limi boshlig’i, tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori, Phd