BAG‘RIKENGLIK – INSONIYAT TINCHLIGINING POYDEVORI

by Matbuot xizmati
139 👁️

Bag‘rikenglik insoniyat tarixida eng qadrlangan fazilatlardan biri bo‘lib, jamiyat tinchligi, barqarorligi va osoyishtaligining asosi hisoblanadi. U faqat insoniy xislat emas, balki o‘zaro hurmat, sabr, kechirim va murosaning timsolidir. Bag‘rikenglik mavjud bo‘lgan jamiyatda adovat emas, hamjihatlik hukm suradi, insonlar bir-birining fikri va qarashlariga hurmat bilan yondashadi, ziddiyatlar esa muloqot va murosa orqali hal etiladi. Bugungi globallashuv davrida bag‘rikenglik nafaqat axloqiy, balki ijtimoiy zaruratdir, chunki turli millat, din va madaniyat vakillari bir joyda yashamoqda va bu xilma-xillikni hurmat qilish tinchlikni saqlashning sharti hisoblanadi.

Islom dini insonlarni aynan shu yo‘lga, ya’ni sabr, rahm-shafqat, kechirim va bag‘rikenglikka chorlaydi. Qur’oni karimda Alloh taolo marhamat bilan aytadi:

 “Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o‘zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).

Ushbu oyati karima insonlar o‘rtasidagi tenglik, hurmat va bag‘rikenglik g‘oyasini ifodalaydi. Undan anglashiladiki, insonlarni ustun yoki past qiluvchi mezon ularning irqi, millati yoki dini emas, balki taqvosi va axloqiy kamolotidir

Rasululloh Muhammad (s.a.v.) hayotida bag‘rikenglikning eng oliy namunalarini ko‘rish mumkin. Toif voqeasida U zot toshbo‘ron qilinishlariga qaramay, dushmanlarga duo qilib, ularning halok bo‘lishini emas, balki avlodlarining hidoyat topishini so‘raganlar. Bu insoniylik va kechirimning eng yuksak darajasidir.

Bag‘rikenglik faqat diniy emas, balki ijtimoiy, madaniy va siyosiy sohalarda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Turli xalq va madaniyat vakillari tinch-totuv yashagan jamiyat har doim barqaror bo‘ladi. Qur’onda shunday hikmatli oyat bor:

Agar Alloh xohlasa, hammangizni bir ummat qilib qo‘yar edi. Ammo U sizlarni O‘zi ato etgan narsada sinamoq istaydir. Yaxshilikka shoshilingiz”. (Moida surasi, 48-oyat).

Bu oyatdan tushunish mumkinki, insoniyatdagi xilma-xillik Allohning hikmati bo‘lib, farqlilik bir-birini dushmanlik uchun emas, balki o‘rganish va hamkorlik uchun yaratilgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning Madinaga hijratidan keyin tuzilgan “Madinadagi ijtimoiy shartnoma” tarixiy bag‘rikenglik namunasi hisoblanadi. Unda musulmonlar, yahudiylar va boshqa diniy guruhlar birgalikda tinch yashash, o‘z dinlariga erkin amal qilish shartlari bilan kelishib olishgan. Bu hujjat bugungi demokratik jamiyatlarda ilgari surilayotgan diniy erkinlik tamoyillarining ilk shakli bo‘lgan.

Islom dini nafaqat musulmonlarga, balki barcha insoniyatga tinchlik tilaydi. Arabcha “islom” so‘zining o‘zi “salom” – tinchlik, osoyishtalik ma’nosini bildiradi. Rasululloh (s.a.v.) dedilar: “Haqiqiy musulmon — boshqa musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lgan kishidir” (Imom Buxoriy rivoyati). Bu hadis har bir musulmonni boshqalarga zarar yetkazmaslik va bag‘rikenglik ruhida yashashga chorlaydi.

Bugungi kunda dunyoda diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, ekstremizm va nafratga asoslangan g‘oyalarga qarshi kurashish insoniyat oldidagi muhim vazifalardan biridir. Bag‘rikenglik faqat so‘z bilan emas, amalda ham ko‘rinish topmog‘i lozim. Har bir inson xilma-xil dunyoqarashga ega bo‘lganlarni tushunishga intilishi, murosa qilish madaniyatiga ega bo‘lishi zarur. Yurtimizda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan asosiy maqsad ham 38 millionlik xalqimiz orasida bag‘rikenglik siyosatini qaror toptirishdan iboratdir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini taʼminlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonunlar har bir fuqaroga o‘z e’tiqodini tanlash, uni ado etish erkinligini kafolatlaydi. Bu huquqiy asoslar bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, turli din vakillari o‘rtasidagi muloqot va hamkorlik tadbirlari, har yili o‘tkazib kelinayotgan “Bag‘rikenglik haftaligi” – bularning barchasi jamiyatda tinchlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Umuman aytganda, bag‘rikenglik insonning axloqiy yuksakligini ko‘rsatadi. Kimki boshqalarning fikrini tushunishga, kechirishga, murosa qilishga qodir bo‘lsa, demak, u ma’naviy jihatdan yetuk insondir.  Bag‘rikenglik insoniyat tinchligining poydevori, jamiyat barqarorligining kafolati va ma’naviy kamolotning belgisi sifatida ko‘plab tarixiy voqealar va hadislar bilan tasdiqlangan. Har bir inson o‘z hayotida sabr, kechirim, murosa, rahm-shafqat va mehr-muhabbatni ustuvor qilsa, dunyo yanada osoyishta bo‘ladi.

Sarvar Saidov

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqot bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, PhD

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика