SOʻFI OLLOYORNING “MUROD UL-ORIFIYN” ASARI – TASAVVUF ILMIGA OID MUHIM MANBA

by Matbuot xizmati
20 👁️

Soʻfi Olloyor (1644–1724) tasavvuf ilmining yirik namoyandalaridan biri boʻlib, Naqshbandiya tariqatining davomchisi va Moturidiya aqidasi sharhlovchisi sifatida tasavvuf tarixida muhim oʻrin egallaydi. U soʻfiy maqomidagi mutasavvif shoir boʻlib, oʻz asarlarida islom aqidasi va sharʼiy fiqh masalalarini sheʼriy – asosan gʻazal janrida, ayrim hollarda esa nasriy shaklda bayon qilgan betakror allomalardan biridir. Soʻfiy Olloyorning asarlari oʻz zamonasidayoq madrasalarda darslik sifatida qoʻllanilgan boʻlib, bu anʼana XX asr boshlariga qadar davom etgan.

Xususan, uning mashhur asari “Murod ul-orifin” (“Oriflarning murodi”) asarida tasavvufiy tushunchalar, xususan “soʻfiy” atamasi muallif tomonidan orifona qarashlar va islomiy aqida bilan uygʻun holda keng talqin qilingan. Ushbu asarda muallif mavzularni bayon etishda nafaqat badiiy, balki ilmiy yondashuvga ham alohida eʼtibor qaratgan. Ayniqsa, “soʻfiy” tushunchasini sharhlashda Qurʼoni karim oyatlari, sahih hadislar va ishonchli manbalardan iqtiboslar keltirib, uni nazariy asoslar bilan mustahkamlab bergan.

Soʻfi Olloyor “Soʻfiy” soʻzini taʼrifida oʻz qarashlarini asosan Qurʼoni karim va hadislardan dalil keltirish orqali soʻfiylarning botiniy sifatlarini keng sharhlaydi. Uning sharhlashicha: “Soʻfiylarning sirlari sofligi va uning nishonalari zohiriy poklikda namoyon boʻladi. Hamda soʻfiy shunday kishiki, nimaiki qilsa undan riyoni xohlamaydi va nafsida manmanlik qilmaydi, qilgan ishida tamaʼgirlik ham qilmaydi. Qancha koʻp xizmat qilmasin oʻzini kamtar tutadi. Kamtar kishi oʻzini tamaʼgirlikdan tiyishi hamda birov qilgan ishni oʻzim qildim deyishdan qoʻrqishi kerak.

  • Olloyor soʻfiy soʻzining taʼrifida davom etar ekan, soʻfiylarning maqomi zohidlarning maqomidan ustun ekanini Hotami Asamm hikoyasi bilan davom ettiradi: “Bir hikoyatda kelganki, Hotami Asam Bagʻdodga keldi. Xalifaga falonchi keldi deb aytishdi. Xalifa uni koʻrish uchun odam yubordi. Hotam kelib dedi: “Assalomu alaykum ey zohid!” Xalifa aytdi: “Men zohid emasman, dunyo mening farmonim ostidadir, zohid sensan!” Hotam dedi: “Yoʻq! Balki, zohid sensan”. Alloh taolo aytganki: “Dunyo matohi ozdir[1] Zohid shunday kishiki, ozga qanoat qiladi. Men toki asl maqsadimni hosil qilmas ekanman, qanoat qilmayman. Modomiki, shunday ekan qanday zohid boʻlishim mumkin[2]”.

Soʻfi Olloyor soʻfiylarning taʼrifida davom etar ekan, ularning biroz dunyo izlashi joiz ekanligini uqtiradi. Soʻfiylarning dunyoga boʻlgan munosabatini quyidagicha sharhlaydi: “Soʻfiylarning dunyoni ixtiyor qilmaganining sababi shundaki, dunyo mazammat qilingan. Ochlikning oldini olish va avratni berkitish miqdorida dunyo izlash joiz boʻladi. Uch sababga koʻra dunyo olinadi. Bir sababga koʻra dunyo yigʻish harom, boshqa bir sababga koʻra muboh, yana bir sababga koʻra farz hisoblanadi. Oxirat azobidan qoʻrqish sababidan dunyo harom boʻladi. Hisobni oʻylab dunyodan yuz oʻgirish mubohdir. Ochlik va avratni berkitish sababidan biroz dunyo izlash farzdir. Buning uchun azob ham hisob ham yoʻq, balki savob bordir”.

Soʻfi Olloyor soʻfiy maqomida boʻlgan tariqat peshvosi boʻlgan. Soʻfiylik maqomi va unga qanday erishish mumkinligini koʻrsatib bergan tasavvuf rahnamosi edi. Uning qarashlaridan shuni tushunib yetamizki, “soʻfiy” va “tasavvuf” soʻzlari Islom yoyilish davridagi manbalarda emas, keyinchalik paydo boʻlishiga qaramay soʻfiylar bor boʻlgan. Baʼzi tasavvuf inkorchilari mazkur terminlar dastlabki islom manbalarida uchramasligini pesh qilib butkul tasavvuf yoʻnalishini inkor qiladi. U soʻfiy deganda Paygʻambar alayhissalomga vahiy kelgandagi holatdan boshlab moʻmin musulmonning har bir ezgu amalini soʻfiylarning sifati deb baholaydi. Bir soʻz bilan aytganda Islom koʻrsatmalariga ogʻishmay amal qilgan har bir musulmon soʻfiy hisoblanadi. Soʻfiylik sifatini targʻib qilishdan maqsad insonlarni halol-pok yashashga undash, maʼnaviy barkamol qilib tarbiyalash maqsad qilingan.

Soʻfi Olloyorning “Murod ul-orifin” asari oʻz davri va undan keyingi tasavvufiy tafakkur rivojida muhim oʻrin egallaydi. Ushbu asar nafaqat badiiy-adabiy yodgorlik, balki islom aqidasi, tasavvufiy maʼrifat, axloqiy tarbiya va fiqhiy masalalarni oʻz ichiga olgan kompleks ilmiy manba sifatida qadrlanadi. Muallif “soʻfiy” tushunchasiga orifona va aqidaviy yondashib, Qurʼon, hadis va ishonchli manbalarga tayangan holda chuqur tahlil bergan. Asarda ilm-fan, axloq va maʼnaviyat uygʻunligi asosida haqiqiy orif shaxsiyati tarannum etiladi.

“Murod ul-orifin” asarining mazmuni tasavvuf ilmining asosiy tushuncha va gʻoyalarini tushunarli tilda yoritgani uni keng omma, xususan, madrasa talabalari uchun foydali qoʻllanma sifatida shakllantirgan. Asar mazmunining bugungi kunda ham oʻz dolzarbligini yoʻqotmaganligi uni nafaqat tarixiy, balki zamonaviy axloqiy-maʼnaviy tarbiya uchun ham manba sifatida oʻrganishni taqozo etadi.

Umarali Uljayev – Imom Termiziy xalqaroilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI:

  1. Qurʼoni karim va oʻzbek tilidagi maʼnolar tarjimasi. Turkiya: “Diyonat ishlari boshqarmasi”, 2021.
  2. Abu Ibrohim Mustamliy Buxoriy. Hasan Manuchehr tadqiqi. Sharh ut-taarruf fi mazhab it-tasavvuf. Tehron: “Donishgohi Tehron”, 1967.
  3. Soʻfi Olloyor. Murod ul-orifiyn. Tehron: “Intishoroti suxan”, 1965.
  4. Mirzo Kenjabek. Buyuk Termiziylar. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi”. 2017.
  5. Abu Iso Termiziy. Sunani Termiziy. Bayrut: Dor ul-kutub al-ilmiya. 1971.
  6. Abdulmajid Onarboy. An-Naʼym ul-kabir. Arabcha oʻzbekcha lugʻat. Toshkent: “Muharrir nashriyoti” 2021.

[1] (Niso, 77)

[2] Soʻfi Olloyor. Murod ul-orifiyn. 9-bet.

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика