Imom Termiziy merosi yosh avlodni kamolotga eltuvchi mayoq

by Matbuot xizmati
22 👁️

Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda tarixiy xotirani tiklash, buyuk ajdodlardan qolgan ma’naviy merosni o‘rganish va uni yangi avlod ongiga singdirish, dunyoga keng targ‘ib qilish yuzasidan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, yaratilayotgan sharoitlar xalqimizga o‘zining yuksak ma’naviyati va boy qadriyatini qayta kashf etishiga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlarga keyingi yillarda Surxondaryo viloyatida yuz bergan o‘zgarish va yangilanishlar ham yaqqol misol bo‘ladi. O‘tmishda islom olami uchun ko‘plab benazir allomalarni tarbiyalab, kamolga yetkazgan Termiz shahrida buyuk hadisshunos olim Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilib, Termiziy va Termiziy allomalarning merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish uchun barcha sharoit yaratildi. Endilikda bu markaz nafaqat buyuk allomalar hayoti va merosini o‘rganishga, balki uning ilmiy yutuqlarini jahon ilm maydoniga olib chiqishga xizmat qilmoqda. Markaz qoshidagi boy kutubxona ham yoshlarga bilim berish va ilmiy izlanishlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan. 

Termiz shahrida “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi tashkil etilib, yosh avlodga hadis, fiqh, aqida, til va boshqa islomiy fanlarni mukammal o‘rgatish, Imom Termiziy nomidagi Islom instituti ochilib, oliy diniy ta’lim darajasida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Bu ishlar izchil davom ettirilib, o‘tgan yil Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlandi. 

Yaratilgan bunday imkoniyatlar natijasida ilmiy markazda hadis ilmining buyuk mutaxassisi sifatida tan olingan Imom Abu Iso at-Termiziyning boy ilmiy merosi nafaqat yanada keng o‘rganilmoqda, balki talabalarga o‘qitilib, ibratli hayot yo‘li bilan yaqindan tanishtirilmoqda. 

Buyuk alloma Imom Termiziy hijriy 209 yil (milodiy 824) Termiz atrofida tug‘ilgan. U hadis ilmining eng nufuzli allomalaridan biri bo‘lib, Imom Buxoriy, Imom Muslim singari buyuk muhaddislarga hamfikr va zamondosh bo‘lgan. U o‘z umrini hadis to‘plash, uning mazmunini tushuntirish va haqiqiy islom qadriyatlarini yoritishga bag‘ishlagan.

Imom Termiziyning eng mashhur asari – “Jome’us-Sahih” (yoki Sunan at-Termiziy) deb nomlanadigan hadis to‘plamidir. Bu kitob nafaqat diniy ahkomlar, balki inson hayotidagi har bir muhim jihat – odob, axloq, sabr, oila, jamiyat haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hikmatli so‘zlari va amaliy ko‘rsatmalariga boyligi bilan musulmon olamida juda qadrlanadi. 

Dunyoda globallashuv jarayonlari shiddat bilan kechayotgan fikrlar xilma-xilligi davrida buyuk ajdodlarimiz merosidan bahramand bo‘lish, ularni o‘qib, o‘rganish talabalarning islom dini asl mohiyati bilan yanada yaqin tanishishiga ko‘maklashadi. Zero, Imom Termiziy hazratlarining har bir hadisida ulkan ma’no, hayotiy saboq, tarbiyaviy kuch bor. Shu bois ham ul zotning asarlari oliy ta’lim muassasasi talabalari va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasasi o‘quvchilariga darslik sifatida o‘qitilmoqda.

Bu hadislarni mutolaa qilayotgan talabalar Rasululloh alayhissalomning hayoti va shaxsiyati bilan yaqindan tanishib, insoniy fazilatlar – rostgo‘ylik, halollik, bag‘rikenglik, kamtarlik kabi xulqlarni o‘rganmoqda. Yoshlarning faqat ma’naviy emas, balki fikrlash, tahlil qilish, savol berish va dalil keltirish qobiliyati rivojlanyapti. 

Kezi kelganda shuni ham aytish lozimki, axborot almashinuvi shiddat bilan tezlashayotgan hozirgi kunda dunyodagi ko‘plab yoshlar axloqiy tanazzul, axborot hujumlari va noto‘g‘ri g‘oyalar ta’siriga duch kelmoqda. Bu jarayonda yoshlarimizning qalbida e’tiqod, aqidaviy barqarorlik va ma’naviy dunyoqarashni mustahkamlash uchun o‘z allomalarimiz merosiga suyanish – eng to‘g‘ri yo‘l.

Imom Termiziy asarlari o‘quvchilarini faqat diniy jihatdan emas, balki chin insonga xos fazilatlar bilan ham tarbiyalab, kamolga yetkazishga ko‘maklashadi. Hadislar orqali inson qalbiga oddiy hayotiy masalalar – ota-onaga yaxshilik qilish, oilada muhitni saqlash, qo‘shnilar bilan o‘zaro hurmat, farzand tarbiyasi kabi xislatlarni singdiradi. Shu ma’noda ulug‘ allomalarimiz hayoti va ilmiy merosi bilan yoshlarni chuqur tanishtirish orqali ulug‘ allomalarimizni dunyoga keng targ‘ib qilishimiz, kelgusi avlodlarga yetkazishga munosib hissa qo‘shishimiz, Imom Termiziy kabi buyuk ajdodlarimiz asarlariga suyanib, yuksak ma’naviyatli, bilimli va aql-zakovatli yosh avlodni tarbiyalashimiz, islom dini ta’limotini mukammal egallagan kadrlarni tayyorlashimiz mumkin. 

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика