Tinchlik, do‘stlik va ma’rifat sari

by Admin
274 👁️

BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida O‘zbekiston so‘nggi yillarda tinchlikparvarlik, savdo-iqtisodiy, xalqaro muloqotlar maydonida faol ishtirokchiga aylanganiga dunyo hamjamiyati yana bir karra guvoh bo‘ldi.

Xalqaro ekspertlar shu kunlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev O‘zbekiston va BMT munosabatlari tarixida yangi sahifa ochganini bot-bot takrorlamoqdalar. Qisqa muddatda “Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik”, “Barqaror turizm va Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyot”, “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilish” rezolyusiyalari qabul qilindi. 2025 yilning o‘zida mamlakatimiz Bosh Assambleyaning 79-sessiyasi davomida qabul qilingan 3 ta rezolyusiyaning tashabbuskori va hammuallifi bo‘ldi.

Prezidentimiz BMT minbarida turib, “Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan o‘zaro hamjihatlik, ochiq muloqot va yaqin sheriklik tarafdoridir. Biz xalqlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, umumbashariy maqsadlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida o‘z hissamizni qo‘shishga doim tayyormiz”, dedi.

Ertangi kunimiz, dunyoning taqdiri va farovonligi o‘sib kelayotgan yosh avlod qo‘lida ekani, yoshlarimizning qalbi va ongiga tinchlik, gumanizm va do‘stlik, o‘zaro ishonch va hurmat kabi olijanob g‘oyalarni singdirish dolzarb vazifalar sirasiga kirishini urg‘ulab, davlatimiz rahbari bu borada “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni ta’sis etish va uning qarorgohini O‘zbekistonda joylashtirish taklifini ilgari surdi.

Shu bilan birga, islom ma’rifati g‘oyalarini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni faol davom ettirishimizni ta’kidlab, yaqin oylarda keng mintaqamiz uchun noyob bo‘lgan Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishini ma’lum qildi.

Buyuk ajdodlarimiz – mutafakkir allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiyning boy ma’naviy va ilmiy merosining alohida taqdimotlarini Birlashgan Millatlar Tashkilotida o‘tkazish rejalashtirilgani, quvonarli xabar bo‘ldi.

Mazkur tashabbus, avvalo, O‘zbekistonning jahon hamjamiyati oldidagi ma’naviy-ilmiy missiyasini namoyon etadi. Zero, bugungi kunga qadar O‘zbekiston buyuk allomalarimiz ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganish va uni nafaqat musulmon olami, balki jahon ilmiy jamoatchiligi orasida targ‘ib qilish borasida munosib o‘rin egalladi. Xususan, bu yo‘nalishda Imom Termiziy, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari hamda Islom sivilizatsiyasi markazi tarixiy merosni tizimli va chuqur ilmiy tahlil qilish, uning zamonaviy ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini ochib berish, xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va sivilizatsiyalar o‘rtasida ma’naviy muloqotni kuchaytirishda strategik ahamiyatga ega ilmiy-innovatsion maydon sifatida xizmat qilmoqda. Chunki ushbu allomalar asarlarida islom ma’rifatiga xos bag‘rikenglik, adolat, insonparvarlik va tinchlik g‘oyalari mujassam. Bugungi kunda dunyoda turli ziddiyatlar, radikal qarashlar va ekstremistik tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda ana shu g‘oyalarni keng targ‘ib etish jahon hamjamiyati uchun g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega.

Shuningdek, BMT minbaridan allomalar merosini taqdim etish nafaqat O‘zbekistonning ma’naviy merosini jahonga tanitish, balki sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqot va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamdir. Bu tashabbus orqali O‘zbekiston “yangi ma’rifiy diplomatiya”ni amalga oshirib, islom sivilizatsiyasi boyliklarini butun insoniyat umumiy merosining ajralmas qismi sifatida namoyon etmoqda.

Islom ma’rifati va sivilizatsiyasi tarixida Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy alohida o‘rin tutadi. Ular o‘z asarlari va ilmiy meroslari orqali insoniyatni bag‘rikenglik, adolat, insonparvarlik va tinchlik g‘oyalariga da’vat qilganlar.

Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” asari islom dinining eng ishonchli manbalaridan biri bo‘lib, unda inson sha’ni va qadri, adolat va tinchlikni muhofaza qilish, muhtojlarga yordam berish kabi insonparvarlik g‘oyalari keng targ‘ib etilgan.

Imom Termiziyning “Ash-Shamoil an-nabaviya” (“Payg‘ambarga xos siyrat va fazilatlar”)  asari Payg‘ambar alayhissalomning oliyjanob xulq-atvorini yoritib, inson qalbida mehr-shafqat, kamtarlik va bag‘rikenglik tuyg‘ularini mustahkamlaydi. Bu g‘oyalar turli millat va din vakillari o‘rtasida tinchlik va o‘zaro ishonchni kuchaytiradi.

Imom Moturidiy esa “Ta’vilot ahl as-sunna” (“Sunniylik an’analari sharhi”)  asarida din va aql uyg‘unligi, insonning erki va mas’uliyati, adolatli jamiyat qurish g‘oyalarini ilgari surgan. Uning ta’limotiga ko‘ra, aql va ma’rifat orqali barqarorlik va hamjihatlikka erishish mumkin.

Bu buyuk allomalarning merosi nafaqat islom olami, balki butun insoniyat uchun ma’naviy xazina bo‘lib xizmat qiladi. Shu bois, ularning boy ilmiy va ma’naviy merosini jahon hamjamiyatiga yetkazish, uni tinchlik va ma’rifat sari da’vat sifatida targ‘ib qilish zamonaviy davr uchun ham ulkan ahamiyatga ega.

Shuningdek, yuqori minbardan “Markaziy Osiyoda Global aksilterror strategiyasini bajarish bo‘yicha samarali ishlar olib borilmoqda. BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda Reabilitatsiya va qayta integratsiya masalalari bo‘yicha Mintaqaviy Kengash tuzilgan. Biz uni Xalqaro kompetensiyalar markaziga aylantirish” taklif etildi.

Bu tuzilma muammoli hududlardan qaytarilgan shaxslarni tinch hayotga moslashtirish bo‘yicha tajriba almashish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishi, bundan tashqari, mamlakatimiz Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochish uchun zarur sharoit yaratishga tayyor ekani haqida bayon qilindi.

BMT Bosh Assambleyasining yubiley sessiyasida global xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, Tashkilot tizimi va xalqaro moliya arxitekturasini isloh qilish, iqlim o‘zgarishi oqibatlari va boshqa zamonaviy xatarlarga qarshi kurashishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Yangi O‘zbekiston tajribasida terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash sohasida insonparvar yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu siyosiy va ijtimoiy-huquqiy yo‘nalish faqat kuch ishlatish, jazo choralari yoki huquqiy tartib-taomillar bilan cheklanib qolmaydi. Aksincha, u keng qamrovli, tizimli va kompleks chora-tadbirlar asosida amalga oshiriladi.

Birinchi navbatda, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya orqali radikal g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitet shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda diniy sof ta’limotni buzib ko‘rsatuvchi va zo‘ravonlikni oqlaydigan qarashlarga qarshi islom ma’rifati, bag‘rikenglik, insonparvarlik va tinchlik g‘oyalari ustuvor qo‘yiladi.

Ikkinchidan, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari insonparvar yondashuvning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Muammoli hududlardan qaytib kelgan yoki radikal g‘oyalar ta’siriga tushgan shaxslarni jamiyatga qayta moslashtirish jarayonida ularning oilaviy munosabatlari, ijtimoiy aloqalari va psixologik holatiga jiddiy e’tibor beriladi. Bunday shaxslarni reabilitatsiya qilishda jamoatchilik, mahalla tizimi va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtiroki samaradorlikni yanada oshirmoqda.

Uchinchidan, iqtisodiy imkoniyatlar yaratish ham radikalizmning oldini olishda hal qiluvchi omillardan biri sifatida qaralmoqda. Jumladan, odamlarni ish bilan ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish, kichik biznes va tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish orqali radikal muhit ta’siridan chiqib kelgan shaxslar uchun hayotda yangi imkoniyat eshiklari ochilmoqda. Bu nafaqat ularning iqtisodiy barqarorligini ta’minlaydi, balki ijtimoiy adolat va ishonch hissini ham mustahkamlaydi.

Amaliy natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, Yangi O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilgan insonparvar yondashuv radikal g‘oyalar ta’siriga tushgan shaxslarning qayta tarbiyalanishi va sog‘lom hayot tarziga qaytishida yuqori samara berayapti. Bu tajriba hozirda xalqaro miqyosda ham qiziqish uyg‘otib, BMT va qator nufuzli tashkilotlar tomonidan o‘rganilmoqda va qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Qayd etish kerakki, O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligi so‘nggi yillarda mutlaqo yangi darajaga ko‘tarildi. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida muntazam nutq so‘zlaydi, xususan, keyingi yillarda o‘tkazilgan qator sessiyalardagi nutqi mintaqaviy xavfsizlik, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, inson huquqlarini himoya qilish va sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirishga qaratilgan muhim siyosiy bayonotlarga aylandi.

Mamlaktimizda kechayotgan diniy-ma’rifiy soha islohotlari inson manfaatlarini ko‘zlaydi. Bu davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 21 aprel kuni imzolangan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda ham o‘z aksini topgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasida belgilangan vazifalarni ro‘yobga chiqarish, diniy-ma’rifiy sohadagi ezgu g‘oya va tashabbuslarni xalq manfaatlaridan kelib chiqib izchil davom ettirish hujjatning mazmun-mohiyatini tashkil qiladi.

Darhaqiqat, Prezidentimizning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, uzoq va yaqin davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi tashabbuslari tufayli so‘nggi yillarda O‘zbekistonning do‘stlari, xayrixohlari xalqaro maydonda ham tobora ko‘payib bormoqda. Qo‘shni, yaqin va uzoq mamlakatlar bilan mutlaqo yangi – sog‘lom siyosiy va teng sheriklik asosidagi iqtisodiy aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Xalqaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, yangi mexanizmlari joriy etilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonda fuqarolarning vijdon va diniy erkinligi sohasidagi Konstitutsion huquqlarini ta’minlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglik va dinlararo do‘stlik-hamkorlik g‘oyalarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Diniy tashkilot va dindorlar uchun o‘z diniy an’ana va marosimlarini emin-erkin o‘tkazish, diniy amalllarni bajarish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Bu holatni nafaqat yurtimiz fuqarolari, balki jahonning turli mamlakatlaridan kelgan mehmonlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ham e’tirof etib kelmoqda.

Yaqin tarixda ajdodlarimiz o‘z ota-bobosi bo‘lmish Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Imom Nasafiy va So‘fi Olloyordek ulug‘ zotlarning boy ma’naviy merosi bilan erkin tanishish imkoniga ega emas edilar. Bugun esa diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ajdodlarimiz yozgan yuzlab kitoblar o‘zbek tilida, sharhlari bilan yurtdoshlarimizga tortiq qilinmoqda. Yoshlarimiz ushbu islohotlarga befarq bo‘lmasdan, ilmiy va amaliy faoliyati bilan elimiz farovonligi yo‘lida tinmay mehnat qilishi, ma’rifatparvarlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik kabi tushunchalarning mohiyatini anglab, shunga munosib yashashi har qachongidan dolzarblik kasb etmoqda.

Yangi O‘zbekistonning BMT minbaridan bildirilayotgan tashabbuslari, avvalo, xalqimiz asrlar davomida shakllantirgan ma’naviy-ruhiy merosga tayanadi. Buyuk ajdodlarimiz – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va boshqa ulug‘ zotlar asarlarida mujassam bo‘lgan bag‘rikenglik, adolat, insonparvarlik va tinchlik g‘oyalari bugun ham jahon hamjamiyati uchun ulkan ahamiyatga ega. Ushbu merosni BMT kabi nufuzli tashkilot doirasida keng targ‘ib qilish O‘zbekistonning ma’naviy diplomatiyasi, tinchlikparvar siyosatining yorqin ifodasidir.

Shu bilan birga, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashda insonparvar yondashuvning ustuvor qilinayotgani mamlakatimiz tajribasining o‘ziga xos jihatidir. Bu yo‘l ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya va iqtisodiy imkoniyatlar yaratish bilan uyg‘unlashib, radikal g‘oyalar ta’siriga tushgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarishda samarali natijalar bermoqda. O‘zbekiston BMT maydonida ilgari surayotgan tashabbuslari bilan nafaqat mintaqaviy barqarorlikka, balki global xavfsizlik va ma’naviy taraqqiyotga ham munosib hissa qo‘shmoqda. Shu ma’noda, Yangi O‘zbekistonning bugungi izchil siyosati insoniyat tarixida tinchlik, do‘stlik va ma’rifat sari da’vat sifatida munosib bahosini olayotganini alohida ta’kidlash joiz.

Muzaffarxon JONIEV,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика