BUYUK ALLOMALAR YURTI Muqaddas kutubxonaga “Sahihi Buxoriy” va “Sunani Termiziy” sharhlari tortiq qilindi

by Matbuot xizmati
26 👁️

Yurtimizda kechayotgan diniy-ma’rifiy sohada keng ko‘lamli islohotlar, ijobiy o‘zgarishlarning amaliy in’ikosi xalqimiz musulmonlarining o‘z ibodatlarini emin-erkin ado etishlari uchun yaratilayotgan yengillik, qulaylik va imkoniyatlarda ham yaqqol aks etmoqda. Jumladan, “Haj – 2025” mavsumi doirasida yurtimiz hojilari uchun yaratilgan shart-sharoitlar Saudiya Arabistoni Podshohligining “al-Madina”, “Ar-Riyod”, “al-Xabar”, “al-Xalij” kabi katta adadga ega nufuzli markaziy nashrlari tomonidan yuksak e’tirof etilayotganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili O‘zbekiston xalqiga Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigida xalqimiz hayotida ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat va olijanoblik ramzi sifatida mustahkam qaror topgan Qurbon hayiti bugungi kunda biz uchun barcha sohalarda inson qadri yetakchi o‘ringa chiqayotgan Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar mazmuniga naqadar uyg‘un va hamohang ekani bilan yanada ahamiyatli bo‘lib borayotgani ta’kidlagan edi.

Istiqlol sharofati bilan xalqimizning ko‘p yillik orzusi ushalib, Haj safarlariga keng yo‘l ochildi. 1991 yilda 2500 tadan boshlangan haj kvotalari, keyinchalik 5000 tadan oshdi. Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida yurtimiz musulmonlarining istaklarini inobatga olgan holda Prezidentimiz tomonidan Haj va Umra safarlariga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Yildan-yilga muborak Haj va Umra safarlariga borayotganlar safi ortib, ular uchun yaratilayotgan sharoitlar ham kengaymoqda.

Haj safariga yuborish ishlarini yanada yaxshilash va yangi bosqichga ko‘tarish tadbirlari amalga oshirilib, 2022 yilda 12 mingdan ziyod ziyoratchi ushbu amallarni ado qilib keldi. 2023 yilda esa O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 12 mingdan 15 ming nafarga oshirildi. Bu yilgi “Haj-2025” dasturi bo‘yicha marosimlarni bajarish istagida bo‘lgan ziyoratchilar O‘zbekistonning 10 ta mintaqaviy xalqaro aeroportidan muqaddas manzillarga yetkazildi. Hozirgi kunda 15200 nafarga yaqin yurtimiz ziyoratchilari musulmonchilik burchini ado etish, xalqimiz va mamlakatimizning tinchligi hamda taraqqiyoti uchun duo qilib, muqaddas shaharlarda bo‘lib turibdi. Ayni paytda ularga 300 nafarga yaqin malakali guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, oshpazlar, tarjimon va boshqa ko‘makchilar ham hamrohlik qilmoqda. Ayniqsa, yurt rahbari tomonidan ziyoratchilarning holidan xabar olib turilishi yuksak e’tiborning o‘ziga xos namunasi bo‘ldi.

Prezidentimizning 2017 yil 14 fevraldagi “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2017 yil 27 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari asosida Imom Termiziy va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi.

Ularning asosiy vazifalari – islom dinining, Qur’oni karim va hadis ilmining asl mohiyatini, hadisshunoslik maktabining ilmiy-ma’naviy asoslarini, Imom Termiziy hamda termiziy allomalar, yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkir zotlar merosini har tomonlama chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish, hadis ilmining rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan vatandoshimiz Imom Buxoriy va boshqa mutafakkirlarning ulkan ilmiy va diniy merosini o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish orqali xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilishdan iborat.

Joriy yil Haj safari mobaynida yuqoridagi markazlar tomonidan nashrga tayyorlangan Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” va Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” asarlari sharhlarining 1-4-jildlari Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) abadiy qo‘nim topgan, butun dunyo musulmonlarini Haj va Umra ziyoratlari asnosida bir joyga to‘plagan zamin – Madinai munavvarada joylashgan Masjidun Nabaviy kutubxonasiga topshirildi.

Haj ziyoratidek muborak safar jarayonida Masjidun Nabaviy kutubxonasida islom sivilizatsiyasida muhim o‘rin tutgan ulug‘ allomalarimizning ilmiy meroslaridan iborat o‘zbek tilidagi adabiyotlarga mo‘ljallangan “O‘zbekiston burchagi” tashkil etilib, “Olti sahih hadislar”dan sanalgan “Sahihi Buxoriy” va “Sunani Termiziy” sharhlarining 1-4-jildlari taqdim etildi. Kitoblar Masjidun Nabaviy kutubxonasi Xorijiy tillar bo‘limi boshlig‘i Ahmad Naim Mulla tomonidan qabul qilib olindi.

Tadbir jarayonida “Sahihi Buxoriy” va “Sunani Termiziy” asarlarining “Olti sahih hadislar” darajasidagi o‘rni xususida to‘xtalinib, Imom Buxoriy va Imom Termiziylarning islom dini taraqqiyotidagi xizmatlari alohida e’tirof etib o‘tildi.

Jumladan, Masjidun Nabaviy kutubxonasi bo‘lim boshlig‘i Ahmad Naim Mulla islom olamidagi 6 buyuk muhaddislardan 2 nafari aynan Movarounnahrdan yetishib chiqqani bu zaminda islom bilimlarining barakasi yuqoriligidan dalolat ekanligini ta’kidladi.

Shu bilan birga u bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida diniy sohada olib borilayotgan diniy bag‘rikenglik siyosatini yuqori baholab, Kutubxonaga taqdim etilgan o‘zbek tilidagi ushbu hadislar to‘plamlari sharhlari Haj va Umra ziyoratlariga keluvchi ziyoratchilarga muhim manba bo‘lib xizmat qilishini aytib o‘tdi.

Tadbir jarayonida bildirilgan fikr va mulohazalardan kelib chiqib aytish mumkinki, Qur’oni karimdan keyin muqaddas sanalgan hadislar to‘plami qatorida bugungi O‘zbekiston hududida tug‘ilib, voyaga yetib, ilm o‘rganib, shu zaminda abadiy qo‘nim topgan Imom Buxoriy va Imom Termiziylarning “Sahihi Buxoriy” va “Sunani Termiziy” asarlari bu buyuk allomalarning o‘z ona tilida mazkur Kutubxonadan joy olishi iftixor tuyg‘usini uyg‘otish bilan bir qatorda mamlakatimizning islom sivilizatsiyasidagi o‘tmish va bugungi o‘rnini yaqqol ko‘rsatib berishi shubhasiz.

Nuroniy otaxon va onaxonlarimiz Haj ibodatini ado etarkanlar, Yaratgan zotdan elimizning farovonligi yo‘lida kunu tun xizmatda bo‘lgan davlatimiz rahbari haqqiga duoi xayrlar qilishmoqda. Tilda shukronalik bilan elimizning quvonchi bundan-da ziyoda bo‘lishni tabarruk maskandan turib, Yaratgandan so‘rash o‘zi katta baxtdir. Axir yaqin tarixda ajdodlarimiz o‘z ota-bobosi bo‘lmish Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Imom Nasafiy va So‘fi Olloyordek ulug‘ zotlarning boy ma’naviy merosini o‘qishiga ta’qib bor edi.

Bugun esa diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ajdodlarimiz yozgan yuzlab kitoblar o‘zbek tilida, sharhlari bilan yurtdoshlarimizga tortiq qilinmoqda. Xalqimizning azaliy orzu va ehtiyojlarini inobatga olgan holda diniy-ma’rifiy sohada jadallik bilan kechayotgan islohotlar esa Yaratgan zotga behisob shukronlar aytishimiz uchun omildir. Ajdodlarimizning armonlari bugun ushalmoqda.

Kuni kecha Prezidentimiz Samarqandga tashrif buyurib, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Butun islom olamida Imom Buxoriyning hurmati yuksak, uning maqbarasini ko‘rish istagidagi insonlar ko‘p. Shu bois ziyoratchilarga sharoitlarni kengaytirish maqsadida bu yerda yangi majmua barpo etilmoqda. Tashrif chog‘ida Prezidentimiz qurilishning borishini ko‘zdan kechirdi.

Majmuaning umumiy maydoni 44 gektar etib kengaytirilgan. Hozirgi kunda mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid, 4 ta minora qurib bitkazilgan. Yangi majmua ziyorat bilan birga ma’rifat, tarbiya, ibrat o‘chog‘i bo‘ladi. Muzey, ma’muriyat, mehmonxona va boshqa xizmat ko‘rsatish binolarini o‘z ichiga oladi. Peshtoqlar va ayvon devorlariga “Sahihi Buxoriy”dan hadislar bitiladi.

Yoshlarimiz ushbu islohotlarga befarq bo‘lmasdan, ilmiy va amaliy faoliyati bilan elimiz farovonligi yo‘lida tinmay mehnat qilishi, ma’rifatparvarlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik kabi tushunchalarning mohiyatini anglab, shunga munosib yashashi har qachongidan dolzarblik kasb etmoqda. Biz dunyoda O‘zbekiston buyuk siymolar yurti ekanligini munosib voris sifatida ko‘rsata olsak, yanada yurtimiz farovon, xalqimiz shod, hayotimiz mazmunli bo‘lishi tabiiy hol. Chunki Alloh taolo tili, dili va amali bilan shukr qiluvchi bandalariga o‘z ne’matlarini yanada ziyoda qilib berishni va’da qilgani ayni haqiqat.

Muzaffarxon JONIYEV,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика