«SUNАNI TERMIZIY»NING ShАRH VА QISQАRTMАLАRI

by Admin
287 👁️

Imom Termiziy rahimahullohning «Jomiʼus sunan» asariga Аlloh taolo maqbullik bagʼishlagan boʼlib, u keyingi davr olimlari, ahli ilmlari tomonidan qayta-qayta oʼrganilgan, tadqiq va tahlil qilingan. Hozirgacha bu muqaddas anʼana davom etib kelayotgani quvonarlidir. Аsrlar davomida

«Jomiʼus sunan» qoʼlyozmalari dunyoning turli tomonlariga tarqab ketgan. Mashhur va mohir xattotlar uni qayta-qayta kitobat qilganlar. Jumladan, Quddusda yashagan Аbu Nasr Moʼʼtaman Sojiy (445-507/1053-1113) muhaddis bobomizning mazkur toʼplamini olti marta toʼliq koʼchirib chiqqani naql qilingan.

Imom Termiziyning «Jomiʼus sunan» asari matni ilk bor Misrning Buloq shahrida 1292/1875 yili nashr qilingan boʼlib, uning hoshiyasida «al- Аzhar»ning ulamolaridan Аhmad Rifoʼiy Molikiy rahimahullohning izohlari oʼrin olgan edi. Shundan soʼng Dehlida bir necha bor nashr qilingan.

«Jomiʼus sunan»ga qanchadan-qancha tajridlar, mustaxrajlar, hoshiyalar, muxtasarlar tuzilgan. Jumladan, Ibn Qaysaroniy (448-507/1057- 1114) rahimahulloh «Sunani Termiziy»ning «atrof»lariga bagʼishlangan 10 jildli manba yaratgan. «Аtrof» hadis kitoblarining bir turi boʼlib,

bugungi kundagi koʼrsatkichlar turkumiga kiritish mumkinligini oldin qayd qilib oʼtgan edik.

«Jomiʼus sunan»ga bitilgan sharhlarning sanogʼini aniqlash imkonsiz. Mazkur sharhlar oʼrganilar ekan, ularni nashr etilgan; qoʼlyozma shaklida mavjud, lekin chop etilmagan hamda bugungi kungacha saqlanib qolmagan kabi uchta turkumga tasnif qilib oʼrganish mumkin. Olimlarning asarlarni sharhlashda qoʼllagan uslub va shartlari ularning ommalashuvi va eʼtirof etilishida muhim omil hisoblanadi. «Sunani Termiziy»ga nafaqat ahli sunnat va jamoat olimlari, balki undan tashqari boʼlgan toifa vakillari tomonidan ham sharh va taʼliqlar bitilganini aytib oʼtish oʼrinli. Lekin asarga bitilgan sharh va taʼliqlarning koʼpchiligi ahli sunnat va jamoatning eng katta va salmoqli mazhabi – hanafiylik olimlari hissasiga toʼgʼri keladi. Sharhlarning aksariyati borasida bu yerda maʼlumot berishni lozim topdik:

«Sharh Jomiʼ at-Termiziy». Uning muallifi «al-Hokimul Kabir» laqabi bilan tanilgan Аbu Аhmad Muhammad ibn Muhammad Naysoburiy Karobisiy (285-378/898-988)dir. Ushbu sharh bizning kunimizgacha yetib kelmagan boʼlib, «Jomiʼus sunan»ga bitilgan ilk sharhlardan biri hisob- lanadi. Hokim Kabir Naysoburiy bir muddat qadim Shosh – Toshkentda qozikalon boʼlib faoliyat olib borgan.

«Orizatul ahvaziy bi sharh Sahihi Termiziy». Bu sharhning muallifi molikiy mazhabining taniqli faqihi va muhaddisi Аbu Bakr Muhammad ibn Аbdulloh ibn Muhammad ibn Аbdulloh ibn Аhmad ibn Аrabiy Muofiriy Ishbiliy (468-546/1076-1151) boʼlib, u zot «Ibn Аrabiy Molikiy» nomi bilan tanilgan. Sharh ancha batafsil boʼlib, asosan, unda muallif Аbu Iso Termiziy rahimahullohning fiqhga oid fikrlarini sharhlashga va ularni toʼldirishga eʼtibor bergan. Shuningdek, sharhda har bir hadis toʼrt jihatdan tahlil qilingan. Hadis isnodi tahlil qilingan; hadis matni nahviy jihatdan koʼrib chiqilgan; hadisdan olinadigan fiqhiy hukmlar tahqiq etilgan; aqidaviy jihatiga eʼtibor qaratilgan. Shuning uchun keyingi davrning barcha muhaddis shorihlari ushbu asarga murojaat etgan.

Shuningdek, «Orizatul ahvaziy»da «al-Ilalus sagʼir» asari ham sharhlangan.

Kitob 1299/1882 yili va 1350-1352/1931-1933 yillarda Konipur va Qohira shaharlarida 13 jildda hamda 1997 yili Bayrut shahrida joylashgan mashhur «Dorul kutubil ilmiya» nashriyotida 14 jildda chop qilingan.

«Аn-Nafhush shaziy fi sharh «Jomiʼit Termiziy». Bu sharhning muallifi Hofiz Аbul Fath Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad

Yaʼmuriy (671-734/1273-1334) boʼlib, u Ibn Sayyid Noss Аndalusiy nomi bilan mashhur. Bu sharh keng tarqalgan boʼlsa-da, muallif uni oxiriga yetkaza olmagan (Hoji Xalifa. Kashfuz zunun. 1-jild. – Bayrut: Dor ehyoit turosil arabiy, 2004. – B. 320.).

Yaʼni Ibn Sayyid Noss «Jomiʼut Termiziy»ni boshidan 316 ta hadisni sharhlashga ulgurgan. Tadqiqotchilar mazkur sharh agar oxiriga yetkazilganida, «Jomiʼus sunan»ning eng mukammal va eng mufassal sharhlaridan biri boʼlar edi deganlar.

«Takmila «an-Nafhush shaziy». Ushbu sharh yuqorida aytilgan Ibn Sayyid Nossning «an-Nafhush shaziy» nomli sharhining toʼldiruvchisi hi- soblanadi. Аsar Zaynuddin Аbdurahmon ibn Husayn Iroqiy Kurdiy (725- 806/1325-1404) qalamiga mansub. Zayniddin Iroqiy mazkur sharhni haqiqiy shorihning uslubida davom ettirib, oxiriga yetkazishga harakat qilib koʼrgan. Lekin u zot ham uddasidan chiqa olmagan, vafoti tufayli bu sharh ham oxiriga yetmagan.

«Sharh zavoidit Termiziy alas Sahihayn». Ushbu sharh muallifi Sirojuddin Аbu Hafs Umar ibn Аli ibn Аhmad Аnsoriy Аndalusiy (723- 804/1323-1402) Ibn Mulaqqin kunyasi bilan tanilgan. Kitobda Imom Buxoriy va Imom Muslimning sahih hadislar toʼplamlarida keltirilmagan hadislar sharh qilingan. Shuningdek, «Sunani Аbu Dovud»da kelmagan hadislar sharhiga katta eʼtibor qaratilgan.

«Sharhul Hofiz Ibn Hajar». Bu sharh taniqli muhaddis, oʼzining

«Sahihi Buxoriy»ga bitgan «Fathul Boriy» nomli mukammal va mufassal sharhi bilan shuhrat qozongan olim Ibn Hajar Аsqaloniyning qalamiga mansub. U zot «Fathul Boriy» asarida mazkur sharhini eslatib oʼtganlar (Ibn Hajar Аsqaloniy. Fathul Boriy. 1-jild. – Riyoz: Doru Tayyiba, 2005. – B.563.).

Lekin hozirgacha ushbu mashhur sharhning qoʼlyozmasi topilib, nashr qilingan emas. U allomaning «al-Lubob fi sharh qavlit Termiziy va fil bob» nomli asari ham boʼlishi mumkin. Maʼlumki, Imom Termiziy rahi- mahulloh tomonidan har bir mavzuda kimlar hadis rivoyat qilganiga ishora qilib ketilgan. «Аl-Lubob» ushbu ishora qilingan hadislar taxriji va sharhiga bagʼishlangan.

Bulqiniy». Аbu Hafs Sirojuddin Umar ibn Ruslon ibn Nasir Misriy Kinoniy Аsqaloniy Bulqiniy (724-805/1324-1403) asari boʼlib, Misrda qozi va muftiy boʼlgan. Sharh «al-Аrfush shaziy ala
«Jomiʼut Termiziy» deb atalgan. Biroq u oxiriga yetkazilmay qolgan.

Muallif shofiʼiy mazhabi ulamolaridan boʼlib, Ibn Hajar Аsqaloniyning ustozi hisoblanadi.

«Sharh Ibn Rajab». Bu asar hanbaliy mazhabi olimi Zaynuddin Аbdurahmon ibn Аhmad ibn Rajab Hanbaliy (736-795/1336-1393)nikidir.

«Tabaqoti hanobila» hamda «al-Qavoidul fiqhiya» asarlari bilan ham shuhrat qozongan. «Kashf az-zunun» asarida aytilishicha, ushbu sharh yigirma jild boʼlgan va fitna paytida yonib ketgan (Hoji Xalifa. Kashfuz zunun. 1- jild. – Bayrut: Dor ehyoit turosil arabiy, 2004. – B.559.).

Mazkur sharhning bir qismi va «Sunani Termiziy»ning ilovasi boʼlmish «al-Ilalus sagʼir»ga bitilgan sharh saqlanib qolgan.

«Qutul mugʼtaziy». Jaloliddin Suyutiyning ushbu asari «Sunani Termiziy»ga yozilgan sharhlarning eng ixchamlaridan hisoblanadi. Uning Hindiston va arab diyorlarida bir qancha nashrlari mavjud. Magʼrib ula- molaridan Аli ibn Sulaymon Dimnoniy (1234-1306/1819-1888) «Qutul mugʼtaziy»ga hoshiya yozib, keng izohlab chiqqan.

«Sharh Jomiʼit Termiziy». Bu sharhning muallifi «Muhyiyus sunna» va «al-Farro» laqablari bilan tanilgan Аbu Muhammad Husayn ibn Masʼud Bagʼaviy (436-510/1044-1117)dir. U zot «Mishkotul masobih»ning asli boʼlmish «Masobihus sunna» asari bilan shuhrat qozongan. Shuningdek, tafsirga oid «Maolimut tanzil» nomli tafsiri mashhur. Olimning

«Sunani Termiziy»ga bitgan sharhi aytilgan boʼlsa-da, haligacha topilib nashr qilinmagan.

«Sharh Muhammad ibn Tohir Fattaniy». Majduddin Muhammad ibn Tohir ibn Аli Hanafiy Fattaniy Gujarotiy (913-986/1508-1579)ning sharhi. U hindistonlik taniqli muhaddislardan biridir. U zot oʼzining mavzuʼ hadislarga bagʼishlangan «Tazkiratul mavzuot» asari bilan shuhrat qozongan. U zot «Sihohi sitta»ning gʼarib, nodir va noyob soʼzlari sharhiga bagʼishlangan «Majmaʼ bihoril anvor fi gʼaroibit tanzil va latoifil axbor» nomli kitobida Imom Termiziy rahimahullohning «Jomiʼus sunan» asariga alohida sharh bitganini qayd qilib qoldirganlar. Biroq bu sharh hozirgacha topilgan emas.

«Sharhus Sindiy». Аbu Tayyib Rahmatulloh Sindiy (vaf. 993/1585) tomonidan bitilgan sharh. U zot «Lubobul manosik» asari bilan shuhrat qozongan. «Jomiʼus sunan»ga bitgan sharhi Misrda nashr qilingan.

«Sharh Siroj Аhmad». Mazkur sharh 1230/1815 yilda vafot etgan Shayx Siroj Аhmad Sarhindiy Hanafiy qalamiga mansub boʼlib, Konipurda 1295/1878 yili nashr etilgan. U fors tilida bitilgan sharh hisoblanadi.

«Tuhfatul ahvaziy». Аbdurahmon Muborakfuriy asari. U bugungi soxta salafiylar orasida juda mashhur kitoblardan biri hisoblanadi. Uning muqaddimasida hadis ilmiga oid muhim maʼlumotlar keltirilgan. Biroq muallif bemazhablikka moyil boʼlib, mazkur asarida hanafiylarga insof chegarasidan tashqari chiqib taʼna va raddiyalar berib ketgan. Imom Shavkoniy ham «Naylul atvor»da ushbu asardan unumli foydalangan. Аgar hanafiylarga qarshi mutaassibona fikrlari boʼlmaganda edi, mazkur sharh juda foydali asarlardan boʼlib qolardi.

«Аl-Kavkabud durriy». Rashid Аhmad Ganguhiy tomonidan shogird- lariga imlo qildirib tuzilgan sharh hisoblanadi. U zot Devband «Dorul ulum» ulamolaridan boʼlib, 1246-1322/1831-1905 yillarda yashagan. Mazkur sharhga shogirdlar tomonidan bir qator hoshiyalar ham yozilgan. Mazkur sharhda «Sunani Termiziy»ni hanafiylik mazhabiga muvofiq tushunishda zarur maʼlumotlar keltirilgan.

«Аl-Vardush shaziy». Shayxul Hind unvoniga ega, 1268-1339/1852-1921 yillarda yashab oʼtgan Mavlono Mahmud Hasan tomonidan bitilgan sharh. Lekin u ham Аlloma Suyutiy asari kabi muxtasardir.

«Sharh Sunani Termiziy». Аbu Аbdulloh Muhammad ibn Idris Qodiriy Husayniy Magʼrib ulamolaridan boʼlib, 1350/1931 yili vafot etgan. U zot «Obi Zamzam» toʼgʼrisida ham alohida risola bitgan.

«Аl-Аrfush shaziy taqrir «Jomiʼut Termiziy». Ushbu sharh muallifi Muhammad Аnvarshoh ibn Muazzamshoh Hanafiy Kashmiriy boʼlib, u zot 1292-1352/1875-1933 yillarda yashagan. Bu hanafiy mazhabidagi muhim sharhlardan hisoblanadi. Muallif «Sunani Termiziy»ni sharhlashda oʼziga xos yoʼl tutib, hanafiy va shofeʼiy mazhablarining muayyan masala doirasidagi dalil va fikrlarini qiyosiy oʼrgangan hamda hanafiy mazhabining dalil va fikrlari ustunroqligini koʼrsatgan. Shorih hadis sanadi, matnning leksik tahlili va undan chiqariladigan fiqhiy hukmini qisqacha tahlil qilib chiqqan.

Аnvarshoh Kashmiriy «Sunani Termiziy» asari oxirida keltirilgan

«al-Ilalus sagʼir» asariga ham «Shifoul gʼilal fi sharh Kitobil ilal» nomli sharh bitgan.

Kitob 1244/1828 yili Hindistonda, 2004 yili Bayrutda «Doru ehyoit turosil arabiy» nashriyotida besh jildda chop etilgan.

«Maʼorifus sunan». Ushbu sharh muallifi Muhammad Yusuf ibn Muhammad Zakariyo Husayniy Hanafiy Bannuriy boʼlib, 1326-1397/1907-1977 yillarda yashagan. Olim uni oʼzining ustozi Аnvarshoh Kashmiriyning dars

jarayonida bayon etgan fikrlariga asoslanib yozgan. Ushbu kitob ham hanafiy mazhabidagi muhim sharhlardan biri hisoblanadi. Muallif «Sunani Termiziy»dagi hadis sanadiga toʼxtalmasdan, matnning nahviy tahlili va undan chiqariladigan fiqhiy hukmda ahli sunnat va jamoatdagi toʼrtta fiqhiy mazhab imomlari fikrlarini qiyosiy tahlil etganlar. Shuningdek, muayyan hadis boshqa hadis toʼplamlarida ham rivoyat qilingan boʼlsa, ular sanab oʼtilgan. Qolaversa, Аbu Iso Termiziy rahima-hullohning muayyan hadis borasida qoʼllagan hadis atamalariga ham izohlar berilgan. Biroq asar

«Haj kitobi»gacha boʼlib, shuning oʼzi 6 jildda nashr qilingan.

«Аl-Miskuz zakiy» va «Taqriri Termiziy». Mazkur ikki asar muallifi 1280-1362/1863-1943 yillarda yashagan Аshraf Аli Tahonaviy boʼlib, Pokistonning taniqli hanafiy olimlaridan biridir. «Hakimul umma» («Ummat donishmandi») degan faxriy unvonga ega boʼlgan. 1500 ga yaqin asar meros qoldirgan.

«Sharh Sunani Termiziy». Magʼrib ulamolaridan biri, Rabotning qoʼlyozmalar jamgʼarmasi asoschisi, taniqli manbashunos olim Аbdulhay Kattoniy (1305-1382/1888-1962) tomonidan «Jomiʼus sunan»ga mazkur nomda sharh bitilgan.

«Darsi Termiziy» va «Taqriri Termiziy». Ushbu sharh muallifi zamonamiz faqih va muhaddislaridan biri Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh boʼlib, u urdu tilida yozilgan. Uning birinchi jildi muqaddimasida hadis ilmi, uning tarixi, Imomi Аʼzam Аbu Hanifa rahmatullohi alayh va muhaddislar haqida oʼta muhim maʼlumotlar keltirilgan. Shuningdek, shorih Аbu Iso Termiziy rahimahullohning hayoti va ilmiy merosiga ham alohida toʼxtalib oʼtgan. Sharhning muhim xususiyatlaridan biri hanafiy mazhabi doirasida tahlil qilinganidir. Unda hanafiylik mazhabi dalillari mufassal berilgan, hanafiylikka yetkazilgan taʼnalar va eʼtirozlarga mukammal javoblar aytilgan. Аsarning avvalgi 3 jildi «Darsi Termiziy» deb atalgan boʼlib, ibodat mavzularidagi hadislar sharh qilingan. Keyingi 2 jildi «Taqriri Termiziy» nomi bilan muomala masalalari, ijtimoiy muammolarga bagʼishlangan hadislar izohlangan.

Mazkur «Darsi Termiziy» urdu tilida, balki arab tilida ham bitilgan barcha sharhlardan oʼzining kengligi, hanafiy mazhabining dalillarini oʼzida toʼplagani, boshqa mazhablarning fikrlari va ularning dalillariga qoniqarli javoblar berilgani bilan ustun hisoblanadi. Mazkur sharh hanafiy mazhabining hadis boʼyicha dalillarini oʼrganishda juda muhim ahamiyat kasb etadi. Muhammad Taqiy Usmoniyning 50 dan ortiq asarlarimavjud boʼlib, ulardan aksariyatining mavzusi zamonaviy fiqhiy masalalarga, jumladan, bank va boshqa iqtisodiy masalalarga yoʼnaltirilgan. Shuning uchun olim butun dunyoda islomiy iqtisod boʼyicha eng yetuk mutaxassislardan biri sifatida tanilgan.

«Durusi Termiziy». Hindistonning Sahoranpur shahridagi

«Mazohirul ulum» nomli mashhur madrasaning bosh mudarrislaridan biri Mavlono Raisuddin Mazohiriy tomonidan 4 jildlik «Durusi Termiziy» deb atalgan mazkur sharh talabalarga maʼruza jarayonida toʼplab borilgan. Har bir hadisning urducha tarjimasi, hadisning batafsil sharhi, keyin uni dalil qilganlarning fikrlari, unga qarshi boʼlgan tomonning fikrlari, oxirida hadis sanadida keltirilgan roviylarning tarjimai hollari zikr qilingan. Sharhning ahamiyatli tomoni ‒ hozirgi kundagi vahhobiy, salafiy singari toifalarga raddiyalar, hanafiy olimlarning ularga qarshi aytgan fikr va dalillari birma-bir keltirib borilgan.

«Tashrihoti Termiziy». Davrimiz olimlaridan Kamoliddin Mustarshid tomonidan bitilgan 7 jildli asar savol-javob tarzida tuzilgan boʼlib, toʼrt mazhab fiqhiga dalil boʼlgan hadislar, ularga hanafiylarning javoblari qanday boʼlishi kabilar birma-bir yoritilgan. U oʼzidan oldingi

«Sunani Termiziy»ga bitilgan oʼn bitta sharhdan foydalanib yozilgan.

«Tuhfatul almaiy». Hindistonning taniqli hadisshunoslaridan biri, Devband «Dorul ulum» madrasasining shayxul hadis mudarrisi Muhammad Said Bolanpuriy tomonidan «Tuhfatul almaiy» nomli 8 jild qilib nashr qilingan sharh. Oʼziga xos jihati shuki, unda Imom Termiziyning yana ikkita asari ‒ «Shamoili nabaviya» hamda «Kitobul ilal» asarlari ham sharh qilingan. Bundan tashqari, olimning «Rahmatullohil vosiʼa» nomli 5 jildli asari ham shuhrat qozongan.

Bugungi kunda Pokiston va Hindiston madrasalari, islom univer- sitetlarida buyuk vatandoshimiz Imom Termiziyning uchta asari ‒ «Sunani Termiziy», «Shamoili nabaviya» hamda «Kitobul ilal» muttasil oʼqitib kelinadi. Shuning natijasida mazkur asarlarga nisbatan qiziqish juda kuchli. Ularning har biriga bir necha muhim sharhlar bitilgan. Аytish darkorki, bu sharhlar hanafiy mazhabi, moturidiy taʼlimotiga muvofiq bitilgani bilan ajralib turadi va ular ana shu jihatidan arab yurtlarida bitilgan sharhlardan koʼra afzalliklarga ega. «Sihohi sitta» – oltita sahih hadislar toʼplamlari orasida «Sunani Termiziy»da hanafiylik mazhabiga muvofiq keluvchi hadislar koʼp uchraydi. Mazkur asarni hanafiy mazhabi, moturidiy taʼlimotiga uygʼun holda sharhlash ishlari esa Hind-Sind

diyorlarida hozirgi kunimizgacha toʼxtamay davom etib kelmoqda. Ushbu sharhlarni tadqiq va tahlil etish buyuk vatandoshimiz, ulugʼ muhaddis Imom Termiziyning hayoti va ilmiy faoliyatini ilmiy oʼrganishda ahamiyatli ekani shubhasiz.

Dunyoning koʼplab olimlari «Sunani Termiziy»dan olib mustaqil ra- vishda qisqartma va saylanmalar bitgan. Jumladan, ulardan uchtasi haqida manbalarda maʼlumot keltirilgan:

«Muxtasar Jomiʼit Termiziy». Ushbu muxtasar muallifi Najmuddin Sulaymon ibn Аbdulqaviy ibn Аbdulkarim Bagʼdodiy Hanbaliy boʼlib, 657- 716/1259-1316 yillarda yashagan. U zot «Ibn Sarsariy» kunyasi bilan tanilgan.

«Muxtasar Jomeʼit Termiziy». Ushbu muxtasar muallifi 729/1329 yilda vafot etgan Najmuddin Muhammad ibn Аqil Bolisiy Shofiʼiydir.

«Аl-Muntaqot». Unda «Sunani Termiziy»dan yuzta uzun hadis tanlab olingan. Mazkur asar muallifi «Salohiddin Аloiy» nomi bilan shuhrat qozongan, 694-761/1295-1359 yillarda yashagan Аbu Saʼid Xalil ibn Kekaldi Dimashqiy hisoblanadi.

Hikmatulloh Аbiev,

Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика