SHARAFI ULUG‘ ZOT

by Matbuot xizmati
80 👁️

Payg‘ambar alayhissalomning insoniyat tarixida tutgan ulkan o‘rni hech kimga sir emas. Komil inson tushunchasi o‘zining eng yuksak namunasida u zotda mujassam bo‘lgani ma’lum. U zotning siyrat va sifatlarini o‘rganish esa din haqiqatini anglashda asosiy jonli o‘rnak timsoli sanaladi. Shuning uchun maxluqotlarning eng afzali ham u zot hisoblanadilar.

Shundan kelib chiqib olimlar ijmo qilishganki, Payg‘ambar sollallohu alayhi va olihi vasallamning jasadlari a’zosini o‘zida saqlagan joy Yerning eng afzal qismidir. Qozi Iyoz (Abul Fazl Iyoz ibn Muso Molikiy, 476-544/1083-1149) o‘zining mashhur “Ash-Shifo bi-ta’rifi huquq al-Mustafo” (Payg‘ambar haqlarini tanitishda shifo) kitobida (2/91, “Dor al-kutub al-ilmiyya” nashri) deydi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi va olihi vasallam qabrlari o‘rni Yerning eng afzal o‘rni ekanligi borasida (olimlar o‘rtasida) xilof yo‘qdir”.

Alloma Samhudiy (Sayyid Nuriddin Ali ibn Abdulloh Shofe’iy, 844-912/1440-1506) “al-Vafoul-vafo bi-axbari doril-Mustafo” asarida (1/28-33, “Dor al-kutub al-ilmiyya” nashri) deydi: “Darhaqiqat, Payhambar alayhissalom jasadi shariflarini saqlagan o‘rin afzalligiga ijmo sobit bo‘lgan, hatto u Ka’bai Sharifdan ham afzaldir. Payg‘ambar alayhissalom a’zolari joylashgan o‘rinning afzalligi borasidagi ijmoni Qozi Iyoz naql qilgan. Xuddi shunday undan oldin Abul Valid Bojiy ham buni so’zlagan bo‘lib, bu haqda Xatib Ibn Jumla aytgan. Buni Abul Yaman Ibn Asokir va boshqalar ham naql qilgan va ularning so‘zida ham bu joyning Ka’bai Sharifdan afzalligi ochiq aytilgan. Tojiddin Subkiyning Ibn Aqiyl Hanbaliydan naql etishicha, bu yer arshdan ham afzaldir”.

Toj al-Fakihiy deydi: “Olimlar shunday deyishgan: “Payg‘ambar alayhissalomning a’zoi sharifalarini o‘zida saqlaydigan joy Yer yuzining mutlaq eng afzal joyidir, hatto Ka’baning o‘rnidan ham. Zarkashiy deydi: “Payg‘ambar alayhissalom jasadlari a’zolarini o‘z ichiga olgan joyning afzalligi uning u zot bilan birgaligi sababidandir. Shuning uchun betahorat kishiga Mus’haf muqovasini ushlash mumkin emas” (ya’ni bu muqovani u Mus’haf bilan birgaligi tufayli betahorat ushlash mumkin emas).

So‘ng yana shunday deydi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi va olihi vasallamning qabrlariga tushuvchi rahmatlar va barakatlar fayzi ummatni qamrab olib, barchaga umumiydir, uning nihoyasi yo‘q, chunki u zot alayhissalotu vassalomning darajalari yuksalib borishi davomiydir. Zero, ummat o‘z Payg‘ambari sababidan ega bo‘lgan yutuqlar u zotga berilgan g‘oyatda yuksak fazilatlar sababidandir. U zot Payg‘ambarlarning eng afzali bo‘lganlari uchun ummatlari ham ummatlar ichra eng afzali bo‘ldi. Endi u zotning qabri yaxshiliklar fayzining manbai bo‘la turib qanday qilib eng afzal makon bo‘lmasin?”

Ibn Javziy “al-Vafo” kitobida Oisha roziyallohu anhodan shunday rivoyat qiladi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi va olihi vasallam vafot etganlarida u zotni dafn etish borasida turli fikrlar berildi. Ular: “Rasululloh sollallohu alayhi va olihi vasallam qaerga dafn etiladilar?”, – deyishdi. Ali roziyallohu anhu shunday dedi: “Er yuzida Allohga o‘z Payg‘ambari sollallohu alayhi va olihi vasallamning jonini olgan joydan ham ko‘ra hurmatliroq joy yo‘qdir”.

Yahyoning rivoyat qilishicha, qachonki dafn masalasida turlicha fikrlar bildirilganda Ali dedi: “U zot faqat Alloh jonlarini olgan joydagina dafn etiladilar”. Bunga barcha rozi bo‘ldi. Men (Samhudiy) deymanki, Ali aytgan so‘zdan yuqorida keltirilgan qabri sharifning afzalligi borasidagi ijmoning asosi olingan. Chunki barcha bu fikrga sukut saqlashdi va o‘sha yerga dafn etishga rozi bo‘lishdi. Shuningdek, odamlar Abu Bakr roziyallohu anhuga deyishdi: “Ey Rasulullohning sohibi, Rasululloh sollallohu alayhi va olihi vasallam qaerga dafn etiladilar?” U dedi: “Alloh ul zotning jonini olgan yerda. Alloh u zotning jonini faqat pok joydagina oladi. Buni Imom Termiziy “Shamoil”da, Imom Nasaiy esa “Sunan al-kubro”da keltirgan va sanadi sahihdir.

Abu Ya’lo Mavsiliy qilgan rivoyat lafzi esa quyidagicha: “Rasululloh sollallohu alayhi va olihi vasallamning shunday deganlarini eshitdim: “Payg‘ambar joni faqatgina makonlar ichra o‘ziga eng sevimli bo‘lgan makondagina olinadi”. Men deymanki, u zotga eng sevimli bo‘lgani Allohga eng sevimli bo‘lganidir. Alloh va Uning Rasuliga eng sevimli bo‘lgani qanday qilib eng afzal bo‘lmaydi?”

Alloma Haskafiy (Muhammad ibn Ali Alouddin Hanafiy Dimashqiy, 1025-1088/1616-1677) “ad-Dur al-muxtor” (2/257, “Dor al-kutub al-ilmiyya” nashriyoti) kitobida deydi: “Ustun fikrga ko‘ra, Makka Madinadan afzaldir, bundan faqatgina Payg‘ambar alayhissalom a’zolarini o‘zida saqlagan joy mustasnodir. Albatta, u joy hatto Ka’ba, arsh va kursidan ham mutlaq afzaldir”.

Shayx Muhammad ibn Ahmad Ulaysh Molikiy (1217-1299/1802-1882) “Manh al-jalil sharh muxtasar xalil” asarida (3/133, “Dor al-fikr” nashriyoti) Makka va Madinaning qay biri afzalligi borasidagi ixtilof haqida so‘zlagan o‘rnida deydi: “Ixtilof mavzusi Payg‘ambar sollallohu alayhi va olihi vasallamni o‘z ichiga olgan o‘rin haqida emas. Albatta, u Ka’ba, samo, arsh, kursiy, lavh, qalam va Baytul ma’murdan ham afzaldir”.

Alloma Rohiybaniy (Mustafo ibn Sa’d Suyutiy Hanbaliy, 1165-1243/1751-1827) “Matolibu ulin-nuho” kitobida (2/384, “al-Maktab al-islomiy” nashri) deydi: “Payg‘ambar alayhissalotu vassalom qabrlarining o‘rni Yer yuzining eng afzal o‘rnidir. Chunki u zot sollallohu alayhi va olihi vasallam shu tuproqdan yaratilganlar va u zot basharning eng yaxshisidirlar, tuproqlari ham tuproqlarning eng yaxshisi. Ammo bu qabrning tuprog‘iga kelsak, u Ka’badan afzal emasdir, balki Ka’ba undan afzaldir, bu esa qachonki u jasadi sharifdan xoli bo‘lganda”.

Abul Vafo Ali ibn Aqiyl “al-Funun” nomli kitobida deydi: “Ka’ba – Payg‘ambar alayhissalom hujralarining o‘zidan afzal. Ammo Payg‘ambar sollallohu alayhi va olihi vasallam uning ichida bo‘lsalar, yo‘q, Allohga qasamki, u Arsh va uni ko‘tarib turuvchilaru jannatdan ham afzaldir. Chunki u hujrada bir jasad borki, agar boshqa maxluqotlarning bari u bilan o‘lchansa, u og‘irroq bosadi”.

Yuqorida keltirilgan ushbu masalalarni “Dor al-ifto al-misriyya” (Misr fatvo uyi) manbalariga ishora qilgan holda shu tarzda bayon etgan va uning aksar qismi Muhammad ibn Yusuf Solihiy Shomiyning “Subulu-l-huda va-r-rashod fiy siyrati xoyri-l-ibod” asaridan olingan.

Imom Navaviy “Tahriru alfazi-t-tanbeh” asarida (“Dor al-qalam” nashriyoti. – B. 62) deydi: “Jumhur olimlar ixtiyor qilgani shuki, osmonlar Yerdan afzaldir. Zaif qavl sanalsa-da, yana deyiladiki, Yer afzal, chunki u anbiyolarning qarorgohi va dafn o‘rnidir”.

Imom Zarkashiy “I’lomu-s-sajid bi-ahkami-l-masajid” (“al-Majlis al-a’lo” nashriyoti. – B. 242) asarida shunday qayd etgan: “Ushbu makon Yer yuzining eng afzal joyi ekanligiga ijmo qilingan va u Payg‘ambar alayhissalomning a’zolarini o‘z ichiga olgan joydir. Bu ijmoni Qozi Iyoz va boshqalar naql qilgan”. So‘ng so‘zida davom etib, bu ijmoni inkor etish to‘g‘ri emasligini yozgan va o‘nlab asoslarni keltirgan.

 Umuman olganda, Makkani Madinadan, Madinani Makkadan ustun ko‘rgan yoki ikkalasini teng sanagan olimlar ham bo‘lgan. Ammo Makkani ustun ko‘rganlar ko‘proq bo‘lib, quyida keltiriladiganidek, Subkiy ham hanafiy, shofe’iy va hanbaliylar asosan Makani ustun sanaganini aytgan. Yuqorida to‘rt mazhab olimlari tomonidan qilingan naqllar keltirildi. Ularda ham Payg‘ambar alayhissalom joylashgan yer masalasida mushtaraklik bor. Hanafiy olimlardan bo‘lgan Haskafiydan qilingan naql esa bu borada ushbu mazhab qarashini ifodalashi mumkin: “Ustun fikrga ko‘ra, Makka Madinadan afzaldir, bundan faqatgina Payg‘ambar alayhissalom a’zolarini o‘zida saqlagan joy mustasnodir. Albatta, u joy hatto Ka’ba, arsh va kursidan ham mutlaq afzaldir”.

Xullas, bu ikki shahar Alloh taoloning ulug‘ ne’matlari ekanligi ayni haqiqat. Ammo Alloh yaratgan eng afzal maxluqot Payg‘ambar alayhissalom ekanligi va maxluqotlar ichra Allohga eng mahbubi ham u zot ekanligi borasida hech kim ixtilof qilmaydi. Shuning uchun Qur’on ham u zotning qalblariga nozil qilindi (Baqara, 97). Imom Ibn Moja Ibn Umar roziyallohu anhu orqali Payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qilishicha, u zot Ka’bani tavof qilaturib shunday deganlar: “Sen qanday xushbo‘yu poksan va hiding ham xushbo‘yu pok, sen qanday ham ulug‘san, hurmating ham qanday ulug‘! Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, mo‘minning hurmati Allohning nazdida sening hurmatingdan ulug‘roqdir, uning moli va qoni shu jumladan, u haqda faqat yaxshi gumon qilamiz”. Ushbu hadisni Imom Termiziy ham Ibn Umar roziyallohu anhudan mavquf (sanadi sahobaga to‘xtagan) tarzda rivoyat qilib, hasan-g‘arib sanagan. Bu hadisdagi “mo‘min” esa avvalo mo‘minlarning va barchaning eng afzali bo‘lgan Payg‘ambar alayhissalomdirlar.

Shofe’iylarning ulug‘ olimi Imom Tojiddin Subkiyning (727-771/1327-1370) otasi Taqiyiddin Abul Hasan Ali ibn Abdulkofiy Subkiy (683-756/1284-1355) o‘z asrining shayxulislomi, hofiz, mufassir, Shom qozisi va ko‘plab asarlar muallifi bo‘lib, o‘zining “Fatovo” asarida (1/278-279, “Dor al-ma’orif” nashri) deydi: “Ammo sharafli qabrga kelsak, u masjid hukmida emas, balki u masjidning o‘zidan ham sharafliroqdir hamda Makkaning masjididan (ya’ni Baytullohdan) ham va barcha makondan sharafliroq sanaladi. Qozi Iyoz bunga ijmo borligini naql qilganki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam jasadlarining sharafli a’zolarini o‘z ichiga olgan o‘rin afzalligi borasida ixtilof yo‘q va u shofe’iylar, hanafiylar, hanbaliylar va boshqalarning Makka Madinadan afzaldir degan qarashlaridan mustasno bo‘lgan joydir”.

Musannif rahimahulloh yuqorida uch mazhabni qayd etib, molikiylarni qayd etmagani sababi ular Imom Molik boshchiligida Madinaning afzalligiga moyillik ko‘rsatishgan. Imom Suyutiy ham (quyida keltiriladigan risolasida) o‘zining qalbi shunga moyilligini aytadi. Subkiy bu masalani o‘z kitobida uzoq tahlil etadi. Jumladan, deydiki, Masjidi Nabaviydagi namozdan ko‘ra, Ka’badagi namoz savobi ko‘proqligi haqidagi hadis eng afzal makon masalasiga daxl etmaydi. Chunki bu masala Payg‘ambar alayhissalom shaxsiyatlariga bog‘liq, amallarning ko‘payib-ozayishiga emas. Zero, Payg‘ambar alayhissalom tirikliklaridagi u zotning amallari boshqalarning amallari bilan solishtirib bo‘lmas darajada ortiqdir. Qozi Iyoz naql qilgan ijmoga nisbatan shubhani ketkazib, ko‘ksga shifo beradigan ikki omil bor. Birinchisi shuki, kishi o‘zi undan xalq qilingan makonda dafn etiladi. Ikkinchisi esa, ushbu yerga tushadigan rahmat, baraka, Allohning u zotga bo‘lgan iqbolidir. Allohning u zotga bo‘lgan muhabbati va e’tiborini idrok etishdan aqllar ojizdir. Boshqa o‘rinlar uchun bu kabi narsalar yo‘q. Endi qanday qilib u eng afzal bo‘lmasin? Agar makon o‘z zoti bilan emas, balki undagi narsa bilan sharaf topishiga ko‘nsak ham, tushunib yetasanki, ushbu qabrdagi makon barcha yerdan, hatto Ka’badan ham ustundir.

Shu bilan birga bu masalada yana bir muhim manba bor, u ham bo‘lsa Islom tarixidagi kitob va qarashlarni imkon qadar xulosalagan yirik olim Jaloliddin Suyutiyning “al-Hujaj al-mubayyana fiy tafziyli bayna Makka va-l-Madina” (Makka va Madinaning qay biri afzalligi borasida ochiq hujjatlar, “al-Yamoma” nashri) risolasidir. Unda Makkani yoki Madinani afzal sanaganlar hujjati keltirib o‘tilgach, shunday deyiladi: “(Makka va Madinaning qay biri afzalligi borasidagi) ixtilof mavzusi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qabridan boshqa masaladadir. Ammo u eng afzal yer ekanligiga ijmo qilingan. Bundan Qozi Iyoz va undan boshqalar ham ogoh etishgan. Balki bu yer Ka’badan ham afzaldir. Balki men Qozi Tojiddin Subkiyning o‘z xati bilan Ibn Aqiyl Hanbaliydan naql etib yozganida ko‘rdimki, bu yer arshdan ham afzaldir. Ba’zilar (Imom Abu Muhammad Biskariy Mag‘ribiy) bu haqda shunday deyishgan:

Jazama al-jamiy’ bi-anna xoyrol-arzi maa

Qod haato zatal-Mustafo va havaahaa.

Va na’am laqod sodaquu bi-sakinihaa ‘alat

Kan-nafs hiyna zakat zakaa ma’vaahaa.

Ma’nosi:

Barcha jazm etmishki, yerning eng yaxshisi

Mustafo zotini o‘rab turgani va o‘z ichiga olgani.

Ha, darhaqiqat, rost so‘zlashdi, u maskan sokini bilan oliy bo‘ldi,

Bir jondekki, u poklanganda qo‘nim topgan ma’vosi ham pok bo‘ldi!

Olimlar so‘zlaridan chiqadigan xulosa sifatida qayd etish lozimki, sof makon jihatidan Ka’bai sharif ulug‘ bo‘lsa, zot e’tiboridan esa Payg‘ambar alayhissalom barcha maxluqotdan ustundirlar. Zero, u zoti sharif barcha borliqqa ma’no beruvchi yoxud barcha ma’nolar u zotda tajalliy etuvchi zotdirlar. Alloh taoloning u zotga va oila a’zolariga salavotu durudlari bo‘lsin!

Jo‘rabek Cho‘tmatov –Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика