KALOM ILMI MANBALARIDA «IMON»GA BERILGAN TA’RIFLAR: IXTILOF VA TALQINLAR

by Matbuot xizmati
19 👁️

Annotatsiya. Mazkur maqolada «imon» tushunchasi hanafiylik va moturidiylik qarashlariga tayangan holda yoritib berilgan. Shuningdek, tadqiqotchi olimlarning ma’lumotlaridan kelib chiqib, «imon» so‘zining lug‘aviy va istilohiy ma’nosi ko‘rsatib berilgan.

Kalit so‘zlar: imon, toat, qalb ma’rifati, kalom ilmi, amal, ajal, rizq, gunoh, solih amallar.

Abstract. This article explains the concept of «faith» based on the views of Hanafism and Muturidism. Also, based on the information of research scientists, the dictionary and terminological meaning of the word «faith» is shown.

Keywords: faith, obedience, enlightenment of the heart, knowledge of the word, action, death, sustenance, sin, righteous deeds.

E’tiqodiy masalalar, xususan, kalom ilmi doirasida qizg‘in muhokama qilinadigan imon, zot va sifat, amal, ajal, rizq kabi masalalar azaldan alohida e’tibor bilan muhokama qilinadigan mavzular hisoblangan. Chunki tarixan mazhablararo ixtiloflar, alaloqibat, qonli to‘qnashuvlarga aylanishi asosan ayni shu soha tufayli kuzatilgan. Dindagi ilk tafriqalanish imon mavzusi doirasida yuz berib, u takfir – musulmonlarni kufrda ayblash shaklida rivojlandi.

Umuman, zamonaviy destruktiv harakatlar, ekstremistik qarashlar qaysidir ko‘rinishda o‘rta asr oqimlari, ayniqsa, xorijiylik va mu’taziliylik g‘oyalari ta’sirida vujudga kelgan. Shuning uchun «imon» mavzusini atroflicha o‘rganib chiqish, uni ahli sunna val jamoa talqinida bayon qilish har qachongidan muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi.

«Imon» so‘zining lug‘aviy ma’nosi borasida XII-XIII asr Movarounnahr mutakallimlaridan Abu Mu’in Nasafiy (vaf. 508/1114), Abu Sano Mahmud ibn Zayd Lomishiy (vaf. VI/XII asr birinchi yarmi), Alouddin Muhammad ibn Abdulhamid Usmandiy (vaf. 552/1157), Jaloliddin Umar ibn Muhammad Xabboziy (vaf. 691/1291), Shamsiddin Samarqandiy (vaf. 705/1305), Abu Barakot Nasafiy (vaf. 710/1310), Husomiddin Husayn ibn Ali Sig‘noqiy (vaf. 714/1314) kabi olimlar bahs yuritganlar. Biroq Saffor Buxoriy (vaf. 534/1139), Ali ibn Usmon O‘shiy (vaf. 575/1179), Abu Bakr Kosoniy (vaf. 587/1191), Nuriddin Sobuniy (vaf. 580/1184), Abu Muhammad Rukniddin Ubaydullo ibn Muhammad Samarqandiy (vaf. 701/1301)lar o‘zlarining aqida ilmiga oid asarlarida «imon» so‘zining lug‘aviy ma’nosiga to‘xtalmaganlar15.

Bundan ma’lum bo‘ladiki, olimlarning ayrimlari o‘zlarining aqida sohasiga bag‘ishlagan asarlarida «imon» so‘zining lug‘aviy ma’nosiga to‘xtalish orqali, uning istilohiy ma’nosi bilan bog‘liqlik jihatini ko‘rsatib berishga uringan bo‘lsalar, boshqa olimlar uning faqat istilohiy ma’nosini aytish bilan cheklanishgan.

«Imon» so‘zining istilohiy ta’rifi borasida tarixda turli qarashlar ilgari surilgan. Jumladan, Imom Molik (vaf. 179/795), Imom Shofi’iy (vaf. 204/820), Imom Avzo’iy (vaf. 157/774) va muhaddislardan Ahmad ibn Hanbal (vaf. 241/855), Is’hoq ibn Rohavayh (vaf. 238/853), Sufyon Savriy (vaf. 161/778), Dovud ibn Ali Isfahoniy (vaf. 270/884), mutakallimlardan Horis ibn Asad Muhosibiy (vaf. 243/857), Abul Abbos Qalonisiy (vaf. IX asrning boshi), Ibn Ali Saqafiy (vaf. 328/940), Ibn Hazm Andalusiy (vaf. 406/1064): «Imon – qalb ma’rifati, til iqrori va arkonlarga amal qilishdir», deganlar16.

Abu Barakot Nasafiy mazkur olimlarning imonga bergan ta’rif- laridagi «qalb ma’rifati» iborasi o‘rniga «qalb tasdig‘i» atamasini qo‘llagan17. Lekin salaflar o‘z davrida «qalb ma’rifati» bilan «qalb tasdig‘i»ni sinonim ma’noda talqin qilganlar. Keyingi davrga kelib, u ikki ibora va atama orasida farqlanish yuzaga kelgan. Jumladan, jahmiylarning imonga bergan ta’rifida ayni shu farqni inobatga olish kerak bo‘ladi. Bu ahli sunna val jamoaga mansub olimlardan bir guruhining qarashidir.

Ahli sunna val jamoadan ajralib chiqqan ilk oqimlardan xorijiy va mu’taziliylar: «Imon – qalb tasdig‘i, til iqrori va arkonlarga amal qilishdir», deyishgan. Xorijiylik va mu’taziliylik oqimi orasida imon ta’rifida biroz farq mavjud. Jumladan, xorijiylar barcha toatni – imon, ma’siyatni – kufr hisoblashadi.

Balog‘atga yetgan kishidan toat ham, ma’siyat ham sodir bo‘lsa, u mo‘min emas, kofir bo‘ladi, deyishadi. Aksariyat mu’taziliylar: «Imon nafl va farz ibodatlarning majmuasidir», deyishgan. Ularning ba’zilari «imon faqat farz ibodatlarni o‘z ichiga qamrab oladi», deb ta’kidlashgan18.

Umuman olib qaraganda, xorijiylar gunohi kabira qilgan kishini kofir, mu’taziliylar esa, uni manzilatun baynal manzilataynda qolishini aytishgan.

Kalom olimlari, avvalboshda, imonning shartlari bo‘yicha bir-birini inkor qiladigan qarashlarni ilgari surdilar. Asli mujassimiy – Allohga jism mansub qiluvchilardan Abu Abdulloh Muhammad ibn Karrom (806-869) nomi bilan bog‘liq karromiylik aqidasiga ko‘ra, imon – tasdiqsiz faqat iqrorning o‘zi19. Bunda qalb tasdig‘i shart qilinmaydi. Ular o‘ziga «Kim «La ilaha illalloh», desa, jannatga kiradi», degan hadisning zohiriy ma’nosini dalil qilib keltiradi.

Unga raddiya bilan chiqqan hidoyat bayrog‘i (alamul hudo), moturidiylik aqida mazhabi asoschisi Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy (870-944) imon yagona, ya’ni qalb bilan tasdiqlashdan iborat ekanini ta’kidlagan. Uning dalili Ya’qub alayhissalomning o‘g‘illari xabari haqidagi oyatga asoslanadi: «Rost gapirsak ham, (baribir) Siz bizga ishonuvchi emassiz» («Yusuf», 17. –B. 237). Bundan aytilgan gapni tasdiqlamaslik maqsad qilingan va til iqroridan qalb tasdig‘i afzal va birlamchi ekani ta’kidlangan20.

Abu Muin Nasafiyning ta’kidlashicha, Abu Mansur Moturidiy nazdida imon faqat qalb bilan tasdiqlashdan iborat bo‘lgan. Alloh taolo Moida surasi 6-oyati, Baqara surasi 183-oyatida bandalarga namoz o‘qish va ro‘za tutishni buyurishdan avval «imon keltirganlar», deya murojaat qilgan. Bu esa imon amallardan alohida ekanini anglatadi21.

Shofi’iylik fiqhi mazhabboshisi Abu Abdulloh Muhammad ibn Idris Shofi’iy (767-820) nazdida, «Imon – til iqrori, dil tasdig‘i va farzlarga amal». Unga ko‘ra, farzlarni bajarish imondan, ya’ni amal imon shartlaridan hisoblanadi. Uning dalili «Yuzlaringizni Mashriq va Mag‘rib tomonlariga burishingiz (ibodat qilishingizning o‘zi to‘la) yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitoblarga, payg‘ambarlarga imon keltirgan…» («Baqara», 177. –B. 27) oyatiga asoslanadi22.

Hanafiy-moturidiy ta’limotida amal imonning tarkibiy qismiga kirmaydi. Shuning uchun quyidagi oyati karimada Imon keltirgan bandalarni hali namoz o‘qishlaridan oldin «mo‘min» deb nomlanmoqda: «(Ey, Muhammad), imon keltirgan bandalarimga ayting, namozni mukammal ado etsinlar» (Ibrohim surasi, 31-oyat). Boshqa oyatda shunday deyilgan:

«Ey, imon keltirganlar! Namoz (o‘qish)ga turar ekansiz» (Moida surasi, 6-oyat).

Yuqoridagi qarashlarning xulosasi shundaki, imonning dunyoviy va uxroviy jihati bor:

– Dunyoviy jihatga imon kalimasini til bilan iqror qilishning o‘zi kifoya qiladi.

– Uxroviy jihatga ko‘ra, uning yetti xil talqini bor. Shundan beshtasi botil ta’limotlarga oid bo‘lsa, qolgan ikkitasi ahli sunna val jamoaga tegishlidir:

Birinchisi, xorijiylarning ta’limotiga binoan «imon – qalb tasdig‘i, til iqrori va ruknlarga amal qilish». Xorijiylik tarafdorlari mo‘min gunohi kabirani sodir qilishi bilan islomdan chiqib, kofirga aylanadi.

Bu islom ta’limotiga mutlaqo zid. Chunki sahobalar, tobeinlar, salafi solihlar va barcha musulmonlar «qalbida zarracha yoki xardal23 donicha imoni bor kishi do‘zaxda abadiy qolmaydi», deb ittifoq qilishgan.

Yana ular Payg‘ambarimizning shafoati gunohi kabira qilgan mo‘min- larga tegishli bo‘ladi, deyishgan. Zero, hadisda «Shafoatim gunohi kabira qilgan (mo‘min-musulmon)larga», deyilgan. Boshqa hadisda esa, shunday de- yiladi: «Imondan zarra misqolicha qalbida bo‘lgan kishi do‘zaxda qolmaydi». Abu Zarr G‘iforiydan naql qilingan rivoyatda: «Zino qilsa, o‘g‘irlik qilsa hammi?» deyilgan.

Bu shu narsaga dalolat qiladiki, gunohi kabiraga qo‘l urgan kishi komil mo‘min bo‘lmasa-da, belgilangan jazoni olganidan keyin, albatta, do‘zaxdan chiqadi.

Ikkinchisi, mu’taziliylar imonga xorijiylar kabi ta’rif bergan bo‘lishsa-da, biroq mu’taziliylikda gunohi kabira qilgan kishi to tavba qilmagunicha ikki manzil orasida bo‘ladi. Ularning nigohida do‘zaxning ikki darajasi orasida yana bir daraja bor. Bu imon bilan kufrning orasida yana bitta manzil bo‘lgani kabi. Undan na xolis kofir va na xolis mo‘min joy oladi. Balki, u gunohi kabira qilgan kishining manzilidir.

Uchinchisi, jahmiylar, xususan, Jahm ibn Safvon ta’limotiga ko‘ra, kishi mo‘min bo‘lishi uchun qalb ma’rifatining o‘zi kifoya qiladi. Ya’ni imon ma’rifatdir. Ularning nigohida, kishi mo‘min bo‘lishi uchun til iqrori va arkonlariga amal qilishga hech qanday hojat yo‘q.

Jahmiylar ilgari surgan qarash to‘g‘ri bo‘lsa, barcha ahli kitoblar, shuningdek, Muhammad alayhissalomning payg‘ambarligini ilmi va aqli bilan e’tirof etgan bo‘lsa-da, imonni qabul qilmagan – hokimiyatni hido- yatdan ustun bilgan Vizantiya imperatori Hiraql I (vaf. 641) va Abu Tolib Abd Mannof ibn Abdul Muttalib ibn Hoshim Qurashiy (549, Makka – 619, Hijoz)24 ham mo‘min bo‘lishi kerak bo‘ladi. Bu esa xato.

To‘rtinchisi, murjiiylardir. Ular: «Imon faqat tasdiqdan iborat bo‘lib, kufr bilan toat ta’sir qilmagani kabi imon bilan ma’siyat kor qilmaydi», deyishadi.

Beshinchisikarromiylik ta’limotiga ko‘ra, imon faqat til bilan iqror qilishdir. Ularning imonga bergan ta’rifiga ko‘ra, munofiqlar ham mo‘min-musulmon bo‘lib qoladi. Chunki munofiqlar tili bilan imon keltirgan, ammo qalbidan tasdiqlamagan bo‘ladi.

Oltinchisi, Abu Hanifa, Imom Moturidiy, Abu Hasan Ash’ariy va jumhur mutakallimlarning imonga bergan ta’rifidirki, unga ko‘ra, imon faqat qalb tasdig‘idan iborat.

Bunda til iqrori hukmlarni joriy qilish uchun shart. Amal esa komil imonning shartidir. Biroq bu ikkisi imonning tarkibiy qismi emas. Bu qarashga ko‘ra, imon yaxlit narsa bo‘lib, u biror narsadan tarkib topmagan.

Yettinchisi, uch mazhab imomlari va jumhur muhaddislar nazdida imonning ta’rifi shunday: «Imon – qalb tasdig‘i, til iqrori va arkonlarga amal qilish». Bu va undan oldingi qarash vakillari ahli sunna val jamoa toifasi deyiladi. Ular orasidagi mazkur farq haqiqiy emas, balki lafziydir.

Umuman, ahli sunna val jamoadan biri «imon hech narsadan tarkib topmagan» desa, ikkinchisi «imon uch narsadan tarkib topgan» deydi. Ya’ni hanafiylar va jumhur mutakallimlar imon murakkab bo‘lmagan narsa deyishsa, uch mazhab imomlari va jumhur muhaddislar imon uch narsadan tarkib topgan, deyishadi. Jumladan, Imom Buxoriy o‘zining «Sahihi Buxoriy» asarida imon uch qismdan iborat ekaniga dalillarni jamlagan.

24 Muhammad alayhissalomning amakisi va himoyachisi, Abdul Muttalibning ikkinchi o‘g‘li, to‘rtinchi xalifa Alining otasi. Quraysh qabilasining rahnamosi. Quraysh ulug‘lari o‘rtasida Muhammad alayhissalomni doim himoya qilgan bo‘lsa-da, islomga kirmagan – «Abdul Muttalib dinida» qolgan. Ushbu munosabat bilan «Tavba» surasi 113 (Na payg‘ambar va na mo‘minlar mushriklar uchun, garchi ular qarindoshlari bo‘lsa ham – ularning do‘zax ahli ekanlari ma’lum bo‘lgandan keyin – istig‘for (gunohlarini kechirishini) so‘rashlari joiz emas) va «Qasos» surasi 56-oyati (Siz o‘zingiz suygan kishilarni hidoyat qila olmaysiz) nozil bo‘lgan.

Uch mazhab imomlari va jumhur muhaddislarning imonga bergan ta’rifi zohiriy jihatdan mu’taziliy va xorijiylarning ta’rifiga o‘xshaydi. Ammo bu faqat lafziy o‘xshashlikdir.

Mohiyat jihatidan shofi’iylarning qarashi mu’taziliy va xorijiy- larning qarashidan tubdan farq qiladi. Chunki mu’taziliy va xorijiylarda imonning mazkur uch unsuridan biri topilmasa, kishi mo‘min hisoblanmaydi. Aniqroq qilib aytilsa, ularning ta’limotiga ko‘ra, amallarni tark qilgan kishi abadiy do‘zaxda qoladi.

Shuningdek, hanafiy va jumhur mutakallimlarning imonga bergan ta’rifi zohiriy jihatdan murjiiylarning talqiniga o‘xshaydi. Ammo bunda ham o‘xshashlik faqat lafziy, xolos. Chunki ikki qarash vakillarining so‘zlari bir-biridan mohiyat jihatidan farq qiladi.

Hanafiylar va jumhur mutakallimlar amalni zaruriy deb bilishib, uni tark qilgan kishini fosiq hisoblaydi. Murjiiylar esa: «Mo‘minga amallar ta’sir qilmaydi», deb e’tiqod qilishadi.

Imonga berilgan ta’rifning zohiriy o‘xshashligidan kelib chiqib, uch mazhab imomlari va jumhur muhaddislarni mu’taziliylarga ham, xori- jiylarga ham o‘xshatish mumkin emas.

Xuddi shuningdek, hanafiy va jumhur mutakallimlarni, ularning imonga bergan ta’rifidan kelib chiqib, murjiiylarga o‘xshatish ham xato bo‘ladi.

Umuman, hanafiylar imonni qalbiy tasdiqdan iborat bo‘lib, yaxlit, ya’ni murakkab bo‘lmaganini tushuntirishadi. Hanafiy ulamolarning dalili quyidagi oyatdan olingan: «Albatta, imon keltirgan va yaxshi amallarni qilganlarga Firdavs jannati manzil bo‘lgandir» (Kahf surasi, 107-oyat).

Qur’oni karimning ba’zi o‘rinlarida imonga solih amal atf (bog‘lovchi) harfi bilan bog‘langan. Arab tili qoidasiga ko‘ra, atf mug‘oyaratni, ya’ni otif bilan ma’tufning bir-biridan boshqa-boshqa narsa, turfa ekanini taqozo qiladi. Shu tariqa amal bilan imon boshqa-boshqa ekani isbotlanadi.

«Erkagu ayol, kim mo‘min holida yaxshi amal qilsa, Biz unga yaxshi hayot kechirtiramiz» (Nahl surasi, 97-oyat).

Shu kabi oyatlarda amallarning qabul bo‘lishi uchun imon shart qilingan. Demak, imon shart, amal esa mashrut (shartga bog‘liq qilingan) narsadir. Arab tili qoidasiga ko‘ra, shart bilan mashrut boshqa-boshqa narsa hisoblanadi.

Solih amallar – namoz, ro‘za, zakot, haj va boshqalar imonning tarkibiy qismi hisoblanmaydi. Ya’ni kishi farzlarni bajarmasligining o‘zi bilan dindan chiqib qolmaydi.

Yaxshi amallar imonning jilvasi bo‘lib, ular orqali u ziynatlanadi va ravnaq topadi. Natijada, bandaning imoni komil bo‘ladi. Bunga Qur’o-ni karimdan quyidagi oyat dalil bo‘ladi: «Imon keltirib, yaxshi amallar qilgan zotlar uchun xushnudlik va go‘zal oqibat – jannat bordir» (Ra’d surasi, 29- oyat).

Imomi A’zam Abu Hanifa «Vasiyat» nomli kitobida aytadi:

«Shuningdek, amal imondan alohida, imon ham amaldan alohidadir. Buning dalili shuki, ba’zan mo‘mindan amallar vaqtinchalik soqit bo‘lib turadi. Lekin undan imon soqit bo‘ladi, deb bo‘lmaydi.

(Masalan) hayzli ayoldan namoz soqit bo‘ladi. Lekin undan imon soqit bo‘ldi yoki unga imonni tark qilish buyurilgan, deyish mumkin emas»25.

Moturidiylik e’tiqodiga ko‘ra, amallar imonning bir bo‘lagi, yoki rukni emas. Shu sababli har qanday farzni (inkor etmagan holda) tark etgan kishi dindan chiqqan – kofir bo‘lib qolmaydi. Buning dalillaridan biri:

Umar ibn Xattobdan rivoyat qilinadi: «Nabiy alayhissalom davrlarida Abdulloh ismli kishi bo‘lib, uning laqabi «ximor»26 edi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kuldirar edi. U Zot uni ichgani uchun darra urdirgan edilar. Bir kuni u yana shu ishni qildi va unga darra urishni amr qildilar. Qavmdan bir kishi: «Allohim, uni la’natlagin, u qandoq ham ko‘p ichadi», dedi. Shunda Nabiy alayhissalom dedilar: «Uni la’natlamanglar, Allohga qasamki, u Alloh va uning Rasulini yaxshi ko‘radi»27. Ko‘rinib turganidek, qaytarilgan amalni sodir qilgani bilan Abdullohni kofir sanamadilar, boshqalarni la’natlashdan qaytardilar. Aksincha, uning imoniga ishora qildilar. Shundan amal imondan tashqari ekani ma’lum bo‘ladi.

Molikiy, shofi’iy va hanbaliy mazhablarida solih amallar imonning tarkibiy qismi ekani e’tirof etilsa-da, biroq ularni tark etish imondan chiqishga emas, balki imonning kamoloti yo‘qolishiga olib kelishi ta’kidlanadi.

Ayrim hadisi shariflarda amal imonning bir qismi ekanini anglatuvchi ma’nolar mavjud. Jumladan:

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh alayhissalom xutba qilganlarida: «Omonatsiz insonda imon, ahdsiz kishida din yo‘q», – dedilar»28.

Abu Umomadan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim Alloh uchun yaxshi ko‘rib, Alloh uchun g‘azab qilsa va Alloh uchun berib, Alloh uchun bermasa, u imonini kamol toptiribdi», deganlar»29.

Ibn Mas’uddan rivoyat qilinadi: «Rasululloh alayhissalom:

«Omonatsiz kishida imon yo‘q, ahdsiz kishida din yo‘q. Muhammadning nafsi iznida bo‘lgan Zotga qasamki, bandaning dini tili to‘g‘rilanmagunicha to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uning tili qalbi to‘g‘rilanmagunicha to‘g‘ri bo‘lmaydi. Qo‘shnisi bavoiqlaridan omonda bo‘lmagan kishi jannatga kirmaydi», dedilar. Shunda: «Ey Allohning Rasuli! Bavoiq nima?» dedilar. U zot: «Uning zulm- sitami», dedilar…» (Tabaroniy rivoyati).

Mazkur hadislarning barchasida komil imon haqida so‘z bormoqda, ya’ni ushbu hadislar «omonatsiz kishida komil imon bo‘lmaydi» degan ma’noni anglatadi.

Boshqa bir hadisda masjidga qo‘shni bo‘lib yashaydigan insonning namozi faqat masjidda ado bo‘lishi ta’kidlangan. Undan ushbu odamning uyida o‘qigan namozi qabul bo‘lmaydi, degan ma’no anglashilmaydi. Balki masjidga qo‘shni yashagan inson masjidda o‘qimay, uyida o‘qisa, namozi komil bo‘lmasligi tushuniladi.

Xuddi shuningdek, mazkur hadislarni «omonatsiz kishida komil imon bo‘lmaydi», deb talqin qilish lozim. Aks holda, qo‘shnisiga aziyat yetkazgan yoki omonatga xiyonat qilgan kishi kofir bo‘lishi kerak bo‘lib qoladi. Bunday bo‘lishi esa «chin qalbdan la ilaha illalloh, deb aytgan kishi jannatga kiradi», degan mazmundagi dinning asosini tashkil qiluvchi hadisi shariflar mohiyatiga ziddir.

Imonga tegishli hadislar orasida, zohiriy jihatdan murjiiylarning qarashini qo‘llab quvvatlaydigan, ya’ni «imonli insonga gunoh ta’sir qilmaydi» degan ma’noni zohiran ifodalovchi hadislar ham mavjud. Jumladan, Rasululloh alayhissalom Mu’oz ibn Jabalga shunday deganlar:

«Kim «Allohdan o‘zga iloh yo‘q, Muhammadning rasuli», deb chin qalbdan shahodat keltirsa, Alloh taolo uni do‘zaxga harom qiladi».

Uboda ibn Somitdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh alayhissalom: «Kim

«Allohdan o‘zga iloh yo‘q, U yakkayu yagona, sherigi yo‘qdir. Muhammad uning bandasi va rasulidir. Iso Allohning bandasi, rasuli va cho‘risining o‘g‘li, Maryamga tashlagan kalimasi va ruhidir. Jannat va do‘zax haq», deb shahodat keltirsa, amali qanday bo‘lmasin, uni Alloh taolo jannatga kiritadi», dedilar»30.

Imom Muslimdan qilingan boshqa rivoyatda shunday deyilgan: «Rasu- lulloh alayhissalom: «Kim «Alloh taolodan o‘zga iloh yo‘q, Muhammad Allohning rasuli», deb guvohlik bersa, Alloh unga do‘zaxni harom qiladi», dedilar».

Mazkur hadislarning ma’nosini ifodalovchi ko‘plab hadislar, zohiran mo‘min kishiga amalning zarurati yo‘q, degan ma’noni anglatadi. Lekin uning muqobilidagi boshqa hadislarni o‘rganib chiqib, «chin qalbdan imon keltirgan inson qilgan gunohlariga yarasha jazo olganidan keyin, albatta jannatga kiradi, u hech qachon do‘zaxda abadiy qolib ketmaydi», degan xulosaga kelishi mumkin.

Imon mavzusi ostida o‘rganiladigan va tadqiq etiladigan masalalardan biri «Imon keltirish aql asosida vojibmi yoki naql bilanmi?!» degan mavzudir. Nuriddin Sobuniyning «al-Bidaya» asarida shunday keltiriladi:

«Alloh taologa imon keltirish farz, kufr keltirish esa haromdir. Olimlar imonning aql yoki naql asosida vojib bo‘lishi borasida ixtilof qilganlar. Xususan, islom da’vati yetib bormagan hududlarda vafot etgan kishi31ning taqdiri borasida ham olimlar orasida turli qarashlar mavjud. Shuningdek, sivilizatsiya yetib bormagan hududlarda o‘sib, islom yetib bormay, vafot etgan kishilar uzrlimi yoki uzrsizmi? Fitratda yashab o‘tgan kishilar borasidagi ixtilof ham ayni shundaydir»32.

Botiniy, rofiziy, mushabbiha va xorijiylar: «Aql bilan hech narsa vojib bo‘lmaydi. Imonning yaxshiligi va kufrning yomonligini aql vositasida idrok etish imkonsiz. Binobarin, ular shariat orqali bilinadi», deydi33.

Mu’taziliylar nazdida, «aql imon keltirishni, ne’mat beruvchiga shukr qilishni taqozo etadi. Aqlning o‘zi bilan hukmlar sobit bo‘ladi»34.

Ash’ariylar «aql bilan biror narsa vojib va harom bo‘lmasligi, biroq uning vositasida ayrim narsalarning xayrli yoki yomon ekani ma’lum bo‘li- shi»ni ta’kidlashadi. Imom Ash’ariy nazdida, mukallafga yuklatiladigan barcha hukmlar naql orqali olinadi.

Ash’ariylar va bir guruh hanbaliylar: «Bu toifa kishilar uzrlidirki, ularning dalil keltirishlari shart emas», deydi hamda qarashini «To payg‘ambar yubormagunimizcha (biror kimsani) azoblovchi bo‘lmadik» oyati (Qur’oni karim. Isro surasi, 15-oyat. – B. 283) bilan isbotlaydi35.

Abu Muin Nasafiy nazdida, imon Alloh taolo hidoyati bilan ban- daning ishidir. Uni til bilan iqror qilib, dil bilan tasdiqlash bandadan, tavfiq va hidoyat esa Allohdandir.

Umuman, hozirgi kunda «imon» masalasi murakkablashib, aqidaparast toifalarning qurollariga aylanib qolmoqda. Chunki radikallashgan toifa- lar o‘z maqsadlarini amalga oshirishda amalni imonning tarkibiy qismiga aylantirib, islom ahkomlariga bilib-bilmay amal qilmagan mo‘min-mu- sulmonlarning qonini o‘zlariga halollash uchun «takfir» masalasini o‘rtaga olib chiqmoqda.

Bu esa Payg‘ambarimiz olib kelgan ilohiy mo‘tadil ta’limot asos- lariga butkul ziddir.

Tahlillar asosida quyidagi xulosalarga kelish mumkin:

– Imon kalomdagi tarixan eng ixtilofli masalalardan bo‘lib, ahli sunna olimlari bilan bir qatorda ularning raqiblari ham mazkur mavzu doirasida bahs yuritganlar.

– Ko‘plab to‘g‘ri va botil qarashlar zohiran o‘xshash bo‘lsa-da, mazmunan tubdan farq qiladi. Masalan, Imom Molik, Imom Shofi’iy, Ahmad ibn Hanbal va ularga ergashgan allomalar bilan xorijiy va mu’taziliy olimlarning imonga bergan ta’rifi shaklan o‘xshash: «Imon – qalb tasdig‘i, til iqrori va amal qilish». Ammo bu orqali xorijiylar gunohi kabirani sodir qiluvchi – kofir, mu’taziliylar ikki manzil o‘rtasida, deydi. Shofi’iy ulamolar esa katta gunoh sodir qilganni islomdan chiqarmaydi. Ular gunohni imonning kamolotiga bog‘lashadi. Ya’ni gunoh orqali imon emas, uning kamoloti yo‘qoladi.

– Hanafiylar, xususan, Abu Mansur Moturidiyning ta’rifi zohiriy jihatdan murjiiylar talqiniga o‘xshaydi. Ya’ni imon tasdiqdir. Ayni shu masala tufayli ayrim toifalar hanafiylarni murjiiylikda ayblashadi.

Lekin hanafiylar amalni zaruriy hisoblab, uni tark qilgan fosiq bo‘li- shini ta’kidlaydi. Murjiiylar e’tiqodiga ko‘ra esa «mo‘minga amallar ta’sir qilmaydi».

– Moturidiylik e’tiqodi, haqiqat qilichi Abu Muin Nasafiy qarashlariga ko‘ra, amal imon shartlaridan hisoblanmaydi. Shunga asosan ulkan gunohlarni sodir etgan kimsa imonda qoladi – kofir hisoblan-maydi. Ular taklif qilgan g‘oyaga binoan til iqrori – shariat hukmlarni joriy qilish, amal – komil imonning sharti hisoblanadi.

Demak, imon masalasini chuqur anglash, hanafiylik-moturidiylik qa- rashlarini tahliliy idrok qilish, kerak bo‘lsa, himoya qilish ko‘plab e’- tiqodiy tushunmovchiliklarga barham berish, ixtiloflarning oldini olishga yordam beradi. Qolaversa, yurtimizda azaldan qaror topgan diniy va dinlararo bag‘rikenglik g‘oyalarining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

Irgash Daminov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

2024 yil 17-18 oktyabr kunlari Termizda bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman maqolalari to‘plami

FOYDALANILGAN ADABIYoTLAR RO‘YXATI:

  1. Bayhaqiy Abu Bakr. As-Sunanul kubro. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 2003. – J. 4.
  2. Buxoriy Saffor. Talxisul adilla li qavoidit tavhid // Anjlika Brodrsn tahqiqi. – Bayrut: Muassasatur Rayyon, 2011.
  3. Imom Abu Dovud. As-Sunan li Abi Dovud. – Bayrut: Dorul qibla, 2009. – J. 5.
  4. Imom Muslim. As-Sahihul Muslim. – Bayrut: Dorul jiyl, nashr yili ko‘rsatilmagan. – J. 1.
  5. Imom Buxoriy. Sahihul Buxoriy. – Hindiston: Qadimiy kutubxona, 1961. – J. 1.
  6. Kosoniy Alouddin Abu Bakr. Al-Mu’tamad minal mu’taqod // Enes Durmush, Muhammad va Usman Do‘gan tahqiqi. – Istanbul: Date Published, 2021.
  7. Lomishiy Abu Sano Mahmud ibn Zayd. Kitobut Tamhid li qavoidit tavhid // Abdulmajid Turkiy tahqiqi. – Bayrut: Dorul g‘arbil islomiy, 1995.
  8. Mulla Aliyul Qoriy. Sharhu fiqhil akbar / Ali Muhammad tahqiqi. – Bayrut: Dorul kutubil ilmiya, 1995.
  9. Nasafiy Abu Barakot. Sharhul Umda fi aqida ahliis sunna // Abdulloh Muhammad va Abdulloh Ismoil tahqiqi. – Qohira: al-Maktabatul azhariya lit turos, 2011.

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика