QALBGA SUKUNAT, ELGA BAXT KELTIRADI

by Matbuot xizmati
114 👁️

Har bir inson hayotida eng muqaddas va eng buyuk qadriyat – bu tinchlikdir. Tinchlik bo‘lmagan joyda na taraqqiyot, na baxt, na farovonlik bo‘ladi. Shu bois, tinchlik Alloh taoloning insoniyatga bergan eng yuksak in’omidir. Insoniyat tarixida ko‘plab xalqlar va davlatlar o‘z taraqqiyot cho‘qqilariga aynan tinchlik davrida erishgan, tinchlik barqaror bo‘lmagan paytlarda esa inqiroz va qiyinchiliklarga yuz tutgan.

Islom dini o‘z mohiyatiga ko‘ra tinchlik dini hisoblanadi. “Islom” so‘zining o‘zi ham “silm” – ya’ni tinchlik, omonlik, xotirjamlik ma’nolaridan kelib chiqqan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom o‘z davrlarida musulmonlarni hamisha tinchlik, bag‘rikenglik va mehr-oqibatga chaqirganlar.

Qur’oni karim oyatlarida tinchlik tushunchasiga ko‘p bora urg‘u berilgan. Alloh taolo ushbu oyatlar orqali insoniyatni faqatgina adolat, tinchlik va totuvlik yo‘liga hidoyat qilgan.

Jumladan, Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Agar ular tinchlikka moyil bo‘lsalar, sen ham moyil bo‘l. Va Allohga tavakkul qil. Albatta, U eshitguvchi va bilguvchi Zotdir”.
(Anfol surasi, 61-oyat).

Bu oyatdan anglash mumkinki, tinchlik Allohning bevosita hidoyatidir. Zulmat adovat, jaholat va beqarorlikni bildirsa, tinchlik adolat va ilmni ifodalaydi. Insoniyat faqat tinchlik tufayli jaholat qa’ridan chiqib ma’rifatga erishadi.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanligini ta’kidlab shunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik”. (Imom Buxoriy rivoyat qilgan). 

Yana bir hadisda Payg‘ambarimiz: “Haqiqiy musulmon – qo‘li va tili bilan boshqalarga ozor yetkazmaydigan kishidir”, – deganlar
(Buxoriy rivoyati).

Bu hadis mo‘min-musulmonning belgisi sifatida tinchlikparvarlikni ko‘rsatadi. Ya’ni musulmon – o‘z qo‘li va tili bilan boshqalarga zarar yetkazmaydigan, balki ularni tinchlikda ushlab turadigan insondir.

Tarixga nazar tashlasak, islom sivilizatsiyasining eng buyuk davrlari tinchlik davrlariga to‘g‘ri kelganini ko‘ramiz. Xususan, IX-XII asrlardagi Sharq Uyg‘onish davrida Bag‘dod, Damashq, Buxoro va Samarqand kabi shaharlar ilm-fan markaziga aylangan. Musulmon olimlari matematika, astronomiya, tibbiyot, falsafa, adabiyot va san’at sohalarida buyuk yutuqlarga erishgan. Bu yutuqlar, avvalo, tinchlik va osoyishtalik muhitida yuz bergan. IX–XII asrlarda Movarounnahrda hukm surgan osoyishtalik tufayli Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Nasr Forobiy, Beruniy, Ibn Sino kabi allomalar kamol topgan.

Bugungi kunda, Yangi O‘zbekistonimizda tinchlik va barqarorlik davlat siyosatining eng muhim poydevori sifatida qaralmoqda. Bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat vakillari bir oila kabi totuv yashamoqda. Ayni vatda diniy bag‘rikenglik davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylangan. Masalan, ayni kunda yurtimizda musulmonlar bilan bir qatorda nasroniy, yahudiy va boshqa 16 ta diniy konfessiya vakillari ham erkin faoliyat olib bormoqda. Millatlararo totuvlik tufayli O‘zbekiston xalqaro maydonda ham obro‘-e’tibor qozonmoqda.

Tinchlik faqat hukumat yoki davlat siyosati vositasida ta’minlanmaydi. Uni har bir fuqaro ham kundalik hayotda asrab-avaylashi lozim. Oilada tinchlik – jamiyatdagi tinchlikning garovidir. Agar oila a’zolari o‘zaro hurmat va mehr-oqibatda bo‘lsalar, bu jamiyatda ham tinchlikni mustahkamlaydi. Shunigdek, maktab va boshqa ta’lim muassasalarida yoshlar ongiga tinchlik qadriyatlarini singdirish, ularni bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash muhim. Chunki yosh avlod tinchlikning qadriga yetmasa, kelajak barqaror bo‘lmaydi.

Bugungi axborot asrida internet va ijtimoiy tarmoqlar ham tinchlikni asrashda katta o‘rin tutadi. Yoshlar orasida noto‘g‘ri g‘oyalar, radikal oqimlar va adovat urug‘ini sochadigan kuchlarga qarshi turish har birimizning vazifamizdir. Umuman aytganda, tinchlik Allohning insoniyatga bergan eng buyuk ne’matlaridan biridir. Qur’oni karim oyatlarida ham, hadisi shariflarda ham tinchlikning ulug‘ligi ko‘p bora ta’kidlangan. Tinchlik bo‘lmasa, hech bir ne’matning qadri bo‘lmaydi. Insoniyat tarixida tinchlik davrida buyuk allomalar yetishib chiqqan, shaharlar obod bo‘lgan, ilm-fan taraqqiy etgan. Bugungi O‘zbekiston ham tinchlik va osoyishtalik tufayli yuksak marralarga erishmoqda, yangilanmoqda.

Shu bois, Islomning tinchlik-osoyishtalik, bag‘rikenglik hamda ilm dini ekanligini yurtimizdan yetishib chiqqan ulug‘ allomalarning ibratli hayot yo‘li, bebaho ma’naviy merosi asosida targ‘ib etish har bir fuqaroning muqaddas burchidir. Bu esa pirovardida jonajon yurtimizda Yaratganning eng buyuk in’omi bo‘lgan tinchlik, osoyishtalik, bag‘rikenglik muhitining bardavom bo‘lishiga xizmat qiladi.

Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Ilmiy tadqiqot bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (Phd)

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика