IMOM TERMIZIYNING HADIS ILMIDA TUTGAN O‘RNI

by Matbuot xizmati
64 👁️

Annotatsiya. Ushbu maqolada hadis ilmining buyuk namoyandasi Imom Termiziy hayoti, uning ilmiy faoliyati tasvirlangan. Yozgan asarlari, ularning mohiyati, hadis ilmi, haqida ma’lumotlar keltirib o‘tilgan.

Kalit so‘zlar: hadis, ilmiy-ijodiy ish, muhaddis, ilmiy munozara, bahs sahih hadis, tasavvuf ilmlari, hadis sharhi, hadis hikmati.

Abstract. This article describes the life of Imam Termizi, a great representative of hadith sciyence, and his sciyentific activity. Information about his written works, their essence, the sciyence of hadith is given.

Keywords: hadith, sciyentific and creative work, muhaddith, sciyentific discussion, debate on authentic hadith, mysticism, hadith reviyew, hadith wisdom.

Termiziy Abu Iso, Imom Termiziy (to‘liq nomi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok Sulamiy Bug‘iy Termiziy) (824, Termiz – 892, Bug‘ qishlog‘i, hozirgi Sherobod tumani) – buyuk muhaddis. Sulamiy deb nisbat berilishiga sabab bobolaridan biri sulam degan arab  qabilasiga do‘st tutingan, Bug‘iy deyilishiga sabab o‘sha vaqtdagi But nomli qishloqda vafot etib, shu yerga dafn qilingan. Umrining oxirida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgani uchun «az-Zarir» taxallusi bilan ham atalgan. Termiziyning yoshlik yillari Termiz shahrida o‘tgan, dastlabki ma’lumotni ham shu yerda olgan. Bolaligidan o‘ta ziyrakligi, xotirasining kuchliligi, noyob qobiliyati bilan o‘z tengqurlaridan ajralib turgan. Diniy va dunyoviy fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini alohida qiziqish bilan o‘rgangan, bu boradagi bilimlarini yanada oshirish uchun ko‘pgina Sharq mamlakatlariga borgan. Uzoq yillar Iroq, Isfahon, Xuroson, Makka va Madinada yashagan. Uzoq davom etgan safarlari chog‘ida qiroat ilmi, bayon, fiqh, tarix, ayniqsa, o‘zi yoshlikdan qiziqqan hadis ilmi bo‘yicha o‘sha davrning yirik olimlaridan ta’lim oladi. Mashhur muhaddislardan Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Qutayba ibn Sayd, Is’hoq ibn Muso, Mahmud ibn G‘aylon va boshqa uning ustozlari edi. Termiziy Imom Buxoriy bilan uchrashganida (bu uchrashuv Nishopurda bo‘lgan va ikki alloma 5 yil birgalikda yashashgan) hadisning matninigina emas, uning hikmati va falsafasini tushunib  yetganini e’tirof etadi. O‘z navbatida Imom Buxoriy o‘z shogirdini maqtab, kamtarinlik bilan: «Sen mendan bahra topganingdan ko‘ra men sendan ko‘proq bahra topdim», degan. Bu Termiziyga berilgan juda katta baho edi.

Termiziy yo‘lda, safarda bo‘lganda ham, yoki bir joyda muqim turganda ham ustozlaridan, uchratgan roviylardan eshitgan hadislarni yozib olar, ularni tartibli ravishda alohida alohida qayd qilib borardi. 868-yil xorij safaridan o‘z yurtiga qaytgan Termiziy ilmiy-ijodiy ish, shogirdlar tayyorlash bilan mashg‘ul bo‘ldi va yirik muhaddis olim, imom sifatida shuhrat qozondi. Taqvodorlik, islom dini va o‘z obro‘siga gard yuqtirmaslikka intilish, dunyo mol-matosi va boylikka beparvo qarash, oxiratning g‘amini yeyish Termiziyning hayoti tarzi edi. Termiziyning shogirdlari uning ishlarini davom ettirdi. Ular ichida Makhul ibn Fazl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, Hammod ibn Shokir, Abd ibn Muhammad Nasafiy, Haysam ibn Kulayb Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf Nasafiy va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.

Hakim Termiziy martabasini anglash uchun uning asarlari haqida ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Alloma asarlarining aniq soni bugunga qadar biror manbada keltirilmagan. Chunki tarixiy manbalarda bu borada turli fikrlar mavjud. Bu ko‘rsatkichlar uning 30 tadan 400 tagacha kitob va risola ta’lif etganiga ishora qiladi. Jumladan, doktor Ali Muhammad Bijoviy undan o‘ttizga yaqin risola va kitob qolganini aytgan [1: 12]. Misrlik professor Muhammad Juyushiy (vaf. 2006) Hakim Termiziydan 60 dan ziyod kitob va katta-kichik hajmdagi 200 dan ortiq risola qolganini aytgan. Shuningdek, u allomaning 68 ta asari nomini sanab, ba’zilari yo‘qolgani, ayrimlari Hakim Termiziyga tegishli emasligini ta’kidlagan. So‘ng uning qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan qo‘lyozma kitoblaridan 50 tasiga ilmiy tavsif yozgan. Shuningdek, u Hakim Termiziy ilmiy merosini mazmuniga ko‘ra, tafsir, hadis, aqida va kalom ilmi, fiqh, tilshunoslik, shariat ahkomlari falsafasi yoki shariat maqsadlari, tasavvuf tarixi, tasavvufiy qarashlar kabi fanlarga tasniflash mumkin ekanini aytgan (2: 53-159). Bu esa, Hakim Termiziyning qomusiy alloma ekanini ko‘rsatadi. Ta’kidlash kerakki, bu asarlar to‘liq hadis to‘plami bo‘lmasada, Hakim Termiziy ularning barcha mavzularida hadis keltirgan. Ular orasida «Navodir al- usul fi ma’rifati ahodis ar-Rasul», «al-Manhiyyot», «ar-Raddu alal- muattila» kabi asarlarini to‘liq hadis kitoblari deb baholash mumkin. Shuningdek, «al-Amsol min al-Kitob vas-sunna» asari ham tafsir va hadis ilmiga oid mumtoz manba hisoblanadi. «Al-Manhiyyot» to‘plamida shariatda ta’qiqlangan amallarga oid hadislar jamlangan.

Hakim Termiziyning muhaddislar orasida tutgan o‘rni va «Navodir al- usul» kitobi mazmuni, uni hadis manbalari orasidagi darajasiga to‘xtalgan Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh quyidagicha yozadi:

«Hakim Termiziy rahmatullohi alayhi o‘z davrida hadis ilmini yaxshi o‘zlashtirgan olimlardan bo‘lganini u kishining hayoti va ilmiy faoliyatini o‘rgangan barcha olimlar alohida ta’kidlaydi. U kishi Xuroson mashoyixlarining eng ulug‘laridandir. Hadislarini otasi, Qutayba ibn Sa’iyd, Solih ibn Abdulloh Termiziy, Ya’qub Davraqiy, Ali ibn Hajar Sa’jiy, Solih ibn Muhammad Termiziy, Utba ibn Abdulloh Marvaziy, Yahyo ibn Muso, Ibod ibn Ya’qub Ravojaniy, Iso ibn Ahmad Asqaloniy Balxiy, Sufyon ibn Vakiy’ va boshqalardan rivoyat qilgan. … Hakim Termiziy rahmatullohi alayhning bu ulug‘ asarini hadislarning sharhi bo‘yicha eng qadimgi asarlardan desak, mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. …Hakim Termiziy rahmatullohi alayhning bu kitobi qadimda ham mashhur bo‘lgan. Katta ulamolar ham bu kitobdan o‘z asarlarida iqtiboslar keltirganlar [3: 29-53]. Bu satrlar muallifi Hakim Termiziyga hadis ilmi bo‘yicha bildirilgan e’tirozlarni keskin rad qilib, allomaning zamondosh va keyingi asrlardagi olimlar nazarida yuksak qadr-qiymatga ega bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Mahalliy olimlarimizdan I.Usmonovning «Navodir al-usul» asari haqidagi fikri ham Hakim Termiziy hadis va tasavvuf ilmlari bilimdoni bo‘lgani va asarlarida bu uyg‘unlikni tatbiq etganini ko‘rsatadi: «… Hakim Termiziy ushbu asarida faqat hadislarni jamlash bilan cheklanmay, har bir hadisni mufassal sharhlab, uning botiniy va zohiriy ma’nolarini, hikmatini ko‘rsatib, hadisning mazmun-mohiyatini har tomonlama tahlil qiladi hamda hadisning asl mag‘ziga yetib borishga, uni to‘liq idrok etishga harakat qiladi. Uning har bir sharhida tasavvufiy talqin sezilib turadi. Asarda hadislarni inson ma’naviy-ruhiy va maishiy hayotida qanday tatbiq qilish mumkinligi ko‘rsatib berilgan» [4: 6]. Termiziyning muhim asarlaridan yana biri «ash-Shamoil an-nabaviya» Muhammad (alayhi sallom)ning shaxsiy hayoti, u zotning suvrat va siyrati, ajoyib fazilatlari, odatlariga oid 408 hadisi sharifni o‘z ichiga qamragan manbadir. Bu kitob azaldan islomshunos olimlar, tadqiqotchilarning diqqatini o‘ziga tortib keladi. Arab tilida bitilgan ushbu asarga bir qancha sharhlar ham yozilgan. Uning tili ravon, uslubi g‘oyatda oddiy. Asar fors va turk tillariga tarjima qilingan. «Ash-Shamoil an-nabaviya»ning 1-qismida keltirilgan hadisi shariflar payg‘ambarning suvrat (tashqi qiyofasi) iga, 2-qismida keltirilgan hadisi shariflar esa ichki dunyosiyu, axloqiy fazilatlarini bayon qilishga bag‘ishlangan. Kitobning 16-asrga oid bir qo‘lyozmasi Toshkentda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanadi.

«Ash-Shamoil an-nabaviya» o‘zbek tiliga o‘girilib so‘nggi yillarda Toshkentda bir necha bor nashr etildi. 1990 yil Termiziy tavalludining 1200 yilligi yurtimizda keng nishonlandi.

Mustaqillik yillarida Termiziyning yodgorlik majmuasi 2016-2017 yillari qaytadan ta’mirlanib, qutlug‘ ziyoratgohga aylantirildi. Imom Termiziy yoshligidan o‘ta tirishqoq, idrokli, aql-zakovatli bo‘lganligi bois o‘z tengdoshlari ichida ajralib turgan. Ilmga o‘ta qiziqishi tufayli o‘sha davrning ko‘pgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallagan. Termiz, Samarqand, Marv va Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlarida istiqomat qilgan mashhur ulamo va muhaddislar asarlarini qunt bilan o‘rgangan. Qo‘shni Balx va Hayraton shaharlaridagi ilm ahllari bilan ilmiy aloqalar o‘rnatilishiga munosib hissa qo‘shgan yetuk olimlardan biridir. Yoshligidan ilmu-fanga tashna Imom Termiziy 850 yildan, ya’ni yigirma olti yoshidan boshlab uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlar va shaharlarga safarlar qiladi. Jumladan, u Hijozda — Makka va Madina, Iroq, Xurosonning qator shaharlarida ko‘plab muhaddis, faqih, va ulamolar bilan uchrashib, muloqotda bo‘lib, ulardan ta’lim oladi, qizg‘in ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi. Shu bilan bir qatorda Iso Termiziy payg‘ambar alayhissalom hadislarini to‘plashga alohida e’tibor bilan qaraydi. Bu borada u har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradi. U o‘zi o‘qigan yoki biror roviydan eshitgan hadisini alohida qog‘ozlarga qayd etib borar, ularning asli va isnodini izchillik bilan aniqlab to‘g‘riligiga to‘liq ishonch hosil qilsagina maxsus qog‘ozlarga qayd etardi. Hadislarning to‘g‘riligiga shubha bo‘lganda ularni alohida ajratib yozardi. Shu tariqa hadislar saxiyh (to‘g‘ri, ishonchli), hasan (yaxshi, ma’qul), zaif (bo‘sh, ishonchsiz), g‘ariyb (g‘alati) kabi turlarga ajratilgan.

Hadis ilmini egallashda va takomillashtirishda Imom Termiziy o‘z davrining mashhur muhaddislaridan tahsil oldi. O‘sha davrning yetuk muhaddisi sifatida ko‘pgina shogirdlarga ustozlik ham qilgan. Alloma zehnining o‘tkirligi hamda quvvai hofizasi kuchliligi xususida tarixiy manbalarda ko‘plab misol va rivoyatlar keltiriladi. Muhaddis boboka- lonimiz Imom Iso Termiziy zamonidagi olimlar uning hadis ilmidagi xizmatlarini yuqori baholagan. Ulardan biri Imom Termiziyni «Hadis ilmida iqtido qilinadigan yagona olim» deb yozsa, boshqa biri esa uni

«Birinchilardan bo‘lib hadislarni sahih, hasan, zaifga taqsim qilganiga guvohlik beradi». Ayniqsa, muhaddis olimning asarlaridagi ravonlik faqat ziyoli kishilar uchun emas, balki har bir inson tushunishi mumkin bo‘lishiga sabab ekanini alohida ta’kidlash joiz. Dunyo ulamolari buyuk ilm sohibi bo‘lgan hamda yuksak e’tirofga munosib ko‘rilgan bobokalonimizning ibratli hayot yo‘llari va boy ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish biz yoshlar uchun ham ilmiy, ham amaliy jihatdan muhim ahamiyatga ega.

Abu Iso Termiziy asarlari hozirda ham o‘z qimmatini yo‘qotgan emas. Uning «Al-Jomi’ as-saxiyh», «Ash-shamoil an-nabaviya» kabi asarlarida keltirilgan hadisi shariflar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib inson- larni halol, adolatli, iymon-e’tiqodli, diyonatli, pokiza, mehnatsevar, muruvvatli, rahm-shafqatli, ota-ona, ayollarga nisbatan hurmat-e’tiborli bo‘lishga chorlaydi. Bu ibratli pand-nasihatlar va o‘gitlar xalqimizni, jamiyatimiz ahlini, ayniqsa yosh avlodni tarbiyalashda beqiyos ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. At-Termiziyning asarlari faqat diniy ilmlar majmuasiga oid bo‘lib qolmasdan, balki dunyoviy ilmlarga oid ma’lumotlarga ham boydir. Masalan, uning bosh asari bo‘lgan «al-Jomi’ as- saxiyh»da tarix, mantiq huquqshunoslik, tabobat, ziroatga oid ko‘plab qimmatli ma’lumotlarni uchratamiz. Arab tilini rivojlantirishda at- Termiziyning xizmatlari kattaligini zamonaviy olimlar qayta-qayta ta’kidlaydilar. Xulosa qilib aytganda, buyuk bobokalonimizning shaxsiy hayoti va uning boy ma’naviy merosini chuqur va har tomonlama o‘rganish ham ilmiy, ham amaliy jihatdan katta ahamiyatga egadir.

Ulug‘oy Ibrohimova Doniyorjon qizi, Farg‘ona davlat universiteti talabasi

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

  1. Doktor Ali Muhammad Bijoviy tadqiqoti. Hakim Termiziyning

«Al-Amsol minal Kitob vas-sunna» asarining kirish qismi. — Qohira: Maktabatu Dar at-turos, 1975.

  • Dotor Muhammad Ibrohim Juyushiy. Al-Hakim at-Termiziy: dirosa li osorihi va afkorihi. — Qohira: Dar an-nahda al-arabiya,1980.
    • Ibrohim Usmonov . Hakim Termiziy asarlaridan saylanma. — Toshkent: Movarounnahr, 2017.
    • Shamsuddin Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Zahabiy . Tazkirat al- huffoz. — Bayrut: Dar al-kutub al-ilmiya, 1998.

 Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi. Ommaviy axborot vositalari vakillari va veb-sayt foydalanuvchilari diqqatiga! Siz termizi.uz veb-saytidagi maʼlumotlardan bemalol foydalanishingiz mumkin. Bundan mamnun boʻlamiz. Faqat yagona shartimiz shuki, xabar yoki maqolani oʻz veb-sahifangizda yoritishda “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rasmiy sayti xabar berishicha” deb, bunda “rasmiy sayti” degan soʻz ustiga saytimiz havolasini qoʻyib, termizi.uz sahifasiga yoʻnaltirilgan boʻlishi shart. Unutmang, maʼlumot olinganda muallif va manzil koʻrsatmaslik mualliflik huquqining buzilishi kabi javobgarlikka sabab boʻladi.

Flag Counter

©2017-2025 Imam Termizi ISRC- All Right Reserved. Designed and Developed by Shokhzamon

© 2017 by Imam Termizi ISRC is licensed under CC BY-SA 4.0
Яндекс.Метрика