Ayol – millatning shoh tomiridir

by Matbuot xizmati
20 👁️

Har qanday jamiyat taraqqiyoti, uning madaniy-ma’naviy holati, ijtimoiy barqarorligi va axloqiy me’zonlari bevosita oila tarbiyasi bilan bog‘liq. Oila tarbiyasining bosh mezoni esa – ayolning ma’naviy saviyasi, ma’rifati va dunyoqarashi belgilab beradi. Shu sababdan ham xalqimizda “Ayol bor joyda baraka bor” mazmunidagi chuqur ma’noli iboralar yaratilgan. Zero, ayol – jamiyatning qalbi, tarbiyaning ustuni, millatning shoh tomiridir.

Inson hayoti beshikdan qabrgacha ilm olishga bog‘liq bo‘lsa, bu yo‘lning ilk qadami onaning bag‘ridan boshlanadi. Bola ko‘zini ochgan kundan boshlab, birinchi muallimi bu – onadir. U bolaning har bir harakatini, gapini, xulqini shakllantiradi. Shu sababli buyuk allomalarimiz onaning tarbiyasini ilm va iymonning asosi deb bilganlar.

Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) shunday deydilar:

“Jannat – onalarning oyog‘i ostidadir”. Bu hadis ayolning oila va jamiyatdagi ulug‘ maqomini bildiradi. Onaning yuragidagi mehr, ma’rifat, tilidagi duo butun jamiyatning ruhiy holatiga ta’sir ko‘rsatadi. Ma’rifatli ayol tarbiyalagan farzand kelajakda xalq va davlatga sadoqatli, iymonli, bilimli shaxs bo‘lib yetishadi.

Islom dini ayolni faqatgina uy-ro‘zg‘or ishlari bilan chegaralab qo‘ymaydi. Aksincha, uni oilaning yuragi, farzand tarbiyachisi va jamiyatda faol shaxs sifatida ko‘radi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

“Mo‘min erkaklar va mo‘min ayollar bir-birlariga do‘stdirlar, ular yaxshilikni buyurib, yomonlikdan qaytarurlar…” (Tavba surasi, 71-oyat).

Bu oyatdan anglashiladiki, ayollar ham erkaklar qatori jamiyatda axloqiy meyorlarni mustahkamlashda mas’uldirlar. Bu mas’uliyat ularning ilm, madaniyat va ma’naviyat sohasida ham faol bo‘lishini taqozo etadi.

Oisha onamiz (r.a.) ham hadis rivoyat qilganlar, fiqhiy savollarga javob berganlar, hatto ba’zi sahobalar ham muammolar bilan u zotga murojaat qilganlar. Bu holat ayolning bilimli, ma’rifatli bo‘lishi nafaqat mumkin, balki zarur ekanini ko‘rsatadi.

Ma’rifatli ayol – bu zamonaviy bilim va ming yillik milliy qadriyatlarni uyg‘unlashtira oladigan, hayotda tafakkur bilan harakat qiladigan, ilmni o‘rganishdan hech to‘xtamaydigan ayoldir. U o‘zini nafaqat uy bekasi, balki farzandining ustozi, turmush o‘rtog‘ining sodiq maslahatchisi, jamiyatning mo‘tabar a’zosi deb biladi.

Bugungi kunda bizning ona yurtimizda ham ko‘plab ayollar ilm-fan, tibbiyot, adabiyot, siyosat, ta’lim, ijtimoiy faoliyat kabi sohalarda faoliyat yuritish bilan bir vaqtda oila bekasi, ona, tarbiyachi ham bo‘lib qolmoqdalar. Bu holat ayolning qanchalik katta salohiyatga ega ekanini isbotlaydi.

Farzandga kompyuter o‘rgatish bilan birga, unga halol-u haromni, yaxshilik va yomonlikning farqlarini ham o‘rgatish kerak. Aynan mana shunday onaning qo‘lida tarbiyalangan farzandlar ertangi kunning halol savdogari, adolatli sudyasi, fidoyi harbiy xizmatchisi, mehribon shifokori, halol siyosatchisi bo‘lib kamol topadi.

Tarixdan ma’lumki, har qanday yuksak sivilizatsiyalar, madaniyatlar va taraqqiyot zamirida ma’rifatli oilalar, demakki, ma’rifatli ayollar turgan. Bugungi kunda ham ma’naviy tahdidlar, axloqiy inqirozlar, tahlikali g‘oyalar qarshisida mustahkam tura olish uchun, avvalo, ayolning ongini, iymonini, tafakkurini quvvatlantirish kerak. Shu asosda aytishimiz mumkinki, ma’rifatli ayol – bu faqat o‘zini emas, jamiyatni yuksaltiruvchi kuchdir. Ma’rifatli ayol – bu nur tarqatuvchi chiroqdir.

Agar biz ma’naviy barkamol, yuksak tafakkurli jamiyat yaratmoqchi bo‘lsak, avvalo, ayolni – onani, qizni, opa-singilni ma’rifat bilan quvvatlashimiz, e’tiborni, hurmatni va bilimni avval unga berishimiz lozim. Chunki ma’rifatli ayol – ma’rifatli jamiyat demakdir.

Umarali Uljayev, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqot bo‘limi xodimi

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика