
Prezidentimizning Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi qarorida ul zotning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, xalqaro anjumanlar o‘tkazish, asarlarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh avlodning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish kabi vazifalar belgilab qo‘yilgan. Shu bilan birga buyuk olim hayoti va ilmiy merosining mohiyatini hamda bugungi kundagi ahamiyatini ochib beruvchi ilmiy-ommabop sahna asarini yaratish ham belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash jarayonida Surxondaryo viloyati musiqali drama teatri san’atkorlari yozuvchi va dramaturg Shavkat Pardayev asari asosida “Imom Termiziy” spektaklini sahnalashtirdi.
Muborak Ramazon shukuhi esib yurgan oyda yangi asar teatr badiiy kengashining ilk muhokamasidan o‘tkazildi.
Asarda buyuk muhaddis olim ijodining yosh avlod ma’naviy-ruhiy olamini boyitishdagi ahamiyati, ularning qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirishdagi o‘rni, hozirgi globallashuv jarayonlarida yosh avlodni islom diniga yot g‘oyalardan asrash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Teatrning joriy yilgi repertuar rejasiga kiritilgan yangi spektakl O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi teatrlar faoliyati bo‘yicha Badiiy kengash a’zolari ko‘rigidan o‘tkazilgach, tomoshabinlarga taqdim etiladi.