
Annotatsiya. Ushbu maqolada Imom Termiziyning buyuk muhaddis olim sifatidagi oʻrni hamda ilmiy merosining tarbiyaviy ahamiyati Prezidentimiz Sh.M.Mirziyovning fikrlariga asoslangan holda tahlilga tortilgan.
Kalit soʻzlar: muhaddislar sultoni, mumtoz siymo, hadis ilmi, madaniyat, sivilizatsiya, ilm-fan, sogʻlom dunyoqarash.
Abstract. In this article, the role of Imam Termizi as a great scholar and the educational significance of his scientific heritage is analyzed based on the opinions of our President Sh.M. Mirziyov.
Keywords: sultan of muhaddis, classical figure, science of hadith, culture, civilization, science, healthy outlook.
“Muhaddislar sultoni” degan yuksak maqomga erishgan buyuk ajdodimiz
– Imom Buxoriyning suyukli shogirdi boʻlgan bu benazir zotning yorqin xotirasi, oʻlmas asarlari, yuksak insoniy fazilatlari oʻn ikki asrdan buyon yurtimiz zaminini shonu shuhratga burkab kelayotgani bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Imom Termiziy bobomiz musulmon dunyosida olti buyuk muhaddisdan biri sifatida eʼtirof etilgani, ul zotning hadislar toʻplami eng moʻtabar manbalar qatorida tilga olinishi, islom ummati bu mumtoz siymo oldida doimo taʼzimda ekani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
SHAVKAT MIRZIYOYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Oʻzbekiston xalqining koʻp asrlik boy tarixiga nazar tashlar ekanmiz, unda taraqqiyot choʻqqilarini zabt etishning mashaqqatli bosqichlarini koʻrish mumkin. Bu bosqichlarda davlatchiligimizning shakllanishi, jamiyatda ilmu fan, sanʼat va madaniyatning yuksalishi, buyuk siymolarning oʻz ijodida erishgan yutuqlari jahon tamaddunining rivojiga hissa qoʻshishdek iftixorli jarayonlar gavdalanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yillik tantanalarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining: «Xalqimizning ulugʻvor qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Oʻzbekistonda yangi bir uygʻonish – Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda», degan soʻzi yangradi.
Darhaqiqat, shiddat bilan rivojlanayotgan hayotimizda roʻy berayotgan yuksalish jarayonlari oʻzini barcha sohalarda namoyon etmoqda. Binobarin, mustaqillikka erishgan yillarimizning ilk davrida biz oʻzimizning milliy oʻzligimizni anglash, boy tarixiy-maʼnaviy hamda ilmiy merosimizning asl mazmun-mohiyati magʻzini chaqish va uni roʻyobga chiqarishga intilgan boʻlsak, endilikda xalqimiz jipslanib “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish” gʻoyasini sobit qadamlik bilan amalga oshirishga kirishdi. Bu davrda jamiyatimizda ijtimoiy tafakkurning yuksalish tendensiyasi qaror topishi, unga xos ham milliy, ham umuminsoniy qadriyatlarning mujassamligi eʼtirof etilmoqda.
Jahon ilmiy hamjamiyatining eʼtirof etilishicha, Oʻzbekiston qadimdan madaniyat va sivilizatsiya barpo etuvchi zamindir. Darhaqiqat, oʻrta asrlarda Oʻzbekiston hududida vujudga kelgan ilmiy-maʼnaviy yutuqlar Yevropadagi ilmu fanga asos boʻldi. Muhammad al-Xorazmiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy kabi ulugʻ mutafak- kirlarimizning beqiyos ilmiy-falsafiy risolalari dunyoviy bilimlarni rivojlantirish va tizimlashtirish bilan bir qatorda, nafaqat oʻz zamonasi, balki keyingi yuz yilliklarga tegishli umumjahon tamaddunining yuksalishiga asos soldi.
Kuni kecha muhtaram Prezidentimizning Muqaddas islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk olim, vatandoshimiz Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning 1200-yillik shodiyonasini keng nishonlash toʻgʻrisidagi Qarori qabul qilindi. Mintaqamizdan yetishib chiqqan Imom Termiziyning hayoti, ijodiy va ilmiy faoliyati davrida yaratgan asarlari,
ilm talabida boshqa yurtlarga chiqishlari va zamondoshlari haqidagi maʼ- lumotlarni oʻrganish tariximizning oʻrganilmagan sahifalarini yoritishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Movarounnahrda VIII-IX asrlarda islom dinining keng tarqalishi barcha sohalar fan, madaniyat, falsafa, ijtimoiy hayot rivojiga oʻz taʼsirini oʻtkazdi. Oʻsha davrda mashhur mutafakkirlar, qomusiy olimlar yetishib chiqdi. Qodirov Qutlugʻbek Bekmurodovich oʻzining Imom Abu Iso Muhammad Termiziyning muhaddislik faoliyati va tarbiyaviy qarashlari nomli ilmiy ishida quyidagi maʼlumotlarni keltiradi:
– tuprogʻida choʻpon tayogʻini suqib, unutib qoldirsa, koʻkarib chiqadigan bu voha Surxondaryoda ulugʻ olimlar Hakim Termiziy, Varroq Termiziy, buyuk muhaddis Imom Iso Termiziy, Maseho Boysuniy, musavvir Abdulla Termiziy, tarixchi Samandar Termiziy, shayx Mir Buzurg Termiziy va boshqa oʻnlab ijodkor, shayxlar, allomalar, sarkardalar yetishib chiqqan;
– IX asrda Movarounnahr, Xuroson va Chagʻoniyon oʻrtasida oʻzaro ilmiy madaniy aloqalar yaxshi yoʻlga qoʻyilgan381.
Islomshunos olim ustoz Ubaydulla Uvatov esa Iso Termiziy haqida shunday maʼlumotlarni keltiradi: Uning toʻliq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok Abu Iso Sulamiy Zarir Bugʻiy Termiziy boʻlib, u 209/824-yili Termiz yaqinidagi Bugʻ (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod nohiyasi hududida joylashgan) qishlogʻida kambagʻal oilada tavallud topgan. Xalq orasida Termiziy nomi bilan mashhur boʻlishiga sabab, buyuk muhaddisning hayoti va faoliyati yoshligidan boshlab Termiz bilan chambarchas bogʻliq boʻlganligidan, shuningdek, olim tugʻilgan Bugʻ qishlogʻi Termizga yaqin boʻlib, maʼmuriy idoraviy jihatdan unga mansub qishloqlardan ekanligidan deb izohlash mumkin.
Tadqiqotchi – olimlar M.Aminov, F.Hasanovning fikricha, mashhur alloma, buyuk muhaddis Imom Termiziy (toʻliq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok Sulamiy Bugʻiy Termiziy) (824-892) Termizda uncha badavlat boʻlmagan oilada tavallud topgan. Sulamiy deb nisbat berilishiga sabab bobolaridan biri Sulam nomidagi arab qabilasiga doʻst tutingan. Bugʻiy deyilishiga sabab oʻsha vaqtdagi Bugʻ nomli qishloq (hozirgi Sherobod tumani)da vafot etgan va shu yerga dafn qilingan. Umrining oxirida koʻzi ojiz boʻlib qolgani uchun Zarir taxallusi bilan ham atalgan382.
Shayx Abdusalom Muborakfuriy oʻz asarida keltirishicha, Imom Termiziy hijriy 206-yil tavallud topib, uning ismi – Muhammad, kunyasi (taxallusi) Abu Iso va nasabi Muhammad ibn Iso Savra ibn Muso Zahhok Sulamiy Zarir Bugʻiy Termiziydir. Bobosi asli marvaziylardan boʻlsa-da, qandaydir ish yuzasidan Termizni vatan tutib, oʻrnashib qolgan. Uning yoshlik yillari Termiz shahrida oʻtgan, dastlabki maʼlumotni ham shu yerda olgan. Bolaligidan oʻta ziyrakligi, xotirasining kuchliligi, noyob qobiliyati bilan oʻz tengqurlaridan ajralib turgan. Diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan oʻrgangan, bu boradagi bilimlarini yanada oshirish uchun koʻpgina Sharq mamlakatlariga borgan. Koʻp yillar Iroq, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan. Uzoq davom etgan safarlari chogʻida qiroat ilmi, bayon, fiqh, tarix, ayniqsa oʻzi yoshlikdan qiziqqan hadis ilmi boʻyicha oʻsha davrning yirik olimlaridan taʼlim olgan. Mashhur muhaddislardan Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Qutayba ibn Said, Isʼhoq ibn Muso, Mahmud ibn Gʻaylon va boshqalar uning ustozlari boʻlganligi383 manbalarda qayd etilgan.
Oʻz ijodiy va ilmiy faoliyati davrida Termiziy bir qancha asarlarni yozdiki, ularning aksariyat qismi bevosita hadislarga bagʻishlangan. Islom ulamolari oʻrtasida ilk davrdan boshlab hadislarning toʻgʻriligi, ularni ishonchli manbalarga asoslanishiga katta eʼtibor berilgan. Chunonchi, oʻsha davrning oʻzidan boshlaboq noaniq, chala-chulpa, hatto soxta hadislar ham el orasida tarqay boshlagan. Shunday paytlarda ular qayta-qayta tekshirilib, muhaddislarning betinim mehnati natijasida asl holiga qaytarilib, yozma ravishda qayd qilingan “Shamoili nabaviya”. Abu Iso Imom Termiziyning boshqa bir yirik asari “Shamoili nabaviya” (Paygʻambarning alohida fazilatlari) deb ataladi. Bu asar baʼzi manbalarda “Ash-Shamoil fi shamoilin nabiy sollallohu alayhi vasallam”, “Ash-Shamoilul Muhammadiya” nomlari bilan ham keltirilgan. Asar Paygʻambar alayhis- salomning shaxsiy hayotlari, u zotning siyratlari, ajoyib fazilat va odatlariga oid toʻrt yuzu sakkiz hadisi sharifni oʻziga jamlagan qimmatli manbadir.
Imom Termiziy asarining boshqalardan afzalligi va farqi shundaki, muallif imkoni boricha Paygʻambar alayhissalom fazilatlariga doir barcha hadislarni muntazam ravishda toʻplab, mantiqan izchil bir holatda tartibga keltirgan va oʻziga xos mustaqil, yaxlit kitob shaklida tasnif qilgan.
“Shamoili nabaviya” azaldan islomshunos olimlar va tadqiqotchilarning diqqatini oʻziga jalb qilib keladi.
Xulosa qilib aytganda, Imom Termiziy ilmiy merosining oʻziga xos xususiyatlari va bugungi kundagi tarbiyaviy ahamiyati beqiyosdir. Shu bilan birga, Islom dini ravnaqi hamda Islom sivilizatsiyasi rivojiga benazir hissa qoʻshgan Termiziy allomalarining olamshumul ahamiyatga molik ilmiy- maʼrifiy merosini chuqur oʻrganish asosida yoshlarda sogʻlom dunyoqarashni kuchaytirish, ularni azaliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash yoʻlida eng dolzarb masaladir.
Shoxruxmirza Mamadiyev Abdullaxon oʻgʻli, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita Surxondaryo viloyat Qumqoʻrgʻon tumani boʻyicha
bosh mutaxassisi
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI:
- www.termiziy.uz
- Toʻraqulov M. Imom Termiziy maqolasi. 2015.
- Inoyatov A. Termiziy maqolasi. 2016.
381 Qarang: www.termiziy.uz