
Buyuk vatandoshimiz So‘fi Olloyor o‘zining “Murodul orifin” (“Oriflar murodi”) asarida shariatning asliyati, maqsadi, mohiyati borasida ko‘plab naqliy va aqliy dalillarni keltiradi. Jumladan, shariat bilan tariqat o‘rtasidagi munosabatni chiroyli uslub bilan tushuntiradi. Shariatsiz tariqat bo‘lmasligi va tariqatning asli ham shariatning yo‘li ekanligini ko‘p bora ta’kidlaydi. Ayniqsa, soxta tariqatchilar va o‘zini tariqat murshidi sifatidi ko‘ruvchilarni tarbiyalashda ushbu asarni o‘rganish muhim omil hisoblanadi. Mutafakkir, “Murodul orifin” asarining oltinchi fasli در بیان سلوک در راه طریقت[1] (“Tariqat yo‘lida sayr etish bayoni”) qismida aytadiki, “Solik tariqatga kirishdan oldin, komil ustozni topishi shart”. Negaki, ustozi ilmsiz kishining shogirdi ham johil bo‘lib chiqishi tabiiy hol. “Tolib kishi tanlagan shayxining e’tiqodi, amallari va ilmi ahli sunna val-jamoa yo‘liga muvofiq kelishiga alohida e’tibor bersin. Agar shayxi ahli sunna val-jamoaga muvofiq hayot kechirayotgan bo‘lsa, unga shogirdlikka tushsin. Ammo, bordi-yu buning aksi bo‘lsa, Kitob, sunnat va din peshvolari ko‘rsatmasiga amal qilib, bu kabi kishiga yaqinlashmasin. Yo‘l ko‘rsatuvchi kishi o‘zi yo‘lni bilmasa, unga qanday qilib ergashiladi? Agar kimdir osmonga uchsa, olovni yutsa, suv ustida yursa, ammo voqelikda shariatdan g‘ofil bo‘lsa, bu kabi kishi noqobildir. Karomatning asliyati shariatga istiqomatdir. Bu kabi noodatiy hollar solih bandalardan ham, fosiqlardan ham, kofirlardan ham zohir bo‘lishi mumkin. Bu holni istidroj deyiladi. Ilmsiz va fitnaga sabab bo‘luvchi shayxlarga ishonishdan ko‘ra Alloh va uning Rasuli qavliga e’tiqod qilib yashamoq zarur”[2].
So‘fi Olloyor mazkur tanbehlari orqali xalqni ma’naviy botqoqlikdan nurafshon hayotga chorlamoqda. Albatta, ilmni o‘rganish kerak, biroq qanday ustozdan o‘rganish undan-da muhim sanaladi. Ustozning ruhiy qarashlari va botiniy olamining hissiyotlari shogirdga vaqt o‘tishi bilan ta’sir etadi. Agar ustozning e’tiqodi buzuq va maqsadi nopok bo‘lsa, shogirdga bu hol o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymaydi. Borib-borib uning sog‘lom e’tiqodini buzib, o‘ziga tobe qilib qo‘yadiki, bu kabi qalb egalarini muolaja qilish uchun yillar kerak bo‘ladi.
Bugun diniy ilmlarni o‘rganaman va tariqatchilarga ergashaman deyuvchilar ichimizda ko‘p uchrab turadi. Albatta, diniy ilmlarni o‘rganish muhim, biroq kimdan o‘rganishga alohida e’tibor berish kerak. So‘fi Olloyor aytganidek, e’tiqodi ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga muvofiq bo‘lmagan, shariat hukmlarining asliyatini bilmagan kishiga ergashish, zalolatga olib boradi.
Ma’lumki, shariat islomning mo‘tadilligini ta’minlovchi vositadir. Shariat ilmlarini puxta bilmagan tariqatchilar zalolat ko‘chasiga yaqin yuruvchilardir. Bugun shunday kishilarni oramizda uchratib turamizki, shariatni ayri yo‘l va tariqatni ayri yo‘l deb aytishadi. Bu qarash xatodan boshqa narsa emas. Bu borada So‘fi Olloyor aytadi: “Shariat zohiriy va qalbiy amallardan tarkib topgan. Zino, o‘g‘rilik, sharob ichish, yolg‘on gapirish, g‘iybat kabi amallar shariatning zohiriy ma’siyatlariga kiradi. Kibr, xudbinlik, o‘z amallariga bino qo‘yishlik, hasad, riyo, haddan oshishlik va shu kabi amallar esa shariatning botiniy ma’siyatlaridir. Ammo, bid’atchilar shariatning zohiriy va botiniy amallarini ayri yo‘l deb talqin etishgan. Bularning ba’zilari jismiy amallarni “shariat” deb nom bergan va qalbiy amallarni “tariqat” deb bilishgan. G‘ofil qalblar nafasiga shariatning hidi hali yetib bormagan. Ya’ni, bir toifalari shariatning bir qismini tariqat va bir qismini shariatga yo‘ydilar. Ular shoshqaloqlik bilan o‘zlaricha shariatni buzdilar, oqibatda xoru-zor bo‘lib, zalolat va bid’atni o‘zlariga halol sanadilar. Shu o‘rinda shariatni noqis, haqir va hosilsiz deb aytdilar. Zohiriy amallarni shariat deb bildilar va botiniy amallarni esa tariqat deb jar soldilar. Allohdan bu kabi fikrlashdan panoh so‘raymiz! Shariatda qalbiy amallar yo‘q deyish mutlaqo mumkin emas, bu botil qarashning ayni o‘zidir. Yoki zohiriy amallar tariqatga bog‘liq emas deyish zindiqlarning yo‘lidir, tariqatda bu kabi qarashlarga yo‘l yo‘q. Shariatda ilk qadam iymon rukni ekanligiga shak qilinmaydi. Iymon ruknining asliyati esa iymonni qalb bilan tasdiqlashdir. Shunday ekan, qalbning tasdig‘i qalbiy amal sirasiga kiradi. Til bilan iqror etishni ba’zilar shart va ba’zilar fazilat deb qarashgan. Xuddi shuningdek, barcha e’tiqodiy amallar iymonga bog‘liq bo‘lib, qalbiy amallarga mansubdir. Shu bilan birga shariatning maqtalgan buyruqlari va mazammatlangan xulqlari qalbga bog‘liq amallar hisoblanadi. Jismiy amallar ham niyatsiz mo‘tabar bo‘lmasligi aniq. Shariatda qalb bilan niyat qilish qalb amalidir. Misol uchun namoz zohiriy amallardan bo‘lsa ham, ammo niyatsiz namoz durust bo‘lmaydi. Abu Xusrav o‘z “Jomi’” asrida aytadiki: “Mujohada va mushohada sirning (botin) pokligiga bog‘liq bo‘lib, shariatga mansub holdir”. Tariqat ahli suyangan har bir narsa, agar shariatda qabul qilingan bo‘lsa, tariqat deyiladi. Bordi-yu shariatga maqbul bo‘lmasa, tariqat emas shaqovatdir (baxtsizlik yo‘lidir). Tariqatdan murod shariatning tariqati – ya’ni amal qilish yo‘lidir. Zeroki, Alloh va uning Rasuli sollallohu alayhi va sallam amr etgan amallar “shariat” deyiladi. Kim bu yo‘lni aytilganidek kezsa, “tariqat ahli”dan deyiladi.
Ushbu fikrlardan kelib chiqib aytish mumkinki, tariqat bu shariatga mo‘tadil istiqomat qilish va turli fitnalardan uzoq yurish hamda xulqni ilm orqali ziynat berishdir. Ilmiz hech bir insonga shariatda nasiba yo‘q, shariatsiz ham tariqat bo‘lmasligi aniq. Tariqat sof va mo‘tadil shariat asosida barpo bo‘lmas ekan, soxta murshidlar va muridlar islom dinini noto‘g‘ri talqin qilib, havoyi nafslariga ergashishdan boshqa narsani odamlarga o‘rgatmaydi.
So‘fi Olloyor ushbu faslning xotima qismida quyidagi baytlarni keltirgan:
طلب یک عارف سنّت شعاری
مداری خویش با بدعت مداری
ز بدعت راه مقصد کی کشاید
بود کسب تو این کس بی تو باید
کسی را بوده باشد علّت جهل
دوای معرفت را کی بود اهل
به دانستن ز حق ما را خطاب است
کتاب است از دلایل در که تاب است
عمل جون پای باشد علم چو دیده
نباشد راه به این دو گزیده
دریغا گشته در این دور ابتر
ز بی پایان به پایانِ سفر بر
زکوران که ز کوران سرایند
در این دوران فاسد مقتدایند
ز مرشد صورتان زشت کردار
پری همچون پری ای طالب کار
از آن صحبت که پاکش نیست پا کش
برا خودرا به مردان خدا کش
نگر جهّال را با این همه عیب
ز خود فخریده میگوبند از غیب[3]
Mazmuni: Sunnatni o‘z shiori qilib mahkam tutgan orif zotni izlang. Bid’atga o‘zingni yaqinlashtirma va bid’at ahli bilan murosa qilma. Bid’at bilan ko‘zlangan maqsadga erishib bo‘ladimi o‘zi? Bid’atni yolg‘izlatish seni kasbing bo‘lsin. Jaholat illatiga yo‘liqqan kishiga ma’rifat davosi uning mizojiga to‘g‘ri kelarmidi? Ilm o‘rganishga Haqdan bizga xitob bor, bu dalillar borasida kitob bor, kim o‘zini olib qochishga o‘rinyapti? Amal insonning ikki oyog‘i kabi bo‘lsa, ilm uning ikki ko‘zidir. Bularsiz yo‘lni davom etib bo‘lmaydi. Afsuski, bu zamonada foydasiz narsalarga vaqt sarflash ko‘p tarqaldi, oyoqsizlar yo‘lga rahbar bo‘ldi. Bu zamonning erkaklari esa ma’naviy qashshoqdir, ular fisqu fasod urchib turgan davronda peshvolik qilmoqda. Ey amal tolibi, murshidsurat bo‘lgan xulqi buzuqlardan o‘zingni parisifatdek olib qoch. Chunki ularning suhbatida poklik yo‘q, oyog‘ingni bu yerdan tort. Bu yerdan chiqib Allohning do‘stlari oldiga yo‘l ol.
Bu baytlar So‘fi Olloyorning zamonidan yangragan qalbiy kechinmalarning hayotda sodir bo‘lgan voqealarning aksidir. O‘sha davrda ham turli fitnalar xalq ichida tarqalib, soxta murshidlar va soxta tasavvufchilar salafi solihning yo‘lini noto‘g‘ri talqin etib, avom odamlarni adashtirib kelganlar. So‘fi Olloyor mana shu kabi ma’naviy illatlarning ildiziga bolta urish uchun yagona qurol sifatida qalamni oladi. Tasavvuf islomning asli ekanligini goh she’riy uslubda, goh nasriy bayonda, xalqqa tushuntirishga harakat qiladi. Savodsiz kishilar shariat va tariqat nomidan gapirganini qoralaydi. Ilmsiz va amalsiz o‘zini shayx deb biluvchilarni oyoqsiz va ko‘zi ko‘r odamlar qatorida ko‘radi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, tariqat shariatning amal qilish yo‘lidir. Yo‘lni bilmagan insondan manzilga qanday borish yo‘li so‘ralmaydi. Chunki, o‘zi yo‘lni ko‘rmagan va bu yo‘lda safar qilmagan bo‘lsa, yo‘l nihoyasini qaerdan ham bilsin! Shariat ham yo‘l kabi bo‘lsa, tariqat shu yo‘lda qanday manzilga salomat borishni o‘rgatadi. Shuning uchun har bir tolibi ilm ma’naviy ustoz tanlashda shoshqaloqlik qilmasdan, dastlab uning tutgan yo‘li to‘g‘riligiga qarasin. Umuman olganda, inson zotiga najot faqat ilm-ma’rifatni o‘rganish va sog‘lom etiqodni qalbda mustahkamlash bilan nasib etadi.
Jamahmatov Karomiddin – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
[1] Сўфи Аллоҳёр ибни Темур. Муродул орифин/муқаддима ва тасҳиҳу таълиқ Аббосали Вафоий. – Теҳрон: Интишороти сухан, 1387. – С. 119.
[2] Сўфи Аллоҳёр ибни Темур. Муродул орифин/муқаддима ва тасҳиҳу таълиқ Аббосали Вафоий. – Теҳрон: Интишороти сухан, 1387. – С 120.
[3] Сўфи Аллоҳёр ибни Темур. Муродул орифин/муқаддима ва тасҳиҳу таълиқ Аббосали Вафоий. – Теҳрон: Интишороти сухан, 1387. – С. 143.