
Bugungi kunda dunyo miqyosida radikalizm va ekstremizm kabi illatlarning turli koʻrinishlari avj olayotgani hech kimga sir emas. Ushbu holat global xavfsizlikka jiddiy tahdid solib, jamiyatning barqaror rivojlanishiga toʻsiq boʻlmoqda. Radikalizmning zamonaviy koʻrinishlarini anglash, uning kelib chiqish sabablarini oʻrganish va unga qarshi kurashish usullarini ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga ega.
Radikalizm – mavjud ijtimoiy-siyosiy tizim yoki qarashlarga tubdan zid boʻlgan, keskin oʻzgarishlarni talab qiluvchi gʻoyalar majmuidir. Ekstremizm esa radikalizmning eng xavfli shakli boʻlib, u oʻz maqsadlariga erishish uchun zoʻravonlik, terror va boshqa noqonuniy usullarni qoʻllashni targʻib qiladi.
Tarixan, u Buyuk Britaniyada islohotchilarni, keyinchalik esa falsafiy radikallarni tasvirlash uchun qoʻllanilgan. Hozirda bu atama baʼzi siyosiy partiyalarga nisbatan ishlatiladi.
Oʻrta asrlar va zamonaviy davrda radikalizm demokratiyani qoʻllab-quvvatlagan. Radikallar ijtimoiy munosabatlarni tubdan oʻzgartirishga intilgan, anarxistlar esa shaxsiy erkinlikni mutlaq deb bilgan.
Zamonaviy radikalizm ijtimoiy muammolarni hal qilishda zoʻravonlikni qoʻllashi mumkin va ijtimoiy qoʻzgʻolonlar hamda beqarorlik davrida kuchayadi. U, ayniqsa, ishsizlar va lyumpenlashgan qatlamlar orasida keng tarqaladi. Shu bilan birga, tarix koʻrsatadiki, radikallar hokimiyatni uzoq vaqt ushlab tura olmaydi, radikal gʻoyalar esa fuqarolar urushiga olib kelishi mumkin.[1]
Diniy radikalizm: Dinni siyosiy maqsadlarga erishish vositasi sifatida qoʻllab-quvvatlovchi, diniy qadriyatlarni mutlaqlashtirib, boshqa din vakillariga nisbatan toqatsizlikni targʻib qiluvchi oqimlar. Bunga misol tariqasida islomiy radikalizmni keltirish mumkin.[2]
Milliy radikalizm (millatchilik): Millatni boshqalardan ustun qoʻyuvchi, oʻz millati manfaatlarini har narsadan ustun qoʻyuvchi, boshqa millat vakillariga nisbatan nafrat va dushmanlikni qoʻzgʻatuvchi oqimlar.
Siyosiy radikalizm: Mavjud siyosiy tuzumni zoʻravonlik yoʻli bilan oʻzgartirishni maqsad qiluvchi, konstitutsiyaviy normalarni inkor etuvchi oqimlar.
Ekologik radikalizm: Atrof-muhitni himoya qilish gʻoyasini mutlaqlashtirib, inson faoliyatini tabiatga qarshi deb biluvchi va hatto zoʻravonlik usullarini qoʻllashni ham oqlovchi oqimlar.
Islomiy radikalizm – islom dinini siyosiy maqsadlarga moslashtirishga urinish, shariat qonunlari asosida teokratik davlat qurishni maqsad qilish, musulmonlarni birlashtirish (panislomizm – islom diniga asoslangan yagona siyosiy birlik yaratish gʻoyasi) gʻoyasini targʻib qilish bilan tavsiflanadi. Islomiy radikallar oʻz maqsadlariga erishish uchun zoʻravonlik, terror va boshqa ekstremistik usullarni qoʻllashdan ham qaytmaydilar.
Radikalizmning kelib chiqish sabablari koʻp va xilma-xildir. Ular orasida quyidagilarni ajratib koʻrsatish mumkin:
Ijtimoiy-iqtisodiy muammolar: Qashshoqlik, ishsizlik, ijtimoiy adolatsizlik, taʼlim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi radikal gʻoyalarning tarqalishi uchun zamin yaratadi.
Siyosiy beqarorlik va boshqaruvdagi muammolar: Korrupsiya, huquqlarning poymol qilinishi, soʻz erkinligining cheklanishi, siyosiy plyuralizmning yoʻqligi radikalizmning kuchayishiga olib keladi.
Globallashuv jarayonlari: Globallashuvning ijobiy tomonlari bilan bir qatorda, milliy qadriyatlarning eroziyasi, madaniyatlarning aralashuvi, anʼanaviy jamiyatlarning zaiflashuvi kabi salbiy oqibatlari ham mavjud. Bu esa ayrim guruhlarda norozilik va qarshilik kayfiyatini uygʻotib, radikal gʻoyalarni qabul qilishga moyillikni oshiradi.
Internet va ijtimoiy tarmoqlarning roli: Internet va ijtimoiy tarmoqlar radikal gʻoyalarning tarqalishi, odamlarni jalb qilish va safarbar etish uchun qulay platforma boʻlib xizmat qilmoqda.
Radikalizmga qarshi kurash – murakkab va koʻp qirrali jarayon boʻlib, u kompleks choralarni talab etadi.
Yosh avlodni maʼrifatli qilib tarbiyalash, ularda tanqidiy fikrlashni shakllantirish, diniy va milliy bagʻrikenglikni targʻib qilish radikalizmga qarshi kurashning muhim shartidir.
Qashshoqlikni kamaytirish, ishsizlikni bartaraf etish, ijtimoiy adolatni taʼminlash, taʼlim va tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash radikalizmning ijtimoiy zaminini yoʻqotishga yordam beradi.
Demokratik institutlarni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish, soʻz erkinligini taʼminlash, siyosiy plyuralizmni rivojlantirish radikalizmning siyosiy ildizlarini kesishga xizmat qiladi.
Huquqni muhofaza qilish organlarining faoliyatini kuchaytirish: Ekstremistik guruhlarning faoliyatini aniqlash va bartaraf etish, terrorchilik harakatlarining oldini olish, qonun ustuvorligini taʼminlash radikalizmga qarshi kurashning muhim yoʻnalishidir.
Internet va ijtimoiy tarmoqlarda radikal mazmunga qarshi kurashish: Radikal gʻoyalarni targʻib qiluvchi saytlar va akkauntlarni bloklash, internet foydalanuvchilarining mediasavodxonligini oshirish, radikalizmga qarshi kontentni targʻib qilish zarur.
Xulosa qilib aytganda, radikalizm va terrorizm haqiqatan ham nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyo uchun jiddiy tahdid hisoblanadi. Davlatimiz tomonidan ishsizlikni kamaytirish, iqtisodiyotni rivojlantirish, qonunchilikni liberallashtirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash kabi yoʻnalishlarda tizimli ishlar olib borilmoqda.[3]
Yoshlarning radikalizmga moyilligini inobatga olib, ularning huquqlarini himoya qilish va radikalizmga qarshi kurashish barchamizni vazifalarimizdan hisoblanadi.
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Xudoynazarov.F
[1] «Radikalizm». Oyina, 18 Apr. 2023, https://oyina.uz/kiril/teahause/1161. Accessed 12 February. 2025.
[2] Diniy ekstrelshzm va terrorizmga qarshi kurashning maʼnaviy-marifiy asoslari: Oʻquv qul./ Masʼul muharrir A.S.Ochildiyev; OʻzR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom un-ti. -T.: “Toshkent islom universitet!!” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2008. -246 b.
[3] «Terrorizm va ekstremizga qarshi turish boʻyicha rasmiy Internet-media-portal Yoshlar va radikalizm: radikal gʻoyalarga kirishning sabab–oqibatlarining mexanizmlari va unga qarshi turish strategiyasi». Stopterror, 25 Sep. 2018, https://stopterror.uz/uz/publications/exclusive/6499/. Accessed 12 February. 2025