Muftiy hazratlarining nashr etilgan “Ey bandalarim” (bir qudsiy hadis sharhi) kitoblari hamda “Nurul yaqin” asari taqdimoti bo‘lib o‘tdi

by Matbuot xizmati
61 👁️

Bugun Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida Muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining nashr etilgan kitoblari hamda “Nurul yaqin” asarining akademik tarjimasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Toshkent islom instituti katta o‘qituvchilari — siyrat fani ustozi Abdulazim domla Ziyouddin va Bahodir domla A’zamov ishtirok etishdi. Shuningdek, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari, Imom Termiziy nomidagi islom instituti hamda “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchilari va talabalari qatnashdi.

Tadbirni ta’lim muassasa direktori Kamol domla Islamov ochib berib, bugungi kunda siyrat va islom tarixi fanlarining dolzarb ahamiyati, ushbu fanlarni to‘g‘ri va ilmiy asosda xalqimizga yetkazish zarurati haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, Muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining nashr etilgan kitoblari, xususan “Ey bandalarim” (bir qudsiy hadis sharhi) asarining ilmiy va tarbiyaviy ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng Bahodir domla A’zamov so‘zga chiqib, “Nurul yaqin” kitobining tarjimasidagi o‘ziga xos jihatlar, asarda boshqa kitoblarda kam e’tibor berilgan masalalarga alohida urg‘u berilgani, kitobdagi izohlarning ilmiy jihatdan juda qimmatli ekani, akademik tarjima yuksak saviyada amalga oshirilganini qayd etdi. Ayniqsa, talabalar ilm va malakalarini oshirishda asl arabiy matn bilan o‘zbekcha tarjimani solishtirib o‘qishlari muhim ekanini ta’kidladi.

Tadbir davomida Abdulazim domla Ziyouddin eng avvalo “Nurul yaqin” asarining muallifi hamda ushbu kitobning siyrat fani manbalari orasida tutgan o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. O‘z tadqiqotlariga ko‘ra, mazkur asar “Siyratul Halabiya” kitobidan qisqartirilgan holda tayyorlangani, izohlar yozish jarayonida ushbu manba hamda boshqa ko‘plab siyrat asarlaridan foydalanilganini ta’kidladi. «Nurul yaqin» kitobi ilgari ham o‘zbek tiliga bir necha bor tarjima qilingan bo‘lsa-da, ko‘plab tolibi ilmlarning so‘rovi bilan ushbu akademik tarjimaga qo‘l urganini, tarjima jarayoni uzoq va mashaqqatli mehnat talab etganini bayon qildi. Shuningdek, Madina davriga oid qism ustida olib borilgan sa’y-harakatlar, muharrir bilan bo‘lgan ilmiy muhokamalar va tarjimaning ilmiy saviyasi haqida ham ma’lumot berdi. Muallif so‘zi so‘ngida talabalarga siyrat fanini o‘rganishda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim masalalar yuzasidan qimmatli maslahatlar berdi.

Tadbir yakunida ustozlar va talabalar tomonidan berilgan qiziqarli savollarga atroflicha javoblar berildi. Ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir ishtirokchilar uchun juda manfaatli va mazmunli bo‘ldi.

Manzil: Surxondaryo viloyati Termiz shahri Shimoliy darvoza ko’chasi 3-uy


Telefon: +998 55 451 05 99


E-Mail: termiziycenter@gmail.com


Whatsapp: +998 55 451 05 99

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика