
Inson hayotining asosiy tayanchi — bu oiladir. Oilaning esa eng muhim ustunlari ota va onadir. Ota – ro‘zg‘orning suyanchi, mehnatsevarlik va mas’uliyat ramzi bo‘lsa, ona – mehr, sadoqat va rahm-shafqat timsolidir. Shu sababli ota-onani e’zozlash, ularga hurmat ko‘rsatish, ularning duosini olish har bir insonning eng muqaddas burchi hisoblanadi.
Ota-onani e’zozlash – insoniylikning yuksak ko‘rinishi hisoblanadi. Farzandning ota-onaga bo‘lgan munosabati uning insoniy fazilatlaridan darak beradi. Ota-onani e’zozlash — bu faqat ularning tirik paytida hurmat ko‘rsatish emas, balki ular vafot etganidan so‘ng ham ularning nomini ulug‘lash, duo bilan yod etish, ularning orzusini davom ettirish, nomiga dog‘ tushirmaslikdir.
Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) marhamat qilganlar: “Jannat onalarning oyog‘i ostidadir.” Bu hadis onalarning maqomini, ularga hurmatning naqadar ulug‘ligini ochiq ifoda etadi. Yana boshqa bir hadisda:
“Allohning roziligi ota-onaning roziligidadir, Allohning g‘azabi ota-onaning g‘azabidadir”, – deb ta’kidlangan.
Bu so‘zlar ota-onaga bo‘lgan munosabat insonning butun hayotiga, dunyoviy va oxirat saodatiga bevosita ta’sir etishini ko‘rsatadi.
Qur’oni karimda ko‘plab oyatlar ota-onaga yaxshilik qilishni buyuradi. Isro surasining 23-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Robbing faqat uning o‘ziga ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishingni amr etdi. Agar huzuringda ularning biri yoki har ikkisi keksalik yoshiga yetsalar, bas, ularga “uff” dema, ularni koyima, ularga chiroyli so‘z ayt”.
Bu oyat nafaqat diniy buyruq, balki yuksak axloqiy qo‘llanma va qadryatdir. Unda ota-onaning keksaligida ularni asrab-avaylash, g‘amxo‘rlik qilish, ularning ko‘nglini og‘ritmaslik buyurilgan.
Jamiyatning mustahkamligi va farovonligi har bir oilaning barqarorligiga bog‘liq. Agar oilada mehr, hurmat va ehtirom hukm sursa, bu ijobiy muhit butun jamiyatga tarqaladi. Aksincha, ota-onasiga hurmatsizlik qilgan, ularni qadrlamagan avloddan jamiyat uchun foydali shaxslar chiqmaydi.
Ota-onani qadrlash — bu oilaviy qadriyatlarning, milliy g‘urur va axloqiy me’yorlarning asosi. Har bir farzand ota-onasiga mehr ko‘rsatgan sari, u o‘z farzandlarida ham shu xislatni tarbiyalaydi, uzluksiz davom etadigan fazilat zanjiriga aylanadi. Natijada mehr-oqibat, g‘amxo‘rlik, hurmat singari fazilatlar jamiyatning har bir qatlamiga singib boradi.
Ota-onaning duosi bilan ulg‘aygan farzand – vatanparvar, mehnatsevar va halol inson bo‘lib yetishib jamiyat taraqqiyotiga, xalq tinchligiga, mamlakat ravnaqiga xizmat qiladi.
Ota-onaning roziligi – farzandning eng katta boyligi. Ularning duosi inson hayotini nurli qiladi, ishlarida baraka bo‘ladi. Ko‘plab insonlar hayotdagi yutuqlarini ota-onasining duosiga bog‘laydi. Kim ota-onasiga yaxshilik qilsa, Аlloh unga ham yaxshilik eshiklarini ochadi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytganlar: “Farzand ota-onasiga qarshi chiqsa, dunyoda baxt topmaydi.” Demak, ota-onaning ko‘nglini og‘ritish, ularni ranjitish nafaqat gunoh, balki insonning o‘z hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omildir.
Xulosa qilib aytganda ota-onani e’zozlash – bu nafaqat diniy burch, balki insoniylikning eng oliy ifodasidir. Ota-onasiga hurmat ko‘rsatgan, ularning duosini olgan insonning hayoti farovon, jamiyati esa tinch va barqaror bo‘ladi. Har bir inson o‘z ota-onasini e’zozlash orqali nafaqat o‘z hayotini, balki butun jamiyatning ma’naviy muhitini yaxshilaydi.
Demak, jamiyat farovonligi, insonlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, oilaviy barqarorlikning poydevori — ota-onani hurmat qilish, ularning qadriyatlarini asrab-avaylash, duolarini olishdir. Kim ota-onasini ulug‘lasa, Аlloh uni ulug‘laydi, bunday inson yashayotgan jamiyat esa albatta farovon hayot kechiradi.
Imom Termiziy хalqaro ilmiy tadqiqot markazi ilmiy xodimi
ABDUVAXIDOV ABDULLAZIZ ABDUSATTOR O‘G‘LI